Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Talabalar o‘z joniga qasd qilyapti: Buxorodagi yangi universitetda nima gap?..

Talabalar o‘z joniga qasd qilyapti: Buxorodagi yangi universitetda nima gap?..

Buxoro muhandislik-texnologiya instituti hamda Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish institutining Buxoro davlat texnika universiteti maqomini olganiga ko‘p bo‘lmagan. Joriy yil 24-yanvardagi PQ-22-sonli Prezident qaroriga muvofiq, birlashgan ikki oliygoh talabalari hozirgi kunda universitetda o‘qishlarini davom ettirib kelmoqda. 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab, bitiruvchilarga belgilangan tartibda Universitet diplomi beriladi.

Shuningdek, yuqoridagi qarorga muvofiq, boshqaruv kadrlar lavozimlarini oliy ta’lim tashkilotlarida yuqori natijalar ko‘rsatgan, uzoq yillik ish tajribasiga ega, xorijiy tillarni biladigan, nufuzli xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olgan yoki malaka oshirgan istiqbolli mutaxassislar, ustuvor ravishda, ilmiy darajaga ega bo‘lgan yuqori malakali kadrlar bilan to‘ldirish choralari ko‘rilyapti.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi yangi universitet rektori vazifasiga Buxoro muhandislik-texnologiya instituti prorektori Sobir Saidovni vaqtincha tayinlagan. Shunga qaramasdan, bugungi kunda ikki sobiq oliygoh rektorlari  – S.Siddiqova va Sh.Imomovlar hali-hanuz o‘z amalida. Bu holat esa maqomi universitetga o‘zgargan oliygohda rahbarlik uchun zimdan «kurash» ketayotgani haqidagi gaplarni bolalatyapti. Muhokamalarda universitet tashkil etilganiga uch oydan oshayotganiga qaramay, aniq bir rektorning tayinlanmagani, ichki kelishmovchiliklar talabalaru ishchi-xodimlarni ham tashvishga solayotgani «ichkari»dagi ma’naviy muhitga o‘z ta’sirini o‘tkazib, uning izdan chiqishiga sabab bo‘layotgan aytilyapti…

Bularni kuzatib, beixtiyor Ivan Krilovning «Oqqush, cho‘rtanbaliq va qisqichbaqa» masalini yodga olasiz. Masaldan olinadigan xulosa shundaki, ishtirokchilarning turli yo‘nalishlarda harakat qilishi o‘sha ishni hech qachon oldinga siljitmaydi. Aravani birgalikda bir tomonga tortish esa muvaffaqiyatga sabab bo‘ladi.

Keyingi bir necha oy ichida Buxoro davlat Texnika universiteti (Buxoro muhandislik-texnologiya instituti) talabalari o‘rtasida sodir bo‘layotgan noxush hodisalar ko‘pchilikni qayg‘uga solmoqda. Talabalar o‘rtasidagi hudkushlik bunda tahsil olayotgan boshqa talabalarni ham, universitet jamoasini ham vahimaga solayotgani bor gap.

2024 yilning dekabr oyi boshida institut yotoqxonasida sodir bo‘lgan ayanchli holat orti hali sovimay turib, kuni kecha yana ikki talabaning ketma-ket o‘z joniga qasd qilgani sabablari «yopiq»ligicha qolmoqda. Shaxsini ochiqlashni istamagan universitet xodimining so‘ziga ko‘ra, o‘z joniga qasd qilayotgan talabalarning barchasi Navoiy viloyatidan.

«Bu bizni ham o‘ylantirib, tashvishga solmoqda. O‘tgan yilning dekabr oyida sirka kislotasi ichib, o‘z joniga qasd qilgan qiz ham asli navoiylik edi. Ayni paytda huquq-tartibot organlari tomonidan surishtiruv-tergov ishlari olib borilmoqda. Biror bir fikr yoki munosabat bildirishga ojizman. Faqat qayg‘udamiz, xolos!» - deydi u.

Joriy yilning 27 aprel kuni ham Buxoro davlat texnika universiteti yotoqxonasida noxush voqea sodir bo‘ldi. Unga ko‘ra, kimyoviy oziq-ovqat fakultetining talabasi Sh.A. (erkak) o‘z joniga qasd qilgan. Ma’lum qilinishicha, u universitetning yangi yotoqxonasi binosi 4-qavatida o‘zini osgan. Navoiylik talaba.

Ushbu noxush voqeaning keyingi kuni, ya’ni 28 aprelda D.F. ismli 1-kurs talabasi (erkak) ham o‘z joniga qasd qilgan. Talabaning jasadi universitet yotoqxonasildan osilgan holatda topilgan. Bu talabaning ham aynan Navoyi viloyatidan ekani ko‘pchilikni o‘ylantirmoqda.

Universitet mas’ulining so‘ziga ko‘ra, ayni paytda mazkur ta’lim muassasasida 18 mingdan ortiq talaba-yoshlar tahsil olmoqda. Psixologlar tomonidan talabalar o‘rtasidagi psixologik stressni bartaraf etish va ruhiy holatlarini yaxshilash uchun individual va guruhli suhbatlar olib borilmoqda, tavsiyalar berilmoqda.

«Shuncha chora-tadbirlarni amalga oshirib kelsak-da, har kun har soatidan xabardor bo‘lishga harakat qilayotgan bo‘lsak ham, talabalarning o‘zlarini bunday tutishayotgani, hatto, o‘zimizni ham xavotirga solib qo‘ymoqda. Nafaqat, talabalar, o‘zimiz ham vahimada ekanligimiz rost», - deydi suhbatdosh.

Universitetdagi bunday ko‘ngilsiz va noxush holatlar odamlar orasida ham muhokamaga mavzusiga aylanib, farzandlari aynan shu muassasada tahsil olayotgan ota-onalarni ham tashvishlantirib qo‘ygan.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu hudud bir paytlar katta qabriston bo‘lgan va 1977 yilda qabriston buzilib, o‘rnida o‘quv korpusi tiklangan.

«Nevaram shu universitetda o‘qiydi, bolam. Hozir xabar olgani keldim. Xavotirim oshdi-da. E-e, bu manzil avval katta qabriston edi. Bolaligimiz shu qabristonda qo‘y boqib, o‘t yulib o‘tgan. Otamiz «Bu yerlarda nojoiz ishlar qilmanglar, yo‘qsa, boshing, labing, ko‘zing qiyshiq bo‘lib qoladi... », deya uqtirganlari uchunmi, yomondan tiyilib o‘sganmiz. Tez-tez xatmi Qur’onlar o‘qib, tilovatlar qilib turish kerak. Og‘ir joy, og‘ir...», - deydi 68 yoshli Buxoro shahrilik otaxon.

Keyingi suhbatdosh esa bugungi kunda yoshlarini qiyin vaziyatlar va turli sinovlarga dosh bera olmaslikda, chidamsizlikda ayblaydi.

«Osongina o‘lish – bu to‘g‘ri yo‘l» deb anglashmoqda. Bu – ojizlik. Bu – o‘zi bilan birga, ota-onasini ham go‘rga ko‘mish. Yoshlarning ko‘pchiligi o‘z umrini internetga, ijtimoiy tarmoqlarga «sotib» bo‘ldi. Har qanday vaziyatdayam, men yoshlarning bunday xatti-harakatini hecham oqlamayman», - deydi u.

Ayni paytda yangi universitetdagi hudkushliklar yuzasidan Buxoro shahar prokuraturasi tomonidan tergovga kadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. 

O‘z navbatida, Prezidentning yuqoridagi qarori ijrosini  samarali tashkil qilishga mas’ul etib oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri K.Sharipov hamda Buxoro viloyati hokimi B.Zaripov belgilangan. Yangi tashkil etilgan universitet rahbariyatini tayinlash borasidagi masala tez kunlarda o‘zining barqaror yechimini topadi, deb umid qilamiz.

Yirik ta’lim muassasasi o‘zaro mansab talashishlar fonida ma’naviy bo‘shliq ichida qolib ketmasligi kerak.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring