Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Men ko‘rgan Parij va unda O‘zbekiston haqida suhbatlar

Men ko‘rgan Parij va unda O‘zbekiston haqida suhbatlar

Parijdamiz. Kelganimizga o‘zi ikki kun bo‘ldi, lekin bir umr bu shaharni biladigandekman. Menimcha, ko‘pchilikda shunday hissiyot bo‘lsa kerak. Eyfel minorasi, Ozodlik haykalining ilk nusxasi, Triumf arkasi, tinchgina oqadigan Sena, bagetlar va kruassanlar, ko‘chalarda odamlardan keladigan qimmatbaho iforlar... Dunyo brendlarining bahaybat binolari va bir yevroga uch dona eyfelcha suveniri, o‘n yevroga qizil qalpoqchalar sotiladigan, tuproq ustiga yozilgan  yoyma bozorlar... Tor yo‘laklar va juda kichik restoranlar: ularning yana ham kichik stol-stullari – hammasi tanish va qadrdondek. Juda gavjum erkak va ayollar do‘konlari va xaridorlari o‘ta kam bolalar do‘konlari (tug‘ilish sezilarli darajada kam).

2018-yilda qo‘limda Fransiyaga chiptam va yig‘ilgan chemodanim turgani holda uchishimga ozgina vaqt qolganida safarimni bekor qilishganida juda xafa bo‘lgandim. Nasiba ekan, hozir soat tonggi 05:00 da Parijda tong otishini tomosha qilib o‘tirib, shu ocherkni yozyapman.

Biz bir guruh jurnalistlar O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifi doirasidagi tadbirlarni yoritgani kelganmiz. Tashrif oldidan juda ko‘p forum va uchrashuvlar o‘tkazilyapti. Tibbiyot forumi, ta’lim konferensiyasi va yana turizm forumida qatnashdik, juda ko‘plab davlat idoralari delegatsiyasi o‘zining yo‘nalishida fransuz hamkasblari bilan uchrashyapti, kelishuvlar qilyapti.

Parallel ravishda Tuluzada Jizzax viloyati delegatsiyasi, Nitssada Samarqand viloyati delegatsiyasi ham muzokaralar qilyapti. To‘g‘risi, besh ming kilometrdan ziyod masofada, Yevropaning siyosiy yuragida, dunyoning 7-o‘rindagi iqtisodiyotida o‘zbekistonliklar manfaati uchun kelishuvlar qilish jiddiy jarayon. Bunda ikki Prezidentning o‘zaro samimiyati ko‘p masalaning hal qilinishiga yordam beradi.

O‘zbekiston rahbari 2018-yilda, 2022-yilda Fransiyaga rasmiy tashrif bilan kelgan va Prezident Makron 2023-yilda Samarqandga tashrif buyurgan. Ikki tomondan delegatsiyalar qatnovi va kelishuvlari doimiy dinamikada.

O‘zim qatnashgan tadbirlar va ko‘chadagi tasodifiy suhbatlardan O‘zbekistonni fransuzlar nisbatan yaxshiroq bilishlariga ko‘p amin bo‘ldim. Bu nafaqat mamlakatimiz brendi bu yerda ko‘proq targ‘ibot qilingani natijasi, balki fransuzlarning tabiatiga ham bog‘liq nazarimda, ular tarix, san’at va madaniyat, siyosatga chuqur qiziqishadi va O‘zbekistonga oid qaysidir faktni yaxshi bilishadi. Ikkita taksi haydovchisiga Lansda o‘ynagan himoyachi Abduqodir Husanovni yurtidanman, deb maqtanib ham qo‘ydim.

Kecha Turizm qo‘mitasi taqdimotiga juda ko‘p fransuzlar keldi. Bir respondentimga savol berdim:

– O‘zbekistonga yiliga 23 ming fransuz sayohat qilar ekan. Sizningcha, bu oqimni yana qanday qilib ko‘paytirish mumkin?

– Mening hisobimcha, 23 mingdan ko‘proq fransuz boradi O‘zbekistonga. Lekin turizm qonuniyatida shunday muhim rakurs bor: sayyohlarning qancha kelishi emas, ular sizning mamlakatingizda qancha pul sarflashi muhim. Men 1998 yildan buyon O‘zbekistonga sayyohlar yuborishni tashkil qilaman. Orada bir to‘xtab ham qoldim, chunki u payt ishlash juda qiyinlashib ketdi. Sizda juda zo‘r tarix bor va judayam yaxshi insonlar. Fransuzlar bu ikki narsani juda yaxshi ko‘rishadi. Lekin ko‘proq yoshlar emas, kattalar O‘zbekistonni tanlashadi. Ular esa katta xarajatlar qilishdan oldin uzoq o‘ylashadi. Nima qilish kerak? O‘rta yoshlilar va yoshlarni qiziqtiradigan yo‘nalishlarni ochish kerak. Masalan, Amirsoyda chang‘i kompleksi ochganingiz juda yaxshi bo‘lgan. Shunday loyihalar ko‘payishi kerak. Meni xursand qilgani hozir O‘zbekistonda jiddiy o‘zgarish bor, ko‘p davlatlarga vizasiz rejim qildingiz, vizadan dollar yechishdek muammoni hal qildingiz, bu muammolar turistlarni ovora qilardi. Parij aholisining 86 foizi xizmat ko‘rsatib pul topganidek, sizlarda ham eng chekka joylarda ishsizlikni hal qilish mumkin.

Rostan ham, o‘zim ikki kun ichida Parijda arzimagan xarid uchun dunyoning yevrosini ishlatib qo‘ydim. O‘zbekistonda esa xorijiy turist barcha xarajatlarini hisoblaganda o‘rtacha 706 dollar ishlatadi.

Yana Parij ko‘chalarida yurib o‘ylayman, tarix uchun kontekst muhim. Bizda shu jihatdan oqsash bor. Deylik, Malevichning «qora kvadrati»ni o‘tirib men ham chiza olaman, lekin unga «san’atning nol nuqtasi bu, realizm va kubizm jonga tegdi, san’at oddiy bo‘lishi kerak, dunyo geometriya va rangdan iborat», degan inqilobiy fikrli kontekst berilgani uchun Malevichning asari bir million dollarga sotiladi, mening zerikkandan Lorealdek qimmat qalamni uvol qilib chizgan qora kvadratim esa hech kimga qiziqmas... Masalan, Luvrda Mona Lizani ko‘rganlarning aksariyati «nimasiga shunchalik vahima, kichkina bir portret ekan» deb yozg‘irib ham qo‘yadi, lekin shuni ko‘rish uchun 17 yevro to‘lab, soatlab navbatda turib, bir kunini ketkazib tomosha qilishga hamisha tayyor. Bu yerda ham kontekst ish beradi: Leonardo Da Vinchi kimni chizgan, portretdagi sirli tabassum mazmuni nima, chizish uslubi qanday, asar ikki marta o‘g‘irlanib qanday topilgani kabi kontekstlar, hikoyalar, axborotlar, tadqiqotlar va piar texnologiyalar uning mashhurligini oshiraveradi. Mashhurlik esa pul keltiraveradi.

Demak, yana o‘ylayman, bunday savollarni qo‘yish va targ‘ib qilish uchun odamlar bilimli, qiziquvchan va maishiy hayotdan ustunroq fikrlar yuritishga qodir bo‘lishi kerak.

Nega biz deylik, Registon brendini shunday qilolmaymiz? Nega odamlarimiz deyarli gid xizmatidan foydalanmaydi, maktablarda qiziq hikoyalar aytilmaydi, OAVda kontekstlar yaratilmaydi?

Mavzudan chiqib ketdim...

Ta’lim forumi yakunida kichik bo‘lsada men aytayotgan kontekst namoyish qilingani juda xursand qildi. Ilk marta Parijda Interkontinental mehmonxonasida Bibixonim ko‘ylagining tarixiy obrazi tiklanib, defilega qo‘yildi. Toshkent tekstil va yengil sanoat instituti prorektori Xolida Komilovaning aytishicha, alvon libosning har bir detali ispan sayyohi Klavixo tasvirlagani bo‘yicha tikilgan. Klavixo yozishicha, Bibixonimning ko‘ylagi nihoyatda muhtasham edi, uni 100 kanizak hamrohlik qilib, ko‘ylagini ko‘targan. Bitta libos Amir Temur va Bibixonim hikoyalariga yo‘l ochadi. Fransuzlar bunday hikoyalarning maftuni ekani bilinib turibdi. Shu ko‘ylak bahona ipak, adras, atlas, kashtali milliy liboslarimiz shu yerning o‘zida talash bo‘lib sotilyapti, narxi 1000 dollardan boshlanadi.

Prezidentning xorijga tashriflarda o‘zim guvohi bo‘layotgan va an’anaga kirib borayotgan tendensiya: oliygohlar rektorlari ham Prezidentga doimiy hamrohlik qilyapti. Bu chin dildan meni xursand qiladi, chunki mamlakat ziyolilarining dunyo ko‘rishi, o‘z sohasida xorijiy hamkorlar topishi, talaba va tadqiqotchilarning o‘zaro almashinuv dasturlari bizga juda-juda kerak. Bu oliy ta’limni o‘stiradi, o‘zgartiradi, yangilaydi ham. Kecha ta’lim forumiga kelgan Manuel Buar – Fransiya oliy ta’lim va fan vazirining Yevropa va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari hamkorlik haqida ko‘p iliq fikrlar aytdi. O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida 20dan ortiq universitetlararo hamkorlik shartnomalari imzolandi.

Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifi boshlanadi va 13 martga qadar oliy darajadagi diplomatik muzokaralar davom etadi. Qizig‘i va muhimi oldinda. Ko‘rganlarimni yana keyinroq yozaman, nasib.

 Aziza Qurbonovaning facebook sahifasidan olindi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring