Dunyo musulmonlari mo‘’tabar sanani bayram qilmoqda
Ayni kunlarda butun dunyo musulmonlari, jumladan, yurtdoshlarimiz Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tavallud sanasi – Mavlidi sharifni o‘zgacha shukuhda bayram qilmoqda.
Mamlakatimizdagi jome masjid va diniy ta’lim muassasalarida Mavlid ruhini sezish mumkin. Peshtoq va yo‘laklar muborak oy fazilatini aks ettiruvchi lavha va siyratga oid oyati karima, hadisi sharif va salovatlar bilan bezatilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi xabariga ko‘ra, masjidlarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning go‘zal odob-axloqlariga oid mav’izalar qilinib, qorilar Imom Barzanjiyning «Mavlidi sharifi»ni o‘qimoqda.
«Vaqf» fondi homiylar bilan birga ehtiyojmand oilalar, yolg‘iz qariyalar va mehribonlik uylariga «Mavlid hadyalari» ulashmoqda.
Musulmonlar idorasi mukofoti Haj yo‘llanmasi bo‘lgan «Olamlarga rahmat payg‘ambar» nomli siyrat tanlovini e’lon qilgan.
Jahon musulmonlari ham 27 sentyabr tunida Mavlid kechasini ibodatu duolar bilan qarshi oldi.
Anadolu agentligi xabar berishicha, Turkiyadagi ko‘plab jomelarda, xususan, Istanbuldagi Ayo Sofiya, Sulton Ahmad, Fotih, Sulaymoniya kabi yirik masjidlarda ushbu kecha Qur’on tilovati, tungi namozlar, «Mavlidi sharif» qiroati bilan o‘tkazilgan.
Yamanda muborak sana munosabati bilan yuzlab bino va mashinalar yashil rangga burkangan.
Tunisning Qayruvon shahridagi Uqba bin Nofe’ masjidida Mavlid tunida minglab musulmon jam bo‘lgan. Butun Shimoliy Afrikadagi eng ko‘hna masjidlardan sanalgan jome (Uqba bin Nofe’ masjidi milodiy 673 yilda barpo etilgan) qo‘shni o‘lkalardan kelgan mehmonlarni ham o‘z bag‘riga olgan. Musulmonlar mo‘’tabar sanani qiroat, salavot va nashidalar bilan nishonlagan.
Robi’ul avval – hijriy-qamariy taqvim bo‘yicha yilning uchinchi oyidir. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ushbu oyning o‘n ikkinchisi (ba’zi manbalarda 8, 9 yoki 10), dushanba kuni (milodiy 571 yil, aprel oyida) dunyoga kelganlar. Shu bois robi’ul avval “Mavlid oyi” deb nomlanadi. Mavlid «tug‘ilish» degan ma’noni anglatadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi robi’ul avvalni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni yanada kuchliroq sevishga intilish, siyratlarini o‘rganish, u zotga har bir ishda ergashish, ko‘proq salavotu durudlar yo‘llash bilan o‘tkazishni tavsiya qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter