Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Imkon berilsa bas (video)

Imkon berilsa bas (video)

Liboslar yorlig‘iga qarang, deyarli barchasi o‘zimizniki!

Foto: «nuz.uz»

Mamlakatimizda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab quvvatlash, ularga soliq va boshqa majburiy to‘lovlar borasida berilayotgan soliq imtiyozlari tadbirkorlik sub’yektlarining jadal rivojlanishi, zamonaviy yuqori texnologiyalarni joriy etish hisobidan jahon bozori talablariga mos keladigan raqobatdosh, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmining ortishida muhim o‘rin tutmoqda.

Andijon viloyatida yengil sanoatning ip-kalava, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan tarmog‘i ancha rivojlangan. Oltinko‘l tumanidagi «Konteks-Tashkent», Xo‘jaobod tumanidagi «Nil-Granit», «Xojaobod Fayz-M», «Xo‘jaobod Fazo», Buloqboshi tumanidagi «Fan Tekstil» hamda Marhamat tumanidagi «Abbos Meros Tekstil» korxonalari mahsulotlariga nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham talab yuqori.

Prezidentimizning 2016-yil 21-dekabrdagi «2017-2019-yillarda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori hududlarda to‘qimachilik va sanoat sohasining izchil rivojlanishini, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini oshirish bilan bir qatorda xorijlik ishbilarmonlar bilan samarali hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tardi.

- Mazkur qaror hamda davlatimiz rahbarining 2009-yil 28-yanvardagi «Mahalliy nooziq-ovqat iste’mol tovarlari ishlab chiqarish kengaytirilishini rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida viloyatda faoliyat yuritayotgan 444 ta korxona o‘tgan yili 26 milliard 836 million so‘mdan ziyod soliq imtiyoziga ega bo‘ldi, - deydi Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Akromjon Ochilov. – Ayni paytda ular soliqdan tejab qolingan mablag‘larni faoliyatini kengaytirishga, sohaga ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga yo‘naltirishmoqda.

2009-yilda «Polvontosh Tekstil» nomi bilan ish boshlagan «Abbos Meros Tekstil» mas’uliyati cheklangan jamiyati iqtisodiyotimiz rivoji yo‘lidagi islohotlar tufayli Yaponiya, Germaniya va Xitoydan keltirilgan texnologiyalar bilan jihozlanib, faoliyatini ham, mahsulot turlarini ham kengaytirishga muvaffaq bo‘ldi. Dastlat faqat ip-kalava, 2016-yildan boshlab esa tayyor trikotaj mahsulotlari tayyorlashni ham yo‘lga qo‘ygan korxonada xodimlar soni qariyb ikki baravarga ortib, 150 nafarga yetdi.

- Hozirgi kunda odamlar egnidagi liboslar yorlig‘iga qarang, deyarli barchasi o‘zimizniki, - deydi mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Munavvarxon Eshonxo‘jayeva. – Mahsulotlarimiz tabiiy xom ashyo – paxtadan tayyorlanganligi uchun jahon bozorida ham xaridorgir. Hukumatimiz tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchilarga ketma-ket imtiyozlar taqdim etilayotgani tadbirkorlik sub’yektlarini har tomonlama taraqqiy etishi uchun dastur vazifasini ham bajarmoqda. O‘tgan yili korxonamiz 2 million 900 ming AQSh dollari hajmida mahsulotni Rossiya va Qirg‘izistonga sotdi. Natijada 1 milliarddan ziyod soliq imtiyoziga ega bo‘ldik. Ushbu mablag‘ni zamonaviy texnologiyalarni jalb etishga yo‘naltirmoqchimiz. Maqsad – ish unumdorligini oshirish.

Soha bir qator soliq to‘lovlaridan ozod qilinganligi bois, korxonalar ichki bozordagina emas, balki jahon bozorida ham o‘z o‘rniga ega bo‘lmoqda. Yangi asr boshida xususiy korxona sifatida ish boshlagan «Nil-Granit» bugun yirik sanoat ob’yektiga aylandi. U yerda ishlab chiqarilayotgan erkaklar, ayollar va bolalar kiyimlari allaqachon xorijliklar e’tiboriga tushib, e’tirofiga ham sazovor bo‘lgan. 2017-yilda ushbu korxonaning 5 million 400 ming dollar hajmidagi mahsulotiga Rossiya, Ukraina, Moldova, Qozog‘iston va Qirg‘iziston davlatlaridan xaridorlar topildi. Soliqdan tejab qolingan 1 milliard 693 million so‘m mablag‘ ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga, paxta tolasi va ipak xom ashyosini chuqur qayta ishlaydigan sexlar tashkil etishga yo‘naltirilmoqda.

2005-yilda atigi 8 nafar ishchi bilan sanoatga ilk odimini otgan «Xojaobod Fayz-M» korxonasi mavjud yaratilgan sharoitdan unumli foydalanib, bugungi kunda yirik xo‘jalik sub’yektiga aylandi. Hozirga kelib, 250 ga yaqin kishi mehnat qilmoqda.

- Erkaklar va yosh bolalar uchun trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish bilan faoliyatimizni boshlaganmiz, - deydi korxona bosh hisobchisi Sherzodbek Nazarov. – 2016-yilda esa ip-yigiruv sexini tashkil etdik. Bu qo‘shimcha 120 nafar aholining bandligini ta’minladi. Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili bizga kuch bag‘ishlagani, shubhasiz. Zamon har birimizni faol bo‘lishga, yangi g‘oyalarni hayotga tatbiq etishga undamoqda. Joriy yil ip-yigiruv seximizni kengaytirmoqchimiz. Hozirda yangi bino qurilishi boshlab yuborildi. Yaqin yillar ichida ishlab chiqarish uchun kerakli xom ashyo – paxtani o‘zimiz yetishtirishni ko‘zlab turibmiz. Albatta, soliqdan imtiyoz va preferensiyalarning berilayotgani faoliyatimizning keng quloch yoyishiga xizmat qilmoqda.

Darhaqiqat, korxona o‘tgan yili 3 million 150 ming AQSh dollar qiymatga ega bo‘lgan mahsulotni Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga eksport qildi. Natijada 1 milliard 200 million so‘mdan ziyod soliq imtiyoziga ega bo‘ldi. Bu esa korxonada yangi g‘oyalarni tezroq amalga oshirishga qanot bag‘ishladi. 1 gektar yer maydonida issiqxona barpo etildi. Malakali mutaxassislar bilan maslahatlashib, serhosil, ertapishar pomidori, bulg‘or qalampiri va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirib, avvalo ishchilar ta’minotini, ortganini esa yaqin xorijiy davlatlarga eksport qilishni mo‘ljallab turishibdi.

Tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yib olib, ish o‘z-o‘zidan rivojlanaveradi, deb o‘tiradigan zamon emas. Izlanib, yangiliklarni hayotga tez tatbiq etish zarur. Korxona tuman aholisi uchun yana bir qulaylik yaratish harakatida. Xorijiy texnologiyalar bilan jihozlangan zamonaviy shifoxona faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Reja amalga oshadigan bo‘lsa, avvalo, xo‘jaobodliklar shifo izlab, viloyat markazi yoki poytaxtga borishlariga hojat qolmaydi. Shu bilan birga qo‘shimcha yana 50 ga yaqin ish o‘rni yaratiladi.

 Yurtimizda izlanganga imkoniyatlar bisyor. Muhimi, taraqqiyotimizni yangi bosqichga olib chiqish maqsadidagi bu imtiyozlar tadbirkorlarimizda ezgu g‘oyalarni uyg‘otib, istiqbolli loyihalarni jadallik bilan hayotga tatbiq etilishiga zamin yaratmoqda.

Dilmurod Parpiyev,
Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi
jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi bosh mutaxassisi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring