Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Janubiy Tandircha, marsbop peyzaj va yangilangan gaz bulog‘i – G‘uzorda yangi siquv kompressor stansiyasi ishga tushirildi

Janubiy Tandircha, marsbop peyzaj va yangilangan gaz bulog‘i – G‘uzorda yangi siquv kompressor stansiyasi ishga tushirildi

Gaz qazib olish jarayoni ancha sermashaqqat ish – geologiya-qidiruv va burg‘ulash ishlari o‘xshasa, quduqdan gaz otilib chiqadi. Ammo vaqt o‘tgani sari quduqning ham tagi ko‘rinib qoladi, chunki bu dunyoda tugamaydigan narsani o‘zi yo‘q. Ilgari sutkasiga millionlab metr kub zangori olov bergan konning shashti ham yil o‘tgani sari tushib boradi.

Shunday vaqtda zamonaviy konchilikda siquv kompressor uskunalaridan foydalanib, bosimni oshirish amaliyoti qo‘llaniladi. «O‘zbekneftgaz» AJ matbuot xizmati tomonidan Qashqadaryo viloyati, G‘uzor tumaniga tashkil qilingan safar davomida OAV xodimlari mana shunday stansiyalardan birining faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Janubiy Tandircha
G‘uzor tumanidagi Janubiy Tandircha koni hududida 50 dan ortiq quduqlar mavjud bo‘lib, shulardan 41 tasida bugungi kunda ham gaz qazib olinadi. O‘tgan yillarda bu yerdan sutkasiga 2.5 million metr kub gaz chiqardi, ammo bosim pasayib ketgani tufayli ushbu ko‘rsatkich 1.8 millionga tushib qoldi. Bunday vaqtda zudlik bilan kerakli chora-tadbirlar ko‘rilmasa, bosim pasayib boraveradi va yaqin yillarda konning ko‘zi yopilib qolishi ham hech gap emas edi.

Aynan shu sababga ko‘ra «O‘zbekneftgaz» AJ rahbariyati tomonidan Janubiy Tandircha siquv kompressor stansiyasini qurish qarori qabul qilindi. Oldinga o‘tib aytish lozim, ushbu amaliyot o‘zini to‘la-to‘kis oqladi.

Marsbop peyzaj
Siquv kompressor stansiyasi tomon yurar ekansiz, manzilga yaqinlashganingiz sari atrof-javonibdagi manzara tobora Marsni eslatib boradi. Xabaringiz bor, ayni kunlarda qizil sayyorada «Kyuriositi» va «Perseverans» marsoxodlari kezib yuribdi, ular tushirgan tasvirlar bot-bot internet olamida e’lon qilinib boryapti.

Janubiy Tandircha koni atrofidagi manzara ham o‘sha suratlarga juda o‘xshab ketadi – kimsasiz dasht, cho‘l, giyoh o‘smaydigan qup-quruq tog‘-toshlar. Shunday vaqtda beixtiyor kimsasiz joylarda shunday zamonaviy inshoot qurib qo‘ygan mutaxassislarga hurmatingiz oshib ketadi.


Janubiy Tandircha siquv kompressor stansiyasi sharofati bilan umri tugab borayotgan gaz koni qayta jonlandi, endi bu yerda kuniga 2,3 million metr kub gaz qazib olinmoqda. Bu esa qariyb kichikroq bir viloyatni ta’minlashga yetgulik mahsulot degani.

Infratuzilma
Janubiy Tandircha siquv kompressor stansiyasini qurishda barcha jihatlar inobatga olingani tahsinga loyiq. Masalan, agarda bu stansiyaga elektr energiyasi tashqaridan tortib kelinganda bir necha o‘n kilometrga simyog‘ochlar o‘rnatish kerak bo‘lardi. Bunga ketadigan simu nimstansiyalarni ham hisoblab chiqish lozim.

Loyihachilar bu muammoning yechimini topishdi – stansiyaga gazni tozalash qurilmalari va har biri 800 kilovatt elektr energiyasi beradigan 6 ta gaz-porshenli elektr stansiyalari o‘rnatildi. Natijada konda qazib olinayotgan gazning arzimas qismi evaziga arzon va uzluksiz elektr energiyasi ta’minoti yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda 2 ta gaz haydash agregati uzluksiz ishlab turibdi va konda qazib olinayotgan 2,3 million metr kub gazni 40 kilometr uzoqlikdagi bazaviy kompressor stansiyasi orqali yana 20 km masofada joylashgan Sho‘rtan Bosh inshootida qayta ishlash uchun yetkazib berilmoqda.

Yaqin kunlarda uchinchi agregat ham ishga tushirilishi kutilyapti. Oqibatda gaz qazib olish va uzatish berish hajmi yanada oshishi rejalashtirilgan.

Istiqbol
«O‘zbekneftgaz» AJ ushbu muvaffaqiyatli tajribadan keng foydalanishni maqsad qilmoqda. Ko‘z tegmasin, yurtimizda yil o‘tgani sari yangi korxonalar qurilyapti, ishlab chiqarish hajmi o‘sib bormoqda. Shuningdek aholining tabiiy gazga bo‘lgan talabi ham ancha oshgan. Gaz esa allaqachon shunchaki zangori olov bo‘lmay qoldi, uni qayta ishlash orqali yuzlab turdagi mahsulotlar olish mumkin. Yana mamlakatimizning elektr energiyasiga bo‘lgan asosiy talabi ham u orqali qondirilishini unutmaylik.

Bunday vaqtda nafaqat geologiya-razvedka ishlarini amalga oshirish va yangi quduqlarni burg‘ulash, balki mavjud konlarning potensialidan to‘liq foydalanish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Janubiy Tandirchada qurilgan yangi siquv kompressor stansiyasi bunga yaqqol misol. Agar ushbu stansiya ishga tushirilmaganda yana 2-3 yilda konda ishlab turgan barcha quduqlar to‘xtab qolib, gaz qazib olish to‘xtagan bo‘lardi. Endi esa bemalol yana mavjud qolgan gaz zaxiralarini qazib olish mumkin.

Suvning qatrasi ham suv bo‘lganidek, gazni ham qadrlash, tejash va har bir kubometridan to‘liq foydalanish zarur...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring