Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Katta Langar Qur’oni — Islom olamining noyob qo‘lyozmasi

Katta Langar Qur’oni — Islom olamining noyob qo‘lyozmasi

O‘zbekiston musulmonlari idorasining kutubxonasida saqlanayotgan «Katta Langar Qur’oni» nomi bilan ataladigan Qur’oni karimning nusxasi dunyodagi eng qadimiy va nodir qo‘lyozma asarlaridan hisoblanadi. Bu  nusxaning Katta Langar Qur’oni deb nomlanishi uning Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi Langar ota masjidida saqlanganiga borib taqaladi. Sahifalar uzoq vaqt davomida «Katta Langar shayxlari» deb nom olgan Ishqiya tariqati vakillari tomonidan asrab kelingan.

Ushbu qo‘lyozma ustida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borgan olimlarning ta’kidlashlaricha, qo‘lyozmaning bitilishi VIII asrning oxirgi choragi — arab grammatikasi qoidalari shakllangan davrga to‘g‘ri keladi.

Hozirgi kunda ushbu qo‘lyozmaning 81 sahifasi Rossiya Fanlar akademiyasining Sankt-Peterburgdagi Sharq qo‘lyozmalari institutida saqlanadi. O‘zbekistonda mazkur qo‘lyozmaning jami 16 sahifasi mavjud bo‘lib, shundan bittasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari markazida, 13 tasi O‘zbekiston Musulmonlari idorasida, ikkitasi Buxoro viloyat kutubxonasida saqlanmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 24-mayda «Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzolaganlaridan keyin yurtimizda bu borada bir qancha ilmiy-amaliy anjumanlar bo‘lib o‘tdi.

Mazkur qo‘lyozma matni sayqallangan hayvon terisi — pergamentga bitilgan. Sahifalarning o‘rtacha hajmi 53x35 sm.ni tashkil etadi. Matnlar arabiy yozuv usullarining eng qadimiy turlaridan bo‘lgan ko‘fiy-hijoziy  xatida bitilgan. Qo‘lyozmaning charm muqovasi XIV asrga tegishli. XVII asr o‘rtalarida u qayta ta’mirlangan. Muqova hamda sahifalarni bir-biriga mustahkam biriktirish maqsadida arab tilidagi matnlar bitilgan qog‘ozlar yopishtirilgan.

Katta Langar Qur’oni yillar davomida ta’mirlanib, uni bezak va nuqtalar bilan to‘ldirib kelinganini ko‘rishimiz mumkin. Masalan, ba’zi sahifalarning yirtilgan burchaklariga yamoq solingan va yamalgan joyidagi oyatlar nasx xati turida yozilgan. Suralar orasiga naqsh chizilib, unga suraning nomi va oyatlarining soni nasx xatida bitilgan. Ba’zi sahifalardagi ba’zi kalimalarga harakatlar qo‘yilganini ham ko‘rishimiz mumkin.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasida saqlanayotgan Katta Langar Qur’oni restavratsiya qilindi, ya’ni ko‘p asrlik chang, g‘ubor, zambrug‘u zararli bakteriyalardan tozalandi.

Mushaf sahifalari ta’miri Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi shafeligida Fransiyaning Luvr muzeyi restavratorlari va mahalliy mutaxassislar ishtirokida uch bosqichda, ya’ni 2019, 2020 va 2021-yillarda amalga oshirildi.

Islom olamining noyob qo‘lyozmalaridan biri bo‘lgan Katta Langar Qur’onining 2 sahifasi 2022-yil 23-noyabr kuni ochiladigan O‘zbekistonning boy merosiga bag‘ishlangan Parij ko‘rgazmasida namoyish etiladi.

Katta Langar Qur’onining tarixiy ahamiyati, musulmon dunyosidagi qadr-qimmati juda yuqori bo‘lib, mushaf ko‘p asrlar nafaqat yurtimiz, balki dunyo ahli, butun insoniyatning ma’naviy boyligi bo‘lib xizmat qiladi.

Nuriddin domla Xoliqnazarov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy,
O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi faxriy doktori

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring