Inspektor mashina oynasini tirsagi bilan urib sindirdi. IIBB hodisaga izoh berdi
YPX inspektorlari «Neksiya-2» rusumli transport vositasini to‘xtatishga urinayotgani aks etgan video internetda tarqaldi. Toshkent shahar IIBB videoni izohladi.
«Joriy yilning 1-noyabr kuni soat 17.00 larda Akbar X. (2004-y.t.) «Neksiya-2» rusumli davlat raqam belgisi 01N961CB bo‘lgan avtomobilni, boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarga ega bo‘lmagan holda, boshqarayotgan vaqtida, yo‘lda uch marotaba YPX inspektorlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan harakatni davom ettirgan.
To‘rtinchi marotaba Yunusobod tumani Amir Temur va Shahrisabz ko‘chalari kesishgan chorrahasida YPX inspektori M.Turdiyev jezl va hushtak yordamida to‘xtash ishorasini beradi, biroq haydovchi katta tezlikda harakatni davom ettirgan. Bir nechta xodimlarning qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan harakatini davom ettirayotgan ushbu avtomobil harakatini cheklash maqsadida boshqa transport vositalari to‘xtatilgan. So‘ng Amir Temur – Alisher Navoiy – Shahrisabz ko‘chalari kesishgan chorrahada YPX inspektori D.G‘aniyev transport vositasini to‘xtatgan.
Haydovchi o‘zini shubhali tutgani, xodimlarning eshikni ochish va transport vositasidan tushish haqidagi qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan, transport vositasini ichkaridan qulflab olgani sababli, mashinaning oynasini sindirish orqali haydovchining eshigi ochilgan va uning transport vositasini boshqarish imkoniyati cheklangan», deyiladi Toshkent shahar IIBB bergan munosabatda.
Holat yuzasidan haydovchi Akbar X.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasi («Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik») bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Transport vositasi jarima maydoniga joylashtirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter