DXX bir guruh shaxslarni ushladi

Davlat xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament vakillari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda firibgarlik bilan shug‘ullangan bir qator shaxslar ushlandi.
DXX Namangan viloyati boshqarmasi xodimlarining Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida Namangan shahrida yashovchi Turkiya Respublikasi fuqarosi go‘yoki viloyat IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasida ishlovchi tanishlari orqali biometrik va xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirib berish evaziga mahalliy fuqarodan firibgarlik yo‘li bilan 200 AQSh dollari va 2 mln. so‘m pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Aniqlanishicha, mazkur shaxs Turkiya Respublikasidan deportatsiya bo‘lgan bir nechta fuqarolarning ushbu davlatga kirish huquqlarini tiklab berishni va’da qilib, muqaddam ulardan chet el valyutasida pul mablag‘lari ham olgan.
DXX Jizzax viloyati boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Paxtakor tumanida yashovchi «T.S.»ning noqonuniy xatti-harakatiga chek qo‘yildi.
Vakolati bo‘lmasa-da, T.S. «Sirdaryo – Zarafshon» irrigatsiya tizimlari boshqarmasiga tegishli bo‘lgan Paxtakor tumanidagi 29-K-2-2 kollektorning muhofaza hududiga kiruvchi 30 sotix yer maydonini mahalliy fuqaroga
12 mln. so‘mga sotishga kelishib, ushbu pullarni olgan vaqtida ushlandi.
DXX Surxondaryo viloyati boshqarmasi xodimlarining Bosh prokuratura huzuridagi Departament vakillari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida Termiz bank kolleji direktori o‘rinbosari «B.O‘.» Muzrabot ijtimoiy-iqtisodiyot kasb-hunar kollejini bitirganlik to‘g‘risida soxta diplom rasmiylashtirib berishni va’da qilib, fuqarodan 8 mln. so‘m olgan vaqtida ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida u mazkur masalada yordam berishini aytib, muqaddam 2 mln. so‘m olganligi ham ma’lum bo‘ldi.
Hozirda aniqlangan holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter