Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ektor Kuper: «Bu — Vitaliy Denisov endi terma jamoaga umuman chaqirilmaydi, degani emas»

Ektor Kuper: «Bu — Vitaliy Denisov endi terma jamoaga umuman chaqirilmaydi, degani emas»

Turkiyaning Antaliya shahrida yig‘in o‘tkazayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper yig‘in va bo‘lajak Osiyo Kubogi haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. O‘FA matbuot xizmati argentinalik mutaxassis fikrlarini keltirib o‘tdi.

«Turkiyadagi yig‘inga 27 nafar futbolchini olib keldik. O‘zbekistonda mavsum endi tugadi, futbolchilarning jismoniy holatlari har xil. Mashg‘ulotlar paytida har qanday holat ro‘y berishi mumkin, jarohatlardan hech kim kafolatlanmagan. Shu sababli biz yig‘inga ko‘proq futbolchi olib kelishga qaror qildik. Terma jamoaning o‘zagi esa allaqachon shakllanib bo‘lgan. Futbolchilarning ko‘pligi raqobatni kuchaytiradi. Yangi jalb qilingan futbolchilar ham o‘zlarini ko‘rsatishga intilib, natijada terma jamoadagi asosiy tarkibga bo‘lgan sog‘lom raqobat kuchayadi», deya qayd etdi murabbiy.

«Yig‘inning dastlabki kunlari Antaliyada kuchli yomg‘ir yog‘di. Lekin bu holat bizni to‘xtatib qololmadi. Har qanday ob-havo sharoitida mashg‘ulotlarni davom ettirdik. Yig‘inga jalb qilingan barcha futbolchilar haqida ijobiy fikr bildirish mumkin. Masalan, Turkiyaga 4 nafar darvozabon olib keldik. Ularning barchasi yaxshi sport formasida. Bizga bog‘liq bo‘lmagan holda ba’zi futbolchilarni tarkibdan chiqarishga majbur bo‘ldik. Masalan, Ivan Nagayev jarohati sababli yig‘inni erta tark etdi. Eldor Suyunov esa qo‘lidan olgan jarohati sababli Turkiyaga kela olmadi», fikrini davom ettirdi Kuper.

Murabbiyning aytishicha, raqobatni kuchaytirish maqsadida barcha pozitsiyalar bo‘yicha bir necha nafar futbolchilar ko‘rib chiqilmoqda. Masalan, Fozil Musayev yaqinda jarohatidan tiklanib safga qaytganiga qaramay, u yarim himoya pozitsiyasida raqobatni ancha kuchaytira olishiga ishonadi. 

«Vitaliy Denisovni yig‘inlar davomida ko‘rdik. Undan tashqari, Rossiya chempionatidagi o‘yinlarini kuzatib bordik. O‘zimizga xulosa chiqardik. Qaror qabul qilishda asosiy omil sifatida uning hozirgi holatini keltirish mumkin. Denisovning pozitsiyasida o‘ynaydigan 2 nafar futbolchimiz bor: Farrux Sayfiyev va Oleg Zoteyev. Muxlislardan ba’zilari Zoteyevni olish kerak edi desa, ba’zilari Farrux undan kuchliroq deydi. Hammaning fikri har xil. Lekin yakuniy qarorni murabbiy qabul qiladi. Mening qarorim ham 100 foiz to‘g‘ri bo‘lib chiqadi, deb ayta olmayman. Agar xato bo‘lsa, ayb menda bo‘ladi. Bu degani Vitaliy Denisov endi O‘zbekiston terma jamoasiga umuman chaqirilmaydi, degani emas. Biz keyinchalik Jahon chempionati saralashlarida uning xizmatidan foydalanmoqchimiz. Umuman olganda, har bir futbolchi ba’zan terma jamoadan chaqiruv olishiga, ba’zan esa tarkibdan chetda qolishiga hamisha tayyor turishi kerak. Futbolchilar milliy terma jamoa uchun ba’zi narsalarni qurbon qila olishi kerak. Shundagina u terma jamoa tarkibida muvaffaqiyatga erisha oladi», dedi Ektor Kuper.

Uning aytishicha, Xitoyda Osiyo chempionligiga erishgan O‘zbekiston U-23 terma jamoasida ko‘plab iqtidorli futbolchilar bor. Lekin ularning hammasi ham milliy terma jamoa tarkibida yaxshi o‘yin ko‘rsatib keta olmaydi. Chunki o‘z tengqurlariga qarshi yaxshi o‘ynagan futbolchi o‘zidan katta yoshdagi futbolchilar bilan o‘yinda yo‘qolib qolishi mumkin.

«Men nafaqat O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi, balki yoshlar va o‘smirlar terma jamoalaridagi futbolchilarni ham kuzatib bormoqdaman. Umuman olganda, tarkibga futbolchi jalb qilayotganda yoshiga qaramayman. Ba’zilar 35 yoshdan keyin futbolchi terma jamoaga foyda bera olmaydi, deb o‘ylab, uni hisobdan chiqara boshlaydi. Men futbolchining o‘sha paytdagi sport formasiga, jismoniy holatiga qarayman», dedi murabbiy.

«O‘tgan 4 oyga yaqin vaqt davomida O‘zbekiston milliy terma jamoasining o‘z o‘yin uslubini shakllantirishga harakat qildik. Biz Osiyo Kubogida ana shu o‘yin uslubimizda to‘p suramiz. To‘g‘ri, kuchli raqiblarga qarshi o‘ynaydigan bo‘lsak, taktikamizga ba’zi o‘zgarishlarni kiritishimiz mumkin. Men Misr terma jamoasini boshqarganimda, Gana, Nigeriya kabi kuchli terma jamoalarga qarshi o‘yinlarda boshqacha harakat qilardik. 

Har bir murabbiyning o‘z falsafasi bor. Agar tarkibdagi futbolchilar mazkur falsafani to‘g‘ri tushuna olsa va maydonda borini berib harakat qilsa, albatta jamoa o‘z oldiga qo‘ygan maqsadga erishadi», deya fikrini yakunlagan Ektor Kuper.

Eslatib o‘tamiz, kecha Ektor Kuper Osiyo Kubogiga boradigan tarkibni e’lon qilgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring