Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yevropa Trampning qarorini qoraladi

Yevropa Trampning qarorini qoraladi

Trampning da’vosicha, xalqaro sud AQSh va ittifoqchilariga qarshi chora qo‘llashga haqli emas.

Yevropa Ittifoqi ijroiya va qonunchilik idoralari AQSh prezidenti Donald Trampning Xalqaro jinoyat sudiga (XJS) qarshi sanksiya kiritishga doir qarorini qoralamoqda.

Avval xabar berganimizdek, Tramp o‘tgan hafta Isroil rahbariyatini hibsga olish haqida order bergani sabab XJSga qarshi sanksiya joriy etdi. G‘azodagi jinoyatlarni tergov qilayotgan mas’ullar va ularning oilalariga nisbatan moliyaviy, viza cheklovlari kiritildi.

YeI komissarlari va Yevroparlament deputatlari qonunchilik idorasining Strasburg shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida XJSni himoya qilib chiqdilar.

Yevropa deputatlari fikricha, AQSh tomonidan jazo qo‘llanishi XJS olib borayotgan tergov-sud ishlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, umuman, dunyoda hisobdorlikni ta’minlash yo‘lidagi ko‘p yillik urinishlarni yo‘qqa chiqaradi.

«XJS tahdid, qo‘rqitish va bosim ostida qolayotgani o‘ta taassuflanarlidir. Xalqaro sudga, uning xodimlariga va uning ishida qatnashayotgan barcha shaxslarga tahdidlarni oqlab bo‘lmaydi», – dedi Polshaning YeI ishlari bo‘yicha vaziri Adam Shlapka.

Avvalroq Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen ham Tramp tomonidan sanksiya joriy etilishi XJS tomonidan Ukrainadagi jinoyatlar bo‘yicha olib borilayotgan tergov ishiga xalal berishini aytgandi.

«XJS xalqaro jinoyatlar uchun javobgarlikni kafolatlaydi va butun dunyoda jabrdiydalarga o‘z dardini aytish imkonini beradi. U butun dunyoda jazosizlikka qarshi to‘sqinliksiz kurasha olishi lozim», – degan Yevrokomissiya prezidenti.

Yevropa kengashi raisi Antoniu Koshta ham XJSning mustaqilligi va daxlsizligi xalqaro miqyosda adolat o‘rnatishda muhimligini ta’kidlagan.

Xabaringiz bor, 2024 yil 21 noyabr kuni Xalqaro jinoyat sudi G‘azo sektorida insoniyatga qarshi va urush jinoyatlari sodir etgani uchun Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olishga order berdi. Ushbu ikki shaxsga G‘azo sektoridagi tinch aholini yashash uchun zarur bo‘lgan suv, dori-darmon, oziq-ovqat, tibbiy jihozlar, yoqilg‘i va elektr energiyasidan qasddan mahrum qilish aybi ham ilgari surilgan.

Xalqaro jinoyat sudi – doimiy asosda faoliyat yurituvchi yuridik organ bo‘lib, 1998 yil 17 iyulda imzolangan Rim statutiga asosan ta’sis etilgan. Mahkama xalqaro miqyosdagi og‘ir qilmishlar – genotsid, insoniyatga qarshi va harbiy jinoyatlarni ko‘rib chiqadi. Rim statutini imzolagan 123 davlat mahkama hujjatlarini bajarishga majbur.

Inson huquqlarini bayroq qilgan AQSh tomonidan global miqyosda adolatni ta’minlashda muhim o‘rin tutib kelgan XJSga jazo choralari qo‘llanishi misli ko‘rilmagan holat deb baholandi. Kuzatuvchilar bu hol ikkiyuzlamachilik o‘laroq baholanishidan ogohlantirgan.

Gap shundaki, AQSh rahbariyati xalqaro sud 2023 yil 17 mart kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olishga order berganida bu qarorni birinchilardan bo‘lib qo‘llab-quvvatlagan edi.

Xalqaro mahkama prokurori Karim Xonga ko‘ra, Isroilning yuqori rutbali amaldorlariga nisbatan tergov olib borish payti unga tahdidlar bo‘lgan, hatto amaldorlardan biri xalqaro mahkama G‘arb va uning ittifoqchilari uchun emas, balki «Afrika va Putin kabi kallakesarlar uchun tuzilgani»ni  uqtirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring