To‘rtinchi farzandiga homilador retsidivist ayol yana jinoyatga qo‘l urdi
2023-yil 23-mart kuni soat 12:00 larda noma’lum shaxs Hazorasp universal savdo kompleksida joylashgan 30 yoshli M.F.ning savdo do‘koniga kirib, do‘kon egasini chalg‘itib, kassa ichida bo‘lgan jami 2.5 mln. so‘m pullarni yashirin ravishda talon-toroj qilib, hodisa bo‘lgan joyidan yashiringan.
Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida, mazkur jinoyatni Hazorasp tumanida yashovchi muqaddam joriy yilning 15-mart kuni JIB Hazorasp tuman sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 169-moddasi 3-qismi «a» bandi (o‘g‘irlik) bilan aybli deb topilgan va 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan 37 yoshli J.Z. (ayol) tomonidan sodir etganligi aniqlanib, undan 2.5 mln. so‘m pullar ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Hazorasp tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan J.Z.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 169-moddasi 3-qismi «b» bandi (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan dastlabki tergov natijasiga ko‘ra, J.Z.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 3-qismi «b» bandi bilan ayb e’lon qilinib, uning homiladorligi inobatga olgan holda, unga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida «munosib hulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat» tanlanib, jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan mazmunan ko‘rib chiqishlik uchun JIB Hazorasp tuman sudiga yuborilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter