Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi tugatildi
«Jismoniy tarbiya va sport ob’yektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash ishlarini moliyalashtirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» Prezident Farmoni qabul qilindi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.
Farmon bilan Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi tugatildi.
Jamg‘armaning jismoniy tarbiya va sport ob’yektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha moliyalashtirish funksiyasi Moliya vazirligiga yuklatildi.
Farmonga muvofiq, sohani rivojlantirish, xodimlarni moddiy rag‘batlantirish kabi maqsadlarda Jismoniy tarbiya va sport vazirligining budjetdan tashqari «Sport» maxsus hisob raqami ochiladi.
Maxsus hisob raqam mablag‘laridan vazirlik markaziy apparati xodimlariga ustamalar, mukofotlar to‘lash, yuqori malakali xorijiy ekspertlar va xorijdagi vatandoshlarni vazirlikda ishlash uchun jalb qilish, zarur anjomlar xarid qilish kabi maqsadlarda foydalaniladi.
Farmonga ko‘ra, davlat unitar korxonasi shaklidagi Sport ob’yektlari infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha injiniring kompaniyasi tashkil etiladi.
Injiniring kompaniyasi jismoniy tarbiya va sport ob’yektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash hamda sport inventarlari bilan jihozlash loyihalarini amalga oshirishda buyurtmachi funksiyasini bajaradi.
Hujjat haqidagi to‘liq ma’lumot bilan www.lex.uz sayti orqali tanishish mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter