Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

G‘alati jumboq: «ichkari»dagi hokim «tashqari»da qanday ishlashi mumkin?

G‘alati jumboq: «ichkari»dagi hokim «tashqari»da qanday ishlashi mumkin?

Joriy yilning 6 iyun kuni protsessual tartibda ushlangan Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov oradan bir kun o‘tib, sud ajrimi bilan qamoqqa olingani xabari berilgandi.

Qizig‘iki, o‘tgan ikki kun davomida B.Haydarov tomonidan shahar hokimi sifatida bir necha qarorlar qabul qilingani ma’lum bo‘lmoqda. Ya’nikim, hokim rasman qamoqqa olingan 7 iyun kuni 183-1-29-Q/22 va 184-1-29-Q/22-sonli qarorlar qabul qilgan go‘yo.

Har ikki hujjat tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini ajratish bo‘yicha onlayn auksionga yer maydonlarini joylashtirish to‘g‘risida bo‘lib, mansabdorning elektron imzosi bilan tasdiqlangan.

Bundan bir kun avval (ya’ni, B.Haydarov protsessual tartibda ushlangan kun) turli masalalarda 23 ta (!) qaror qabul qilgan. Ular orasida ayrim xodimlarga mehnat ta’tili berishdan to yer kovlashga oid to‘g‘risidagi qarorlar bor. Eng ko‘p qaror esa yuqorida qayd etilgan masala — tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini ajratish bo‘yicha onlayn auksionga yer maydonlarini joylashtirish to‘g‘risida?!

Allaqachon «ichkari»ga olingan amaldor qanday qilib, «tashqarida»gi ishlarni uddalagan — bu endi katta savol.

Mazkur savolgayam tergovda aniqlik kiritilar balki? Shuningdek, hokimning ishdan olingani haqida hamon biror rasmiy ma’lumot chiqmadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring