Chet elga ishga yuborishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi

Samarqand shahrida xorijiy davlatlarga ishga joylashtirish bahonasida fuqarolarni aldab, katta miqdorda pul o‘zlashtirgan shaxslar aniqlandi.
Departamentning Samarqand shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda «S.S» MChJ ta’sischisi O.O‘. va ish boshqaruvchisi S.R. internet tarmoqlari orqali Germaniya va Angliyaga ishga joylashtirish haqida e’lon berib, 6 nafar fuqaroning jami 12 700 AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganliklari aniqlangan.
Shuningdek, Departamentning Uchtepa tumani bo‘limi, DXX va IIV xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro Ye.M., fuqaro I.S. va uning tanishlarini Germaniyaga viza olib berishni va’da qilib, 12 000 dollardan 6 000 dollarini olgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Har ikkala holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter