Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dunyoda 37 mln OIV bilan kasallangan insonlar yashamoqda!

Dunyoda 37 mln OIV bilan kasallangan insonlar yashamoqda!

 OITS to‘g‘risida nimalarni bilishimiz kerak?

Butun jahonda millionlab insonlarning umriga zomin bo‘layotgan, ko‘plab oilalarning tinchligini buzayotgan va shu bilan birgalikda dunyodagi davlatlar iqtisodiga katta zarar yetkazayotgan OIV infeksiyasi o‘zining oqibatlari bilan insoniyatning eng dolzarb muammolaridan biri bo‘lib qolmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining OIV/OITS bo‘yicha dasturi (YuNEYDS)ning bergan ma’lumotlariga ko‘ra dunyo bo‘yicha ayni kunda 37 mln OIV infeksiyasi bilan yashayotgan shaxslar hisobga olingan. Kasallik turli yoshdagi aholi orasida, ayniqsa, navqiron 20 — 49 yoshlilar o‘rtasida ko‘proq qayd etilishi bilan ajralib turibdi.

OIV infeksiyasi nima?

OIV infeksiyasi – odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan surunkali yuqumli kasallik hisoblanib, virus bemor odam organizmida uning butun hayoti davomida saqlanib qoladi. Infeksiya dastlab yashirin tarzda kechadi, bu davr aynan xavfliroq bir necha oydan 5 — 10 yilgacha va undan ham ortiqroq davom etishi mumkin. Kasallikning yashirin davrida, virusni yuqtirib olgan shaxslar ko‘rinishidan sog‘lom bo‘lib, ularda kasallikning hech qanday belgilari kuzatilmaydi. Kasallikning shu davri ancha xavfli hisoblanib, OIVni yuqtirib olgan shaxslar o‘zlari bilmagan holda kasallikni boshqalarga yuqtirib yurishlari aniqlangan. OIV infeksiyasida odamning tashqi muhit tajovvuzidan himoyalovchi immunitet tizimi me’yorda ishlab tursa, u yillar davomida virusning tajovuzini bosib turadi. Ammo, vaqt o‘tishi bilan virus organizmda ko‘payib asta-sekin immun tizimini mutlaqo izdan chiqaradi va natijada OITS rivojlanadi.

OITS — «Asr vabosi»

Orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi (OITS) — bu odamning immun tizimini immunitet tanqisligi virusi shikastlashi natijasida kasallik belgilari kelib chiqadigan OIV infeksiyasining so‘nggi bosqichidir.

Kasallik qanday yo‘llar bilan yuqadi?

Kasallik bir odamdan boshqa odamga asosan 3 xil yo‘l bilan yuqadi:

— OIV bilan zararlangan odamlar bilan himoyalanmagan jinsiy aloqa qilganda — jinsiy;

— giyohvand moddalarni guruh bo‘lib tomir orqali qabul qilganda, virus bilan zararlangan, tekshirilmagan qon va uning tarkibiy qismlari quyilganda, zararsizlantirilmagan jarrohlik, doyalik, stomatologik va boshqa tibbiy asboblar orqali tibbiy muolajalar olganda, shprits va ignalardan umumiy foydalanilganda — parenteral;

— infeksiyani yuqtirib olgan homilador onadan bolaga homiladorlik davrida jarohatlangan yo‘ldosh orqali, bola tug‘ilishi jarayonida tug‘uruq yo‘llari jarohatlanishi tufayli va bolani emizish jarayonida ona suti orqali — vertikal yo‘l bilan yuqishi isbotlangan.

Kasallik belgilari qanday?

Virus qonga tushganidan so‘ng dastlabki davrlarda odam o‘zini sog‘lom his etadi. Bu holat hattoki 8 —  10 va undan ko‘p yillargacha davom etishi mumkin. Vaqt o‘tishi bilan viruslar soni organizmning himoyalovchi xujayralaridan ortib ketganidan so‘ng dastlabki klinik belgilar: sababsiz uzoq davom etuvchi yo‘tal; odamning qisqa vaqt ichida keskin ozib ketishi; haroratning uzoq vaqt sababsiz ko‘tarilishi; uzoq vaqt ich ketishi (diareya); og‘iz bo‘shlig‘i va turli a’zolarning yallig‘lanish belgilari; xavfli o‘smalarning rivojlanishi nomoyon bo‘la boshlaydi. Bemorlar OIVning bevosita ta’siridan emas, balki yuqoridagi qo‘shimcha kasalliklarning asoratlari tufayli aziyat chekadilar.

OITS bu hayot tugadi degani emas...

Dunyoning ko‘p davlatlarida OIV infeksiyasiga qarshi vaksina va dori vositasini yaratish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borilmoqda va yaqin yillarda ushbu kasallikdan butunlay holi qiluvchi dori vositalari yaratilishi ham ehtimoldan yiroq emas. Quvonarli tomoni shundaki, bugungi kunda OIV infeksiyasini yuqtirib olgan odamning umrini sog‘lom odamning umrichalik cho‘zish mumkin. Buning uchun virusga qarshi davolash usuli — retrovirusga qarshi terapiya mavjud. OIV retroviruslar oilasiga mansub virus bo‘lgani uchun unga qarshi dori vositalarini — retrovirusga qarshi preparatlar deb, unga qarshi davolash usulini esa retrovirusga qarshi terapiya (RVQT) deb yuritiladi. RVQT virusni to‘liq yo‘q qilmasa ham, uning bemor qonida ko‘payib borishiga yo‘l qo‘ymaydi, ya’ni uning ta’sirida qonda viruslar soni kamayib, immunitet kuchayadi, virusga qarshi kurashuvchi hujayralarning (SD4) soni ortib, bemorning ahvoli yaxshilanib boradi, OIV infeksiyali shaxsni sog‘lom hayot kechirishi va uzoq umr ko‘rishiga imkon yaratadi.

1-dekabr «Butun jahon OITSga qarshi kurash» kuni

Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni 1988-yildan boshlab dunyo bo‘ylab har yili 1-dekabr kuni nishonlanadi. 2004-yildan boshlab mazkur sana Butunjahon OITSga qarshi kurash tashabbusining Global boshqaruv qo‘mitasi butun dunyo bo‘ylab fuqarolik jamiyati, OITSga qarshi kurash sohasida faoliyat yuritayotgan turli tashkilotlar va hukumat idoralari bilan birgalikda har yili Butunjahon OITSga qarshi kurash kunini nishonlash munosabati bilan muayyan bir mavzuni belgilab olib, tegishli chora-tadbirlarni o‘tkazish amaliyotini yo‘lga qo‘ygan.

Respublikamizda kasallikning oldini olish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasida odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik tarqalishiga qarshi kurashish yagona tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3493-sonli Qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik tarqalishiga qarshi kurashish va shifoxona ichki infeksiyalarini profilaktika qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2018-yil 22-iyundagi PQ-3800 sonli Qarorlarining ijrosini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilgan tadbirlar natijasida so‘nggi yilarda Respublikada OIV infeksiyasi bo‘yicha epidemik vaziyatda barqarorlashish kuzatildi.

OIV infeksiyasi va qon orqali yuquvchi boshqa infeksiyalarning oldini olish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasida 2015 — 2017-yillarda gemokontakt infeksiyalarning oldini olishni yanada takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasi» amalga oshirildi. Davlat dasturlari asosida davolash-profilaktika muassasalarini moddiy-texnika bazasini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida OIV infeksiyasining parenteral yo‘l (in’yeksion muolajalar orqali) bilan yuqishi ko‘rsatkichi yildan-yilga kamayib bormoqda.

Respublikada OIV infeksiyasining onadan bolaga yuqishini oldini olish bo‘yicha tadbirlar Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining bayonnomalari asosida tashkil etilgan. Unga muvofiq, har bir ayol xomiladorlikning 14 haftasidan joylardagi tibbiyot muassasi tomonidan nazoratga olinib, u OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. OIV infeksiyasi aniqlangan homilador ayolga bayonnomada belgilangan muddatdan to tug‘uruq amalga oshirilgunga qadar virusga qarshi maxsus profilaktika dori vositalari beriladi. Tug‘ilgan bolaga bir oy davomida virusga qarshi profilaktik dori preparatlari beriladi. Respublikamizda ushbu tadbirlarning to‘liq va sifatli amalga oshirilishi ta’minlanayotganligi sababli kasallikning onadan bolaga yuqish ko‘rsatkichlarining keskin kamayishiga erishildi. Agar 2013 yilda kasallikning OIVni onadan yuqishi 2,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2018-yilda bu ko‘rsatkich 0,3 foizni tashkil etdi.

Respublikada OIV infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash ishlariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining OIV infeksiyali shaxslarni davolash masalalariga bag‘ishlangan 14 ta klinik protokoli milliy sharoitlarga moslashtirildi. Natijada OIV infeksiyasi masalalari sohasida tibbiy xizmatlar sifati yaxshilanib, maxsus — retrovirusga qarshi terapiya bilan qamrab olingan bemorlar soni ortdi. Bu o‘z navbatida OIV infeksiyali bemorlar o‘rtasida og‘ir oqibatlarning rivojlanishi va hamda kasallikning boshqa shaxslarga yuqishining oldini olish imkonini bermoqda.

OIV infeksiyasi bilan xastalangan bemorlarga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida Respublika OITSga qarshi kurash markazi qoshida 60 o‘rinli maxsuslashtirilgan shifoxona, Virusologiya ilmiy tekshirish institutida 30 o‘rinli bo‘lim faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu shifoxonalarda 2013 — 2018-yillarda 7,5 mingdan ortiq OIV infeksiyali shaxslarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatildi. Besh yil davomida OIV bilan kasallangan bemorlarni maxsus virusga qarshi davolash maqsadida Global Fond loyihasining 15,0 mln AQSh dollari sarflanib, yuqori sifatli dori vositalari xarid etildi.

OIV infeksiyasi tarqalishining oldini olishda aholining kasallikka chalinishga moyil xulq-atvordagi turmush tarzini kechiruvchi qatlamlari orasida profilaktika ishlarini olib borishning ahamiyati katta bo‘lib, bu tadbirlar o‘z navbatida Respublikadagi vaziyatga yetarlicha ta’sir etadi. Respublika bo‘yicha tibbiyot muassasalari qoshida 140 ta Ishonch xonalari faoliyat ko‘rsatmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining «Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonunining 15-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 25-avgustdagi 365-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi Nizom» ijrosini ta’minlash maqsadida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish jarayonida nikohlanuvchi shaxslar OIV infeksiyasiga tekshiruvdan o‘tkazilmoqda va kasallik aniqlanganlar dispanser nazoratiga olinmoqda.

Bundan tashqari, mamlakatimizda har bir fuqaro o‘zida shubhali holatlarni sezgan taqdirda ixtiyoriy ravishda tekshiruvdan o‘tishlari mumkin. Buning uchun respublikamizning har bir viloyatida OITSga qarshi kurashish markazlari va tumanlararo OITSga tashxis qo‘yish laboratoriyalari faoliyat yuritmoqda. «Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga asosan tekshiruvlar tekshiruvdan o‘tayotgan shaxsning xohishiga ko‘ra, maxfiylikka rioya etilgan holda amalga oshiriladi. OIVga tekshirish natijalari qanday bo‘lishidan qat’i nazar, shifokorning sir saqlashi kafolatlanadi.

Azizbek Nishonov, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring