G‘amxo‘rlik qiling, qadrlang!
Har yili 29-sentyabr – «Butunjahon yurak kuni» butun dunyoda nishonlanadi. Xalqaro yurak kuni «Yurak hayot uchun» shiori ostida o‘tkaziladi, tadbir dunyo bo‘ylab yurak-qon tomir kasalliklari epidemiyasi keltirib chiqarayotgan xavf borasida insonlarni xabardor qilishga qaratilgan.
Shu munosabat bilan bugun Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining maslahat poliklinikasida «Ochiq eshiklar kuni» o‘tkazildi. Ushbu tadbir tashkilotchisi CCL kompaniyasi vakili Shamsiddin Abdiyevning ta’kidlashicha, «Butunjahon yurak kuni»ning o‘tkazilishidan asosiy maqsad yurak-qon tomir tizimi kasalliklari, ularning paydo bo‘lish sabablari va oldini olish usullari haqida xabardorlikni oshirishdir.
Bugun aholi tekinga yuqori va tajribaga ega kardiojarrohlar ko‘rigi, EKG tekshiruvi, qondagi qand miqdorini aniqlash va aritmolog maslahatlarini olishdi.
Bu muhim sana bugungi kunda dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlarida nishonlanadi. Ushbu g‘oya Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) va YuNESKO tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Yurak-qon tomir kasalliklari dunyodagi o‘limning asosiy sababi bo‘lib, yiliga 18 million kishining hayotiga zomin bo‘ladi. Ushbu tadbir profilaktika global va individual darajada zarur ekanligini eslatib turadi.
Yurak-qon tomir kasalliklari xavfini kamaytirishga yordam beradigan bir qator tavsiyalar mavjud. Bu nafaqat yurakka, balki butun tanaga va umuman umumiy farovonlikka foydali ta’sir ko‘rsatadigan oddiy harakatlardir:
Diyetangizni kuzatib boring
Ratsioningizda karbongidratlar, tuz, un, shirinliklar va qizarib pishgan ovqatlarni kamaytirishga harakat qiling. Fast-fud va boshqa nosog‘lom ovqatlar jigar va qon tomirlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, shuning uchun yurak muammolari xavfi yosh o‘tgan sayin ortib boradi. Ko‘proq baliq, yong‘oq, bug‘doy non, yangi meva va sabzavotlarni iste’mol qiling. Oziq-ovqat miqdorini nazorat qiling, ortiqcha ovqatlanish ham tanaga salbiy ta’sir qiladi.
Sport eng yaxshi davo
Yurak va qon tomirlari kasalliklarining oldini olish uchun jismoniy faollik zarur. Yurak, har qanday mushak kabi, mashg‘ulotni talab qiladi. Kunni kundalik mashqlar bilan boshlang va asta-sekin yukni oshiring. Muvozanatni saqlash juda muhim – ortiqcha harakatlar foydadan ko‘ra zarar yetkazishi mumkin. Mashq qilishni oz bo‘lsa ham, muntazam ravishda amalga oshiring. Kundalik jismoniy mashqlar ham yurakni ortiqcha vazndan, yog‘dan xalos bo‘lishga yordam beradi.
Yetarlicha uyqu
Kam uyqulik sog‘lig‘ingizga jiddiy ta’sir qiladi, bu gipertenziya yoki yurak xurujiga olib keladi. Sog‘lom uyqu uzilishlarsiz 6-8 soat davom etadi. Uyqu sifatini yaxshilash uchun tushdan keyin kofedan voz keching, bir vaqtning o‘zida yotishga va turishga harakat qiling, kun davomida mashq qiling. Yotishdan oldin televizor ko‘rishni yoki ijtimoiy tarmoqlarda «sayr» qilishni to‘xtating.
Yomon odatlardan voz keching
Spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilish va chekish yurak-qon tomir kasalliklari xavfini oshiradi. Tanaga umumiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi, shuning uchun ulardan butunlay voz kechish yaxshiroqdir.
Stress bilan kurashishni o‘rganing
Stress hayotimizning ajralmas qismidir, bundan tashqari «yengil» stress tana uchun zarur bo‘lib, uni harakatga keltiradi. Biroq, surunkali stress va qisqa muddatli og‘ir asab tarangligi yurakka og‘irlik qiladi.
Yurakka g‘amxo‘rlik qiling va uni qadrlang!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter