Ibn Sino: soliq yig‘uvchining o‘g‘li

Ulug‘ tabib Abu Ali ibn Sinoning otasi Abdulloh asli balxlik bo‘lib, somoniylardan bo‘lgan Nuh ibn Mansur Somoniy davrida (976–997) Buxoroga kelgan. Abdulloh Buxoroning Hurmiton hududida soliq yig‘uvchi amaldor edi. U Hurmitonga yaqin Afshona qishlog‘ilik Sitorabonu ismli qizga uylangan va Husayn, Mahmud ismli farzandlari bo‘lgan.
Husayn – Abu Ali ibn Sinoning ilk ustozi Notiliy edi. Shuningdek, uning Mahmul massoh, Ismoil Zohid degan boshqa ustozlari ham bor edi.
Husayn Buxoro amiri Nuh ibn Mansurni davolab, saroyga kirganida va bebaho asarlar mutolaasi bilan shug‘ullana boshlaganida 16 yoshda bo‘lgan.
1002-yili, ya’ni Husayn 22 yoshda paytida otasi Abdulloh vafot etadi. 1009-yili Buxoroda somoniylar taxtdan qulatilib, Qoraxoniylar sulolasi davlat tepasiga kelgach, Husayn Xorazmga yo‘l oldi. Bu o‘lkada amir Ali ibn Ma’mun (997–1009) hukmdor bo‘lib, u Abu Ali ibn Sinoga kerakli shart-sharoitni yaratib berdi.
Ibn Sino Xorazmdalik paytida al-Masihiy, ibn Miskavayx, Beruniy, ibn Iroq, Abul Xammor singari mashhur olimlar bilan hamkorlikda ish yuritdi, asarlar yozdi, odamlarni davoladi.
Mahmud G‘aznaviyning Xorazmga istilosidan so‘ng vohada parokandalik boshlangach, ibn Sino 1011-yili Masihiy bilan Jurjonga ketadi. 1012–1014 yillarda alloma Jurjon (hozirgi Eron)da yashab, ilm, tabobat bilan mashg‘ul bo‘ldi. Keyinchalik ibn Sino Ray, Hamadon kabi shaharlarda istiqomat qilgan. 1016-yildan 1023- yilgacha Hamadonda yashadi. Bir qancha muddat, hatto, amir Shamsudavlaning vaziri ham bo‘lib ishlagan. 1023-yildan 1037-yilgacha Isfahonda istiqomat qilgan.
Buyuk tabib Ibn Sino 1037-yilning ramazon oyi birinchi jumasida – 24 iyun kuni 56 yilu, 10 oy, 9 kun umr kechirib, vafot etadi. U hayoti davomida tabobat, mantiq, adabiyot, falsafa, riyoziyot, ilohiyot singari fanning turli sohalariga oid 276 ta asar yozib qoldirgan.
Umid Bekmuhammad,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter