Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jurnalistga Samarqandda o‘ldirish bilan tahdid qilindi

Jurnalistga Samarqandda o‘ldirish bilan tahdid qilindi

Foto: Kun.uz

Rossiyaga ketish istagidagi o‘nlab mehnat migrantlariga aviachiptalar sezilarli darajada qimmat narxda sotilgan. Masalani o‘rganayotgan Kun.uz muxbiriga Samarqand shahrida tahdid qilingani aytilmoqda.

Qayd etilishicha, ayni vaqtda Rossiyadagi «Pik Industriya», «Texnostroy» kabi qurilish tashkilotlari orqali Rossiyaga ishlashga borgan vatandoshlar duch kelgan muammolar tahririyat tomonidan o‘rganilmoqda.

O‘rganishlar chog‘ida, mehnat migrantlariga aviachiptalar 4,5 mln so‘mdan sotilgani, chiptalarni Samarqand shahri, Gagarin ko‘chasi, 47-uyda joylashgan, «Pik Industriya», «Texnostroy» kabi tashkilotlarning shartnoma asosida O‘zbekistondagi ishonchli vakili hisoblangan «Panorama bolalar uyi» MChJ sotgani haqida ma’lumotlar to‘plangan.

Shu bois, saytning ushbu shahardagi hududiy ofisi xodimi Anvar Mustafoqulov shu yil 19 mart kuni mavjud ma’lumotlarga aniqlik kiritish maqsadida ayrim savollar bilan firma idorasiga borgan.

Ammo, muxbir u yerda firmaning mas’ul xodimlari bo‘lishi mumkinligi ehtimol tutilayotgan shaxslarning tahdidiga uchragan.

Muxbirning aytishicha, dastlab, undan telefonni o‘chirib turishni, vaziyat bo‘yicha gaplashib olishlarini bildirishgan, so‘ngra turli haqoratli so‘zlar bilan haqoratlab, o‘ldirish bilan tahdid qilishgan va kuch ishlatishga urinishlar bo‘lgan. Vaziyat jiddiyligi oydinlashgach, muxbir u yerdan qochib chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

Jurnalist unga bo‘lgan tahdid yuzasidan Samarqand shahar IIO FMBga ariza kiritgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring