Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Isroil yana bir mudhish jinoyatda ayblandi

Isroil yana bir mudhish jinoyatda ayblandi

625 ming falastinlik bola tahsil imkonidan mahrum qolmoqda.

Foto: Reuters

G‘azo sektorida urush olib borayotgan Isroil armiyasi falastinlik professor-o‘qituvchilar va olimlarni qasddan o‘ldirmoqda. Bu haqda qarorgohi Jeneva shahrida joylashgan Euro-Med Human Rights Monitor inson huquqlari tashkiloti hisobotida so‘z boradi.

Qayd etilishicha, Isroil armiyasi uyushtirgan hujum va bombardimonlar oqibatida 2023 yil 7 oktyabrdan 20 yanvarga qadar G‘azoda 17 nafar professor, 59 nafar fan doktori va 18 nafar fan magistri halok bo‘lgan. O‘ldirilganlar G‘azo sektoridagi universitetlarda fanning turli yo‘nalishlari bo‘yicha saboq berib kelgan tajribali olim va pedagoglar edi.

Avval xabar berganimizdek, 2023 yil 6 dekabr kuni Isroil armiyasi tomonidan amalga oshirilgan havo hujumi oqibatida G‘azo Islom universiteti professori, Buyuk Britaniyada tahsil olgan olim Rifaat Al-Ariyr bevaqt hayotdan ko‘z yumgandi.

Euro-Med Monitor urush sharoitida jinoyatlarni hujjatlashtirish qiyin ekani, binobarin, halok bo‘lgan olimlar va professorlar soni ko‘proq bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgan.

To‘rt oy ichida G‘azodagi o‘ndan ziyod universitet portlatildi. Foto: Euro-Med Monitor

4 oydan buyon davom etayotgan urush davomida Isroil G‘azodagi o‘ndan ziyod oliy o‘quv muassasalarini ham vayron qilgan. Masalan, Al-Isro universiteti dastlab yahudiy harbiylari kazarmasi sifatida foydalanilgan, so‘ng portlatib yuborilgan. Oliy ta’lim dargohi portlatilishi aks etgan lavhani BBC e’lon qildi.

The Wall Street Journal nashri esa G‘azo Islom universitetining vayron etilishi aks etgan videolavhani chop etdi.

Euro-Med Monitor hisob-kitobiga ko‘ra, urush davomida kamida 4327 nafar talaba halok bo‘lgan, 7819 nafari jarohatlangan.

Harbiy harakatlar oqibatida G‘azo o‘rta ta’lim tizimi ham butunlay izdan chiqdi.

«Al-Jazira»tahlillariga qaraganda, hududdagi 281 ta davlat maktabi va 65 ta BMT qaramog‘idagi maktab vayron qilingan. Urush tufayli G‘azo sektoridagi barcha maktablar faoliyati to‘xtatilgan.

BMT qaramog‘idagi maktablar ham bombardimondan omon qolmadi. Foto: AFP/Getty Images

So‘nggi bir necha oy mobaynida 625 ming o‘quvchi tahsil imkonidan mahrum qolmoqda. Bombardimonlardan omon qolgan maktab binolari esa muvaqqat boshpana vazifasini o‘tamoqda. Zero, qariyb ikki million kishi uy-joyini tashlab chiqishga majbur bo‘lgan.

Euro-Med Monitor xulosasiga ko‘ra, urush to‘xtaganidan keyin ham G‘azo sektorida oliy va o‘rta ta’lim tizimini qayta tiklash juda qiyin bo‘ladi; Isroil ma’muriyatining maqsadi ham shu.

Falastin tomoni avvalroq G‘azo sektoridagi eng qadimiy me’moriy obidalar yo‘q qilinayotgani haqida bong urgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring