Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ekoqo‘mita va Qashqadaryo viloyati hokimligi diqqatiga! «Oqsuv»dagi og‘riqli bitiklar

Ekoqo‘mita va Qashqadaryo viloyati hokimligi diqqatiga! «Oqsuv»dagi og‘riqli bitiklar

Chapda uch yil avvalgi holat, o‘ngda hozirgi holat.

Foto: Xabar.uz

Qashqadaryoning Shahrisabz tumani hududidan boshlanuvchi Oqsuv daryosi suvi ko‘pchilikning koriga yaraydi.

Daryo bo‘yidagi soya-salqinda yozda ko‘pchilik dam oladi, cho‘miladi.

Dehqonlar daryo va unga yondosh kanallar suvidan foydalanadi. Xullas, daryo katta ne’mat...

Ammo daryo o‘zanidagi boshboshdoqlik, tabiatga bo‘lgan munosabat kishini xunob qiladi. Tabiatdan xo‘jasizlarcha foydalanish uni chiqindilarga to‘la, ko‘rimsiz hududga aylantirmoqda. 

Qashqadaryo viloyatida aholi shiddat bilan ko‘paymoqda. Qurilishlar ko‘p, tabiiyki qum-shag‘alga ham talab yuqori. Mazkur biznes yaxshigina «soqqa» keltirishi ravshan.

Foto: Xabar.uz

Yaqin-yaqingacha daryo o‘zanida sholikorlar ko‘p edi, daryobo‘yi obod, serhosil yerlar edi. 

Ammo iqlim o‘zgarib boraverdi, suv kamaydi, hech kim ekin ekmay qo‘ydi. Yulg‘unzorlar ayamay kesilib, o‘tin qilindi, deydi mahalliy aholi vakillari. 

Avvalroq xuddi shu daryo bo‘yicha o‘zboshimchalik bilan qum-shag‘al olayotganlar jazolangani xabar berilgandi. Ammo quyidagi tasvirlar Ekologiya qo‘mitasi tomonidan olib borilayogan tekshiruvlar susaygani ko‘rsatadi, guyo.

O‘ngdan chapga: 2020 va 2022 yildagi holatlar. Foto: Xabar.uz

Shu turishda ham suvi kamayib borayotgan daryodan katta-katta yuk mashinalarida o‘zboshimchalik bilan qum-tosh tashish avjiga chiqqan. Bugun daryoni tanib bo‘lmaydi. Atrof qush uchsa qanoti kuyadigan uydim-chuqurlikka aylangan. 

Daryo o‘zanlaridan qum-shag‘al qazish uchun qanday ruxsat olinishi bo‘yicha ushbu xabarda batafsil ma’lumot berilgan.

Ammo mazkur materialda ta’kidlanishicha, ushbu ishni amalga oshirish ko‘pgina chig‘iriqlardan o‘tiladi, va eng asosiysi tabiatni ziyon yetmasligi shart. 

Daryoning yuqori oqimida tabiat bir qadar saqlab qolingan. Ammo jamoatchilik nazorati bo‘lmasa, odamlarda ekologiyaga munosabat o‘zgarmasa, bunday go‘zal tabiat manzaralari ham xavf ostiga qoladi. 

Foto: Xabar.uz

Bugungi anomal issiq bizga tabiatni asrash naqadar muhimligini ko‘rsatib berdi. Aks holda kelajak avlodga yanada ko‘proq qiyinchiliklar meros qolishi turgan gap. 

Solishtirish qanchalik og‘riqli bo‘lmasin, Qashqadaryoning ayrim cho‘l hududlarida aholi ichimlik suvi masalasida qiynaladi. Suv maxsus mashinalarda, sotib olinib iste’mol qilinadi. Viloyat hokimi Murod Azimov ham Prezident Shavkat Mirziyoyev videoselektorida viloyatdagi og‘ir ahvol haqida gapirgandi. 

Endi tasavvur qiling, shunday holatda viloyatning qon tomirlaridan biri bo‘lgan Oqsuv daryosi atrofida ushbu ko‘ngilsiz holatlar kuzatilmoqda. 

Davlat ekologiya qo‘mitasi, Qashqadaryo viloyati hokimligi, Kitob va Shahrisabz tumani hokimliklaridan mazkur muammo yuzasidan javob kutib qolamiz. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring