Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yevropa Ittifoqi ta’limni mehnat bozori bilan bog‘laydigan loyihani moliyalashtirdi

Yevropa Ittifoqi ta’limni mehnat bozori bilan bog‘laydigan loyihani moliyalashtirdi

Bugun, 12-mart kuni Surxondaryo viloyatida yangi ta’mirdan chiqqan va jihozlangan Qiziriq agrotexnologiyalar texnikumi foydalanishga topshirildi. Ushbu ta’lim maskani Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan «O‘zbekistonning qishloq joylarida ishga joylashish ko‘nikmalarini rivojlantirish» loyihasi doirasida ta’mirlandi.

Ochilish marosimida O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov, Yevropa Ittifoqi elchisi Sharlotta Adrian va UNESCOning O‘zbekistondagi vakili Sara Noshadi xonimlar ishtirok etdi. Bundan tashqari, hukumat rasmiylari, YeIga a’zo bir qator davlatlar elchilari va jamoatchilik vakillari ham hozir bo‘ldi.

O‘zbekistonda qishloq va suv xo‘jaligi kabi muhim tarmoqlarda professional ta’lim tizimini takomillashtirishga qaratilgan loyiha doirasida 986,85 kvadrat metr maydonda ta’mirlash ishlari olib borildi, ustaxonalar, o‘quv xonalari va laboratoriyalar zamonaviylashtirildi, muassasa qishloq xo‘jaligi traktorlari, agregatlar, AKT uskunalari kabi resurslar bilan jihozlandi. Ta’lim maskani 17 ta maxsus kvalifikatsiya bo‘yicha keng qamrovli o‘quv dasturlarini taklif etadi. Bu borada ta’limni mehnat bozorining real ehtiyojlari bilan bog‘laydigan zamonaviy dasturlarga alohida e’tibor qaratiladi.

YI elchisi Sharlotta Adrian ushbu tajriba kolleji O‘zbekiston yoshlari uchun porloq kelajakka yo‘l ochish, professional ta’limni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarning davomi ekanini qayd etdi.

UNESCO tomonidan amalga tatbiq etilayotgan loyiha O‘zbekiston hukumatining qishloqlarda aholi turmush darajasini yaxshilash, sifatli professional ta’lim imkoniyatlarini oshirish maqsadiga hamohangdir.

YI delegatsiyasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, loyiha O‘zbekistonda aholi, ayniqsa, yoshlarning bandligini oshirish, zamonaviy qishloq va suv xo‘jaligi sektori talablariga javob beradigan kadrlarni tayyorlashga qaratilgan.

Avval xabar berganimizdek, Surxondaryo viloyati Termiz shahrida Yevropa Ittifoqi bilimlar markazi ham ochilgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring