Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

OITSni 2030 yilgacha yengish mumkin, ammo buning bir sharti bor...

OITSni 2030 yilgacha yengish mumkin, ammo buning bir sharti bor...

BMTning OIV/OITS bo‘yicha dasturi (UNAIDS) ekspertlari xavotirli hisobot e’lon qildi. Unga ko‘ra,  dunyo davlatlari o‘limga olib boruvchi epidemiyaga qarshi kurash uchun yetarli mablag‘ ajratmayotir.

Sayyoramiz bo‘yicha 40 million kishi OIV (odamning immunitet tanqisligi) yoki OITS (orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi) infeksiyasiga chalingan bo‘lib, ularning chorak qismi muolaja olish imkonidan mahrum qolmoqda.

BMT 2030 yilga qadar OITSning tarqalishini to‘xtatishni maqsad qilgan. Ammo davo va muolaja uchun yetarli mablag‘ ajratilmayotgani sabab ushbu global marraga yetish savol ostida qolmoqda.

BMT siyosiy yetakchilarni ushbu xastalikka qarshi kurash uchun mablag‘ni ayamaslikka chaqirgan.

«Dunyo yetakchilari qabul qiladigan qaror va siyosiy tanlov millionlab insonlar taqdirini hal qiladi», – deyiladi xalqaro tuzilma hisobotida.

OITSga qarshi kurash uchun yetarli mablag‘ ajratilsa, 2050 yilga borib muolajaga muhtoj  bemorlar 29 million kishini tashkil etadi. Aks holda, kasallar soni 46 million kishidan ortib ketadi.

Har yili OIV infeksiyasiga chalinish bilan bog‘liq 1,3 millionta yangi holat ro‘yxatga olinadi. 2022 yilda ushbu xastalikdan 630 ming kishi vafot etgan.

Tahlillarga qaraganda, ayni paytda Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqalarida OITS ko‘rsatkichining keskin o‘sishi kuzatilmoqda.

2022 yilgi statistikaga ko‘ra, O‘zbekistonda 45 ming kishi OITSga chalingan. Ularning 55 foizi erkaklar, 45 foizi ayollar, 14 foizini esa 18 yoshga to‘lmaganlar tashkil etadi.

2023 yilda O‘zbekiston prezidenti «Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka qarshi kurashish tizimini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzolagan. Ushbu hujjatda BMT Bosh assambleyasi tomonidan OIV epidemiyasiga barham berish uchun olg‘a surilgan «95-95-95» strategiyasi doirasida bir qator vazifalar belgilangan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring