Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hammasi oynani sindirishdan boshlanadi...

Hammasi oynani sindirishdan boshlanadi...

«Singan oynalar» nazariyasi haqida eshitganmisiz? Har qancha achchiq tuyulmasin, odam bolasida quruvchilik emas, balki buzuvchilikka moyillikning kuchliroq ekanini isbotlovchi ilmiy nazariya.

«Singan oynalar» nazariyasini sotsiologlar: Jeyms Uilson va Jorj Kelling ishlab chiqishgan. Ko‘chalardagi jinoyatchilik bilan bog‘liq vaziyatning rivojlanish dinamikasini o‘rgangan ikkovlon shunday xulosa yasashdi: buzg‘unchilik (vandalizm), ko‘chada mast bo‘lib yurish, metro turniketlaridan sakrab o‘tish va hokazo mayda qoidabuzarliklarning oldini olish, umuman, jinoyatchilikka nisbatan murosasizlik muhitini yaratish yanada katta jinoyatlarning oldini olishda yordam beradi. Va aksincha, mayda buzg‘unchiliklarga ko‘z yumish kelgusida katta-katta jinoyatlarning bolalashiga zamin yaratadi.

Soddaroq tushuntirganda, bugun bitta ko‘zi sindirib ketilgan deraza oynasi tezda yangilanmas ekan, ertaga ikkinchisi, uchinchisiga tosh otiladi, qarabsizki, bittayam butun oyna qolmaydi va bu joyda (uy, ko‘cha, tuman, shahar, mamlakat) jinoyatlar sodir etilishi ko‘payadi. Hatto eng kichik tuyulgan qoidabuzarlikni ko‘rganda ham odamlarda yovvoyilikka, buzg‘unchilikka moyillik uyg‘onishni boshlaydi. Albatta, hammada emas, biroq ko‘pchilikda.

Nazariyaga misollar ko‘p. Deylik, kimdir chiqindilarni yelim xaltachaga solib, bolasiga tashlab kelishni buyurdi. Bola-da — borishga erinibmi yoki o‘ynab yurgan o‘rtoqlarini ko‘rib qolibmi, qo‘lidagi xaltachani yarim yo‘lda shundoqqina ariqning bir chetiga uloqtirib yuboradi. Qarabsizki, ertaga mahalla yap-yangi chiqindixonali bo‘p turibdi... Bugun devorga birov-yarim allambaloni yozib ketdimi, bilingi, ertaga bo‘lmasa indinga, bu joyning tanaffus paytidagi maktab doskasidan farqi qolmaydi... Kap-katta odamlar qilayotgan ishlarga o‘tmay qo‘ya qolamiz...

Psixologiyaga doir boshqa nazariyalarga o‘xshab, «singan oynalar»ning ham tanqidchilari ko‘p bo‘ldi. «Tashlab ketilgan chiqindi, devordagi yozuv, singan oynalarning huquqbuzarliklarning ko‘payishiga hech qanday ta’siri yo‘q, bo‘lmaydi ham», deb oyoq tirab olishgandi ular.

Biroq «Singan oynalar» nazariyasi juda ko‘plab tajribalar o‘tkazilib sinalgan. Har doim natija, xulosa o‘sha-o‘sha bo‘lgan: ruxsat etilmagan narsaning buzilishi alomatlari bor joyda ruxsat etilmagan narsaga ilgari bu ishni qilmaganlar qo‘l urishni boshlaydi!

Ushbu nazariyaga ko‘ra, odamlar uch toifaga bo‘linadi (jamoat yurish-turish qoidalariga rioya etuvchanligiga qarab).

Birinchi toifa. O‘rnatilgan tartibni har doim, har qanday vaziyatda buzuvchi odamlar.

Ikkinchi toifa. O‘rnatilgan tartibni hech qachon, har qanday sharoitda ham buzmaydigan odamlar.

Uchinchi toifa. Ikkilanuvchi odamlar. Bular boshqalar buzayotganini ko‘rsa, ularga qo‘shiluvchi va aksincha, hammayoq batartib, sarishtaligini ko‘rsa, qoidalarga bo‘ysunib yashovchilar.

Istalgan jamiyatda mana shu uchinchi toifa — ikkilanuvchilar juda ko‘pchilikni tashkil etadi. Kimdir qoidani buzayotganini ko‘rishdimi, ortidan ergashishadi. Oqibatda tartib o‘rnini betartiblik egallaydi.

Qizig‘i, teskarisi ham xuddi shunday. Kimdir «singan oynalar»ni tinmay yamayversa, oxir-oqibat «bolg‘a» va «mix» ko‘tarib keluvchilar topiladi. Bunga bir paytlar jinoyatchilar uyasi bo‘lgan Nyu-York qanday qilib Amerikadagi eng xavfsiz shaharga aylangani bo‘yicha tajribadan yaxshiroq misol topish qiyin.

Hatto XX asrning 80-yillarida ham Nyu-York metrosini «do‘zax» deb atashardi. Eskirib ketgan vagonlar, singan turniketlar, chiqindi uyumlari, bezori va kallakesarlar... O‘sha paytlarda metroga tushishda pul to‘lashdan ko‘ra, turniket ustidan sakrab o‘tish osonroq edi. Buning uchun hech qanday   chora ko‘rilmasdi.

Oxir-oqibat toqati toq bo‘lgan Nyu-York kattalari metroga Devid Gann degan odamni boshqaruvchilikka tayinlashdi.

U ishni nimadan boshladi deb o‘ylaysiz?

Yangi boshliq birinchi navbatda poyezd vagonlari va metro bekatlari devorlariga chizib ketilgan graffiti (rasm va yozuvlar)larni tozalashni buyurdi. G‘alati qaror... Biroq.

«Graffiti — tizim buzilishining ramzi. Agar metroni qayta qurish jarayonini boshlamoqchi ekanmiz, birinchi o‘rinda graffiti ustidan g‘alaba qozonishimiz kerak. Shuniki uddalay olmadikmi, hech qanaqangi islohot bo‘lmaydi. Har biri 10 million dollarlik yangi poyezdlarni keltirishimiz mumkin, biroq biz ularni buzg‘unchilikdan asray olmasak, hech narsa o‘zgarmaydi».

Devid Gann

Shundan so‘ng metro xodimlar jon-jahdlari ishga kirishishdi, bekatlarni, poyezdlarni chinniday tozalashar, yuvishar, bo‘yashar edi. Eng muhimi, nimadir o‘zgarayotganini yo‘lovchilar ham, metro ishchilari ham his etishardi.

Yana bir muhim chora — chiptasizlar bilan kurash. Metro shundoq ham daromad keltirmaydigan transport, aksiga olib, yo‘lovchilarning ozchilik qismigina chiptani pulga sotib olardi. Yangi boshliq (Gann) xavfsizlik bo‘yicha boshqaruvchilikka Uilyam Brattonni olib keldi. Bratton turniketlar oldiga fuqaro kiyimidagi politsiyachilarni qo‘yib qo‘ydi.

Metroda politsiyachilar oldindan bor edi. Faqat formali politsiyachilar ko‘pincha bezorilikni (masalan, turniketlardan sakrab o‘tuvchilarni) ko‘rib ko‘rmaslikka olishardi. Chunki g‘irt boshog‘riq ish: tartibbuzarni tutish, rasmiylashtirish, keyin to sud binosigacha kuzatib borish kerak. Shuncha ishdan keyin yoziladigan batafsil hisobotni aytmasa ham bo‘laveradi. Buning uchun maoshga qo‘shimcha to‘lanmasdi. Qaytanga politsiyachining o‘zi zarar ko‘rishi mumkin edi: turgan joyini tashlab ketgani yoki statistikani buzgani uchun rahbariyatidan kamida so‘kish eshitardi.

Bratton metro politsiyachilarini «el qatori kiyintirish» bilan birga, ularning ishini osonlashtirdi. Endi ushlangan qoidabuzar bekatning maxsus xonasiga keltirilar, uni formali politsiyachilar maxsus avtobusda olib ketishardi. Hammasi yo‘lovchilar va metro ishchilarining ko‘z o‘ngida yuz berardi. Qizig‘i, ko‘p o‘tmay metrodagi qoidabuzarliklar va jinoyatlar sodir etilishi keskin pasayishni boshladi.

Keyinchalik Nyu-York meri Brattonni shahar politsiyasi rahbarligiga tayinladi.

«Singan oynalar» nazariyasi jahondagi eng yirik shaharda shu tarzda sinovdan o‘tgandi. Avvaliga metroni tartibga keltirishdi, keyinchalik shahar miqyosida ham jinoyatchilik darajasi pasayib-pasayib, Nyu-York AQShning eng xavfsiz megapolisiga aylandi.

Tartib bu — tartib. Katta-kichigi bo‘lmaydi. Bola uyiga qaytib, chiqindini qayerga tashlaganini albatta aytmaydi. Ota-onasi ham so‘ramasa kerak... Bolalik — qosh bilan ko‘zning orasi, birpasda o‘tib ketadi. Ulg‘ayadi, o‘qishga, ishga kiradi, uylanadi, hamma qatori mashina mingisi keladi. Buyog‘i qanday kechishi uning miyasidagi va albatta jamiyatimizdagi «hamma narsa mumkin» rejimining o‘chiq-yoniqligiga qarab. Balki katta olim bo‘lib ketar. Balki «uchinchi toifa»dandir. Kim bilsin...

Hatto eng mayda buzilishlargacha tag-tugi bilan yo‘q qilish osonmas. Biroq kerak. Albatta, chiqindilar farroshning, singan oynalar shirkatning, qoidabuzarlar tegishli organlarning ishi. Shu bilan olam guliston bo‘lganida edi.

«Bilasizmi, sayyorangiz g‘alati ekan. Bu yerda chekolmayapman. Hammayoq top-toza. Orasta. Na cheka olasan, na iflos qilish mumkin. Dam olishga borgandek his etolmaysan o‘zingni».

Filip Dikning «Mustamlakachilar» asaridan

Gap bizning sayyoramiz haqida emas. Shunchaki fantastika, yozuvchining orzusi.

Xo‘sh, kimmiz o‘zi? Qo‘limizdagi toshmi yo bolg‘a?..

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring