Haydovchilar Toshkent ostonasidagi «uyatli manzara»dan shikoyat qilishmoqda (video)
O‘zbekistonda yuk tashuvchi mashinalar haydovchilari turli qiyinchiliklarga duch kelishmoqda va Transport vazirligiga e’tirozlar bildirilmoqda. «Xabar.uz»ga bu borada videomurojaatlar kelib tushdi.
Murojaatlarda ikki masala ko‘tarilgan.
Birinchisi, Toshkent shahriga kirib kelishda yuk tashuvchi mashinalar uchun «stoyanka» muammosi. So‘nggi vaqtlarda bu muammo yaqqol ko‘zga tashlana boshladi. Hozirda M-39 «Toshkent-Termiz» yo‘lining Toshkent shahriga kirib kelish qismida bir necha kilometrlab uzunlikda yo‘l bo‘ylab yuk mashinalari majburiy «qo‘nim topmoqda».
Bizga videomurojaat yo‘llagan haydovchi bu manzarani «uyatli holat» deb baholagan. Chunki poytaxtga kirish qismida yuk tashuvchi mashinalarga «stoyanka» yo‘qligi sabab, xorij raqamidagi yuk mashinalari ham shundoq yo‘l chetidan joy qidirishga majbur bo‘lishmoqda. Qolaversa, yurtimizga kelayotgan mehmonlarning poytaxt ostonasidayoq shunday betartib manzaraga duch kelishi ularda Toshkent shahri haqida ijobiy tasavvur qoldirmasligi aniq.
Ikkinchisi, bu — dizel yoqilg‘isi muammosi.
Aytilishicha, yuk tashuvchi mashinalar haydovchilari dizel yoqilg‘isi muammosi haqida bir necha marotaba Transport vazirligi va boshqa idoralarga internet orqali murojaat qilishgan, ammo natija yo‘q.
«Dizel yoqilg‘isi masalasi haydovchilarni juda qiynamoqda, sifat past, narxlar qimmat, sotuvda yo‘q», — deydi murojaatchilardan biri. — «Dizel yoqilg‘isining bir litri narxi chekka viloyatlarda 7500 so‘m. Ko‘pincha shu ham yo‘q. Asosan Jizzaxda sotiladi, uning narxi 6900 so‘m, eng sifatsizi 6500 so‘mdan. Uniyam benzin va boshqa aralashmalar bilan sotishyapti. Nazorat umuman yo‘q. Qolaversa, biz haydovchilar Toshkentga yuk olib borsak, ertasiga ko‘chada qolyapmiz, avtomobillarni qo‘yishga joy yo‘q».
Eslatib o‘tamiz, 2019-yil 15-avgustdan boshlab dizel yoqilg‘isi narxi 5 400 so‘m etib belgilangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter