Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ibn Sinoning o‘g‘li bo‘lganmi?

Ibn Sinoning o‘g‘li bo‘lganmi?

Uning asl ismi Husayn bo‘lib, otasi Abdulloh va onasi Sitorabonu 980-yili tavallud topgan farzandiga shu nomni ma’qul ko‘rishgandi. Buxoroning Afshona qishlog‘ida tug‘ilgan bolakay keyinchalik butun dunyoga Ibn Sino nomi bilan mashhur bo‘ldi...

Xo‘sh, nima sababdan Husayn emas, aynan Ibn Sino?

Tarixdan ma’lumki, arablarda, qolaversa, islomiy o‘lkalarda o‘z nomini o‘g‘lining ismi bilan atash rusumi bo‘lib, bu an’anani kunya deyishardi. Ular nazdida kishi ismi o‘g‘lining nomi bilan atalganida, hurmat-izzati bajo keltirilgandek hisoblangan. Shu bois ham o‘sha vaqtda odamlar, odatga ko‘ra, o‘zini katta o‘g‘lining nomi bilan ataganlar.

Abdulloh Ibn al-Hasan ibn Abu Ali ibn Sino (Husayn)ning 985-yilda tug‘ilgan Mahmud ismli ukasi ham bor edi. Demak, Abdullohning Husayn va Mahmud ismli ikki nafar o‘g‘li bo‘lgan.

Husayn o‘ziga bobosining hurmati, ajdodi yodi sabab Ibn Sino (ya’ni Sinoning o‘g‘li) degan kunyani tanlaydi. Garchi tarixda Husayn ibn Sino nomi bilan ko‘proq mashhur bo‘lsa-da, o‘sha davrlarda uning ilmi sabab «Hujjat al-haq», «Sharaf al-mulk», «Hakim al-vazir», «Ad-Dastur», «Shayx ur-rais» ham deb ataganlar.

Biroq oddiy odamlar, alloma yashagan Buxoro, Xorazm, Jurjon, Hamadon ahli uni Abu Ali ibn Sino deb nomlashgan. Ya’ni, Sinoning o‘g‘li, Alining otasi deb. Hatto, suyukli shogirdi Abu Ubayd al-Juzjoniy ustozi haqida yozib qoldirgan ma’lumotlarda ulug‘ tabib nomini Abu Ali, aniqrog‘i, Alining otasi deb yozgan. O‘sha davrdagi ismni atash udumidan, qolaversa, Abu Ali degan o‘z davridagi mashhur nomdan kelib chiqadigan tarixiy mulohaza, taxmin shuki, Husayn – Ibn Sino oila qurgan, o‘g‘il ham ko‘rib, farzandi sharafiga o‘ziga Abu Ali deya kunya qo‘ygan bo‘lsa ehtimol?!

To‘g‘ri, ibn Sinoning o‘zi yozgan tarjimai holida va shogirdi Juzjoniy ma’lumotida bu haqda umuman eslab o‘tilmagan. Ularda ko‘proq fan, ilm sirlari xususida yozilgan. Hatto, faqat ilm-fan to‘g‘risidagi tarjimai holida ibn Sino otasi, onasi va ukasining ismlarini ham eslatib o‘tmaydi. Demak, alloma oilasi haqida mutlaqo ma’lumot bermagan. Faqat Juzjoniy «Ali – shifo» asariga yozgan muqaddimada Abu Ali 32 yoshga kirganida unga shogird tutinganini aytib, ibn Sinoning shundan keyingi hayotini yozib o‘tgan. Yozganda ham allomaning o‘tmishini, oilaviy hayotini emas, 32 yoshdan 57 yoshigacha – vafotiga qadar bo‘lgan davrdagi 25 yillik ilm sirlari bilan yashagan onlarini umumiy qayd etib o‘tgan. Shunday ekan, Ibn Sino – Husayn 32 yoshigacha uylangan va o‘g‘il farzand ko‘rib, ismini Ali deb nomlagan bo‘lishi mumkin. Juzjoniy ham ana shu bois uni ko‘pincha shunday atagandir ehtimol?!

Tarixchi o‘tmishga oid bitik yozganida, faqat qo‘lyozmalar, tarixiy hujjatlarga suyanib qolmasdan o‘sha davrlardagi rasm-rusum, udumlardan kelib chiqib, mushohada yuritishga va shu asosda taxmin qilishga ham huquqi bor.

Abu Ali ibn Sino yashagan davrdagi udum va Juzjoniy ma’lumotlari, qolaversa, buyuk tabib Husaynni o‘z davrida odamlar Abu Ali deya nomlaganidan kelib chiqadigan shaxsiy mulohaza shuki, Husayn oila qurib, Ali ismli farzand ham ko‘rgan bo‘lishi mumkin.

Umid Bekmuhammad,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.

 

 

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring