Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hindistonda 40 kishi yer ostida qoldi

Hindistonda 40 kishi yer ostida qoldi

Hindiston shimolida tunnel qurayotgan kamida 40 nafar ishchi yer ostida qolgan. Qutqaruvchilar suv va kislorod tugab borayotgani tufayli ishchilarni imkon qadar tezroq yer yuzasiga olib chiqishga harakat qilishmoqda.

CNN xabariga ko‘ra, 12 noyabr kuni Hindistonning Uttarakxand shtatida yer osti tunnelini qurish vaqtida o‘pirilish sodir bo‘lgan. Kamida 40 kishi yer ostida qolib ketgan.

Uttarkashi politsiyasi yer ostida qolgan ishchilar bilan aloqa o‘rnatganini aytdi. Ularning hammasi tirik, lekin suv va havo zaxiralari cheklangan. Qutqaruvchilar ishchilarni imkon qadar tezroq yer yuzasiga olib chiqish ustida ishlamoqda. Qamalib qolganlarga kislorod ballonlari va suv beriladi.

13 noyabr kuni ertalab qutqaruvchilar 20 metrga yaqin vayronalarni tozalashga muvaffaq bo‘ldi. Tunnelda qolib ketgan ishchilar tashqariga chiqishlari uchun ular hali yana 40 metrga yaqin vayronalarni olib tashlashlari kerak. Favqulodda vaziyatlar xizmatlariga ko‘ra, bu kamida yana bir kun davom etadi.

Uttarkashi shahrida qurilayotgan tunnel Himoloy tog‘larida Char Dham transport magistralini yaratish bo‘yicha ulkan loyihaning bir qismi bo‘lishi kerak edi. Char Dham milliy avtomagistrali Hindiston shimolida bosh vazir Narendra Modining tashabbusi bilan qurilayotgan avtomobil yo‘lidir. Taxminan ming kilometr uzunlikdagi yo‘l loyihasi uchun Hindiston budjetidan millionlab dollar sarflanmoqda. Magistral yo‘lning yaratilishi hindlarning mashhur ziyoratgohlari joylashgan Uttarakxand shtatida transport imkoniyatlarini yaxshilashi kerak.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring