«Hisorak»da yo‘llarni sel yuvib ketdi, M-39 xalqaro trassasiga suv toshdi
Bugun, 3-may kuni respublikamizning ayrim hududlarida kuchli yog‘ingarchilik natijasida sel oqimlari va toshqin suvlari yuzaga keldi.
FVV xabariga ko‘ra, Qashqadaryo viloyati Shaxrisabz tumani «Hisorak» QFY hududda yog‘ib o‘tgan yog‘ingarchilik tepaliklaridan qum aralash shag‘allarni ichki yo‘llarga yuvib tushirgan. Hodisa oqibatida aholi xonadonlari, ularning mulklariga ziyon yetmagan.
Surxondaryo viloyati Boysun tumanida qisqa muddatli yog‘ib o‘tgan yomg‘ir yog‘ishi natijasida tumanning «Machay», «Yuqori Machay» va «Darband» qishlog‘ida qisqa muddati sel oqimi kuzatilgan. Sel suvlari «Machay», «Yuqori Machay» qishloqlarining ichki yo‘llariga hamda «Darband» qishlog‘i hududidan o‘tgan M-39 «Toshkent-Termiz» xalqaro avtomobil yo‘liga toshgan.
Sel suvlari oqibatida aholi xonadonlari, itimoiy obektlar va kommunikatsiya tarmoqlariga zarar yetmagan. «Toshkent-Termiz» xalqaro avtomobil yo‘lida transport vositalari qatnovi to‘xtatilmagan.
Shuningdek, Sariosiyo tumani tog‘li hududining «Xonjiza» MFY hududidan oqib o‘tuvchi «Xursandsoy» soyida suv hajmi ortib, soy chetiga o‘rnatilgan 2 dona, 110 kVt kuchlanishli metal konstruksiyali ustunlar ostini yuvishi oqibatida ushbu ustunlarni yonboshga yiqilishiga olib kelgan. Ayni vaqtda ushbu elektr ustunlarini demontaj qilish ishlari olib borilmoqda. Hozirda xavfsizlik nuqtai nazardan vaqtinchalik elektr ta’minotidan uzilgan. Holat «Xonjiza» obekt elektr ta’minotiga ta’sir ko‘rsatmagan, faoliyatini uzluksiz davom ettirmoqda.
Shu bilan birga, «Sangardak» soyi tepaliklaridan oqib tushgan yomg‘ir suvlari tuproq va qum-shag‘allarni ichki yo‘llarga oqizib kelgan. Yo‘llarda to‘plangan loyqa va qum-shag‘allar maxsus muhandislik texnikalari yordamida to‘liq bartaraf etildi. Yog‘ingarchilik oqibatida aholi xonadonlari va ularning mulkiga ziyon yetmagan.
Eslatib o‘tamiz, Gidrometeorologiya xizmati markazi 3-5 may kunlari yog‘ingarchilik oqibatida Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Jizzax, Navoiy, Toshkent, Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter