Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Erdo‘g‘on Falastin–Isroil ziddiyati borasida amaliy taklif ilgari surdi

Erdo‘g‘on Falastin–Isroil ziddiyati borasida amaliy taklif ilgari surdi

Falastin–Isroil ixtilofini yechish uchun xalqaro tinchlik anjumani tashkil etish zarur. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on mamlakat parlamenti majlisidagi nutqida gapirgan.

«Adolatli tinchlikda mag‘lub tomon bo‘lmaydi» degan ta’limotga chin dildan ishongan davlat sifatida mintaqadagi barcha nufuzli shaxslar ishtirok etadigan «Xalqaro Falastin – Isroil tinchlik konferensiyasi» tashkil etishni tavsiya qilamiz. Ushbu anjuman so‘nggi 30 yil ichida Madriddan Oslogacha, Sharm ash-Shayxdan Annapolisgacha bo‘lgan ko‘plab uchrashuvlarning natijasiz tugashidan olingan saboqlar asosida o‘tkazilishi kerak», – degan siyosatchi.

Erdo‘g‘on Turkiya gumanitar, siyosiy va harbiy mulki bilan Falastinning kafillaridan biri bo‘lishga tayyor ekanini bildirgan.

U G‘azodagi qirg‘in va vayronagarchilik uchun Isroilga cheksiz yordam ko‘rsatayotganlar ham aybdor ekanini ta’kidlagan.

«Urush avj olib ketmasligi uchun barcha ishtirokchilar mas’uliyat bilan harakat qilishi, mintaqadan tashqarida bo‘lgan kuchlar esa «Isroil bilan birdamlik» deya olovga moy sepishni bas qilishi kerak. Men sog‘lom tafakkur va vijdonga ega bo‘lgan barcha mamlakatlarni Netanyahu hukumatiga Isroil davlatini aql ishlatib ish ko‘rishga qaytarish uchun bosim o‘tkazishga chorlayman», – degan Erdo‘g‘on.

Avval xabar berganimizdek, Turkiya rahbari G‘azodagi ayanchli vaziyat tufayli Isroilga rejalashtirilgan tashrifini bekor qilgan, mintaqada tinchlik o‘rnatilishi mustaqil Falastin davlatining barpo etilishiga bog‘liq ekanini ta’kidlagan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring