Farg‘onada dilerlik shoxobchasiga hujum uyushtirgan uch kishi ushlandi
2022 yil 19 fevral kuni soat 00:17 da noma’lum shaxslar yuziga niqob taqib, pichoq bilan qurollanib, Oltiariq tumani «O‘zbekiston» ko‘chasida joylashgan «Beeline» uyali aloqa kompaniyasi dilerlik shoxobchasiga hujum qilishdi.
Tergov departamenti xabariga ko‘ra, bosqinchilar u yerda bo‘lgan 21 yoshli T.Z.ga hujum qilib, unga pichoq tirab, hayot va sog‘liq uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitib, qo‘llari bilan urib, tan jarohati yetkazishadi va shoxobchada bo‘lgan 5.000.000 so‘m pulni talon-toroj qilib, hodisa bo‘lgan joyidan yashirinishadi.
Natijada T.Z. olgan tan jarohatlari bilan Oltiariq tuman tez tibbiy yordam markaziga murojaat qilgan. Unda «burun suyagining yopiq sinishi, burun sohasida shilingan jarohat» aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Oltiariq tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan noma’lum shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 164-moddasi 3-qismi «v» bandi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida mazkur jinoyatni Oltiariq tumanida yashovchi 31 yoshli A.X., 30 yoshli E.O. va M.A.lar tomonidan sodir etilganligi aniqlanib, ulardan mazkur jinoyatni sodir etishda foydalangan narsa va buyumlar hamda jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritgan pullar evaziga sotib olingan buyumlar ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Hozirda yuqoridagi shaxslar jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, protsessual tartibda ushlanishgan.
Tergov harakatlari davom etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter