Jizzaxda dala ishlariga olib chiqilgan mahbuslar bosqinchilikka qo‘l urishdi
Jizzaxda paxta terimiga olib chiqilgan mahbuslar bosqinchilikka qo‘l urdi. Bu haqda «Xabar.uz»ga jinoyat ishlari bo‘yicha Zafarobod tuman sudining raisi Anvar Homidov xabar bermoqda.
Qobiljon Rahimov xavfli retsidivist bo‘la turib, buning uchun kerakli jazoni o‘tay turib ham aqlini yig‘ib olmadi. U 2016-yil 24-noyabrdan boshlab Samarqand viloyati IIBga qarashli UYa 64/84-jazoni ijro etish muassasasida ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tab kelib, 2017-yil sentyabr oyida muassasa rahbariyati tomonidan jazo muddatini o‘tayotgan barcha mahkumlar qatori Jizzax viloyati Arnasoy tumanida tashkil etilgan paxta yig‘im-terimiga olib kelingan davrida jinoyat sodir etishga moyil bo‘lgan mahkum Bahrom Jasurov bilan yaqindan tanishib qoladi.
Ular 2017-yil 15-noyabr kuni birgalikda spirtli ichimlik iste’mol qilib, o‘zaro jinoiy til biriktirishadi. 2017-yil 17 noyabr kuni soat 10.00 larda Zafarobod tumani «Cho‘liguliston» QFY O‘riklisoy ko‘chasiga kelib, 2-uyga devor oshib bostirib kirib, xonadon sohibi Yu.Ko‘charovga hujum qilishadi. Uy egasidan pul, kiyim-bosh va boshqa narsalarni topib berishni talab qilib, urib-do‘pposlab, hushsiz holatga keltirishadi. Uydan 10000 so‘mlik pichoq, 80000 so‘mlik tufli, 50000 so‘mlik erkaklar jemferini, 68000 so‘mlik «Dyufalak» nomli dorini olishadi. Uydagi seyfning kalitini topish uchun pichoq bilan Yu.Ko‘charovga hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatadilar. So‘ngra uy egasining egnida bo‘lgan kiyimlarni egallash maqsadida bosqinchilik jinoyatini davom ettirayotganda hodisa joyiga tasodifan kelib qolgan Maysara Ko‘charova, voyaga yetmagan Mehribon Yusupova va Ma’mur Ko‘charovni ko‘rib qolib, bosqinchilik bilan egallangan mol-mulkni olib chiqib ketish uchun ularga ham tahdid qilishadi. Pichoq o‘qtalib, o‘ldirish bilan qo‘rqitib, qo‘lga kiritgan narsalarini olib chiqib ketishadi.
2018-yil may oyining 28-kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Zafarobod tuman sudi bu jinoyat ishini ko‘rib chiqdi. Qobiljon Rahimov Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi «v» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi hamda unga 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shuningdek Jinoyat kodeksining 60-moddasiga asosan jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining 2011-yil 25-avgustdagi hukmiga ko‘ra tayinlanib, o‘talmay qolgan 2 yil 11 oy 13 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi muddatini mazkur hukm yuzasidan tayinlangan jazoga qisman qo‘shish yo‘li bilan jinoyatlar majmui tariqasida uzil-kesil 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Qobiljon Rahimov Jinoyat kodeksining 34-moddasi 3-qismi «a» bandiga ko‘ra o‘ta xavfli retsidivist deb topildi.
Bahrom Jasurov Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi «v» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi va unga 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Bahrom Jasurovga ham Jinoyat kodeksining 60-moddasiga asosan jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtachi tuman sudining 2015-yil 29-sentyabrdagi hukmiga ko‘ra tayinlanib, o‘talmay qolgan 3 yil 7 oy 26 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi muddatini mazkur hukm yuzasidan tayinlangan jazoga qisman qo‘shish yo‘li bilan jinoyatlar majmui tariqasida uzil-kesil 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Bahrom Jasurov ham Jinoyat kodeksining 34-moddasi 3-qismi «a» bandiga ko‘ra o‘ta xavfli retsidivist deb topildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter