Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Gaz, elektr va yo‘lni to‘sgan odamlar — Shuhrat Abdurahmonov savollarga javob berdi

Gaz, elektr va yo‘lni to‘sgan odamlar — Shuhrat Abdurahmonov savollarga javob berdi

Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov bugun 2020 yil yakunlari va 2021 yilda rejalashtirilgan ishlar bo‘yicha xalqqa hisobot berib o‘tdi. Hisobotdan so‘ng hokim va matbuot vakillari o‘rtasida muloqot bo‘lib o‘tdi.

— Hisobotni eshitdingiz. Hamma joyni gullatvordik, Andijon yashnayapti, demoqchi emasman. Ishlayapmiz, harakat qilyapmiz. Hisobotda aytilgani esa hali xomaki loyihalar. Yaqin vaqtlarda yana yangilari chiqadi. O‘zbekiston va shu qatorda Andijon ham shiddat bilan rivojlanmoqda. Statistikaga ko‘ra yiliga 33 ming odam onkologiya kasalliklaridan davolanish uchun Hindistonga borgan, 22 ming odam esa yurak-qon tomir kasalliklaridan davolangan. Biz xalqimiz ovora bo‘lib, xorijga bormasligi uchun mana shunday shifoxonalarni Andijonda ochmoqchimiz. Shu yo‘nalishda yangi loyihalar qilishga tayyorlanmoqda. Xorijdan shifokorlar taklif qilinadi. Ular shunchaki kelib-ketmaydi, shu yerda yashaydi. Shifokorlarga uy beramiz va kasalxona ochib beramiz.

E’tiborlisi, Bobur bobomizning avlodlaridan bo‘lgan hindistonlik sarmoyador Andijonga keldi. Meditsina instituti ochilsa qanchadan-qancha talabalar bilimli bo‘ladi. Yangi ish o‘rinlari yaratilsa, qo‘shimcha soliq tushumlari bo‘ladi.

Ma’ruzada to‘liq hisobot berishga harakat qildim. Agar mana shu raqamlarni jurnalistlar tekshirishni istasa, o‘zimiz yordam berishga tayyormiz. Har bitta qilingan ishni ko‘rsatishni istaymiz.

— Viloyatda ko‘p ishlar qilinganini hisobotda aytib o‘tdingiz. Gaz yetishmovchiligini aniq tushuntirdingiz. Ammo elektr energiyasidagi real vaziyat ancha og‘ir, odamlar ko‘chaga chiqmoqda. Har yili ta’minot bo‘yicha ko‘p gaplar aytilmoqda, ammo muammo ham tugamayapti. Xalq har yili qish kelishini yurak hovuchlab kutadi. Bu muammolar qachon hal bo‘ladi?
— Gaz va elektr bir biriga bog‘liq narsa, biri bo‘lmasa, ikkinchisi ham muammoga aylanadi. Viloyatda 580 ming xonadon bo‘lsa, 487 mingi avvaldan gazlashgan edi. Ammo yillar davomida yetarli gaz ta’minoti bo‘lmadi. Natijada 2015 yilga kelib gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan mahallalar tarmoqdan uzilib, ko‘mir va gaz balon bilan ta’minlashga o‘tilgan. Qishda odamlar qiynalavergandan so‘ng O‘ztransgaz bilan kelishdik. Ular bizga 487 ming xonadondan 246 mingtasini kafolatli gaz bilan ta’minlay olamiz, deb aytishdi. Qolgan xonadonlarga gaz yetkazilmasligi aniq bo‘ldi. Shundan so‘ng o‘sha mahallalar tarmoqdan uzildi. Biz yo‘q gazga ishonib qolmasdan, ko‘mir va boshqa vositalarni tarqata boshladik.

Bu narsa ancha og‘ir kechdi. Gaz kafolatlanmagan xonadonlar elektr tarmog‘iga isitish moslamalarini ulay boshladi. Elektr isitish uchun emas, balki yoritish uchun. Andijon viloyatida chiroq o‘chmay yonishi uchun kuniga 18 million kilovatt energiya talab qilinadi. Hozir kuniga 17 million kilovatt olyapmiz. Demak bir million kilovatt tanqislik ham bor.

Biz mana shu tanqislikni to‘g‘ri taqsimlash uchun chiroq o‘chishi grafigini tuzdik. Ammo bu ham yechim bo‘lmadi. Grafikni tayyorlab, e’lon qilganimizdan so‘ng, gaz bosimi pasayib ketdi va elektrga bosim ko‘payib, tizim tashlab yuboryapti. Agar o‘sha vaqtda energiya tizimi o‘chirilmasa, yonib ketishi mumkin. Shu sababli grafikdan chiqib ketishga majbur bo‘lyapmiz.

Tizimda muammolar mavjud va shu bilan birga xalqimiz ham tejamkorlik qilsa yaxshi bo‘lardi. Agar elektr energiyasini tejab ishlatsak, yetishmayotgan 1 million kilovattni qoplab olgan bo‘lardik.

— Andijon viloyati qayerdan oladi elektr energiyasini?
— Vodiy viloyatlarini ta’minlash maqsadida To‘raqo‘rg‘on IES ishga tushirilgach chiroq o‘chishi kamaydi. Yetishmayotgan qismi esa Qirg‘izistondan olib kelinardi. Hozir Qirg‘izistonda ham vaziyat yaxshi emas. Ulardagi GESlar ishlashi uchun yetarlicha suv mavjud emas. Natijada muammolar vujudga kelmoqda.

— Muammoni yechish uchun nima qilish kerak?
— Tabiiy gaz yetib borishi kafolatlangan xonadonlarni olib qolib, qolganini tarmoqdan uzish kerak. Gaz yetib bormayotgan xonadonlarga ko‘mir va gaz balon yetkazib beriladi. Ortiqcha iste’molga yo‘l qo‘ymaslikni targ‘ibot qilamiz. Bugungi kunning eng dolzarb vazifasi shu. Gaz quyish shahobchalariga faqat kunduzi gaz berib, kechasi aholiga yetkazish maqsad qilingan.

— Elektr energiyasining muqobil variantlari ko‘rib chiqilyaptimi?
— Kecha shu masalada investor bilan gaplashib oldik. Andijonda quyosh batareyalarini ishlab chiqarish bo‘yicha 17 million yevrolik loyiha amalga oshiriladi. Korxonaga yer ajratish masalasi ham hal qilingan. Quyosh panellarini o‘zimizda ishlab chiqarmasak bo‘lmaydi. Kun sari aholi soni va tadbirkorlik sub’yektlari ko‘paymoqda. Ularga birinchi navbatda gaz, elektr va suv kerak. Shu maqsadda barcha loyihalar tayyorlandi, banklar bilan kelishilgan. Nasib qilsa yanvar oyida quyosh batareyalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

— Butun viloyat bo‘ylab ko‘pqavatli uylar qurilmoqda. Ularga kanalizatsiya tortish masalasi nima bo‘ladi?
— Viloyatda lokal kanalizatsiya tizimi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Har qanday turdagi binolarga o‘rnatish mumkin. Tumanlardagi ko‘p qavatli uylar mana shunday tizim bilan ta’minlanadi.

— O‘sha ko‘pqavatli uylar tabiiy gaz bilan qanday ta’minlanadi?
— Barcha tumanlarda ham gaz yo‘q, demoqchi emasman. Ko‘p qavatli uylarga esa tabiiy gaz yetib borishi shart. Shaxsan o‘zim buni nazoratga olganman. Chunki ko‘p qavatli uyda ko‘mir yoqish yoki gaz balon o‘rnatish mumkin emas. Xudo saqlasin, har-xil xolat bo‘lishi mumkin. Shuning uchun hamma ko‘p qavatli uylar gaz bilan ta’minlanadi.

— Andijon viloyatida gaz va elektr yetishmasligi tufayli odamlar ko‘chaga chiqishi holati uchrab turibdi. Bu borada hokim sifatida qanday izoh bera olasiz?
— Prezidentimiz bizdan xalqni rozi qilishni so‘rayapti. Biz hammasini ochiq aytishimiz kerak, bor narsani bor, yo‘q narsani esa yo‘q deyish shart. Odamlar yo‘q narsaga ishonib qolmasliklari kerak. Ochig‘ini tan olish lozim, qaysidir mahallalarga gaz bilan taminlash kafolati berilgan, ammo turli sabablar tufayli gaz yetib bormay qoldi. Buxorodan kelayotgan gaz bosimi pasayib ketgani bunga sabab bo‘ldi. Odamlarning talab qilishga haqqi bor. Biz imkon qadar ishlayapmiz. Fuqarolarimizga tushuntirishga, ular bilan targ‘ibot ishlarini olib boryapmiz.

— Hisobotda hamma sohada o‘sish qayd etilgan. Birorta ham sohada pasayish kuzatilmagan. Karantin iqtisodga ta’sir qilmadimi?
— Reja pandemiya sharoitidan kelib chiqib belgilangan. Biz ana o‘sha rejani oshirib bajarganimizni qayd etganmiz. Agarda pandemiya bo‘lmaganda, reja ham shunga yarasha bo‘lardi.

— Andijonda dori-darmon uchun kam harajat qilingan. Bunga sabab nimada?
— Dori bo‘yicha uchinchi marta hisobot beryapman shekilli. Birinchi marta dori-darmon ombori kalitini ko‘rsatganimda, «kalit kichkina-ku», deyishdi. Keyin yana shu masala ko‘tarilganda, jurnalistni omborga olib kirib, zaxirani ko‘rsatdim. Bu masalani to‘g‘ri qabul qilishingizni so‘rayman. Kasallik O‘zbekistonga kirib kelganda barcha viloyat hokimlari oldiga uch oylik dori-darmonni zaxira qilish vazifasi qo‘yildi. Xalqimizni kasallik balosidan olib chiqish uchun ishladik. Andijonda farmatsevtika rivojlangan, katta korxonalar bor. Bu korxonalar dori-darmonni Hindiston va boshqa mamlakatlardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib keldi, zaxira yaratdi. Hozir ham 24 milliard so‘mlik dori zaxirasi keragidan ortiq turibdi. Buni balki aytish noto‘g‘ridir, avvalo Xudo saqlasin, hozir kasallik pasaymoqda va shu bilan yo‘q bo‘lib ketsin. Andijonda dori-darmon masalasida hech qanday muammo yo‘q. Dorini o‘z vaqtida olib kelganimiz uchun muammo bo‘lmadi.

— Andijon, Namangan, Farg‘ona va Jizzax viloyati axborot xizmatlarining muammo borligi aytildi. Aynan mana shu holat bo‘yicha nima deya olasiz? Axborot xizmati faoliyatidan qoniqyapsizmi?
— Hamma narsadan qoniqdim, desam hayot to‘xtab qoladi. Yangi tizim bu, rivojlanishda davom etmoqda. O‘zgarish bor, albatta, ammo yetarli darajada emas. Viloyatdagi barcha ishlarni yoritib borish matbuotning vazifasi. Uch soatlik hisobotda ko‘p ishlar aytildi, ammo shularning barchasi xalqqa yetib bordimi, bu boshqa savol. Agar viloyatdagi barcha matbuot xizmatlarida qandaydir muammolar bo‘lsa, moddiy texnika bazasini ta’minlab beramiz.

— Qish kelib, juda ko‘p muammolar paydo bo‘lyapti. Bu jihatlar viloyatga qaysidir ma’noda bog‘liq emas. Viloyatga bog‘liq bo‘lgan narsa — yo‘l. Ko‘plab yo‘llarimizda yo‘lni ajratib turuvchi chiziqlar yo‘q.
— Hokimiyat binosidan chiqishingiz hamono yo‘llar chizilganini ko‘rishingiz mumkin. Bu narsaga juda katta e’tibor beramiz. Normativ bo‘yicha yo‘l chiziqlari bir yilda ikki marta chizilishi kerak. Ammo biz 5-6 marta ham chizyapmiz. Afsuski bo‘yoqning sifati yaxshi emas, uzoq vaqt turmaydi. Agarda shunday masalalarda muammo bo‘lsa, jurnalistlar menga yetkazishsa, vaziyatni o‘nglaymiz. Yo‘l chiziqlari uchun pul ajratilgan. Masalan, Asaka-Shahrixon yo‘li bugun kechasi bilan chizib chiqildi. Bir haftada hammasi yakunlanadi.

— Farg‘onaga ketishda Oltinko‘l, Shahrixon va Bo‘ston tumanlarida yo‘l juda notekis. Bu yo‘llarni qayta qurish rejasi yo‘qmi. Masalan Farg‘ona va Namanganda yo‘l ancha tekis.
— Siz aytgan yo‘l Buyuk Ipak yo‘li hisoblanadi. Respublika miqyosida pul ajratilib, bosqichma-bosqich ta’mirlanmoqda. Kelasi yilga 40 milliard so‘m pul ajratilgan. Bu juda katta ish, bir kunda qilish mumkin emas. Nasib qilsa bizda ham yo‘l tekis bo‘lib qoladi. Mahalliy yo‘llarga kelsak, o‘ydim-chuqurlarni yamash bo‘yicha katta talab qo‘yganmiz. Bu ham gaz bilan bog‘liq, asfalt tayyorlash ishlari nazoratga olingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring