Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Demokratik davlatlarda internetdagi izohlar uchun kimni javobgar?

Demokratik davlatlarda internetdagi izohlar uchun kimni javobgar?

Ijtimoiy tarmoqda sahifasiga post yozib qoldirayotgan foydalanuvchi (jurnalist, bloger va boshqa) fikrlarining to‘g‘ri-noto‘g‘ri, asosli yo xato, tuhmat, umuman chin yoki yolg‘onligi uchun o‘zi javobgar. Biroq muallif posti tagiga yozib qoldirilgan izohlar uchun kim javobgar? Shu kunlarda ushbu masala qizg‘in bahs-munozaralarni keltirib chiqardi. Shuning oqibatida mazkur holat milliy qonunchiligimizning «bo‘sh» joylarini ko‘rsatib qo‘ydi. Demak, xalqaro va xorij amaliyotini o‘rganib tahlil qilishga ehtiyoj bor. Quyida ayrim davlatlar qonunchiligida qat’iy belgilab qo‘yilgan tartib-tamoyillar haqida so‘z yuritamiz.

Germaniya qonunchiligida bu «Axborot va kommunikatsiya xizmatlari to‘g‘risida»gi Qonun bilan tartibga solinadi. Unga ko‘ra, Internet foydalanuvchilari tarkibiy xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar, kirish xizmatlarini ko‘rsatuvchi provayderlar hamda sahifa egasi bo‘lgan foydalanuvchilarga ajratiladi.

Shundan kelib chiqib, ularning javobgarlik masalasi ham turlicha belgilangan. Bunda tarkibiy xizmat ko‘rsatuvchi provayder faqat o‘zi kiritgan ma’lumotlar uchungina javobgan, kirish xizmatlarini ko‘rsatuvchi provayderlar esa undanda kamroq javobgarlikka ega. Ular orasida sahifa egalari (host provayderlar) eng ko‘p javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi.

Sahifa egalarining boshqa shaxslar izohlari uchun javobgarligi «texnik imkoniyat mavjudligi» hamda «joylashtirilgan ma’lumotni bilish» orqali belgilanadi. Sahifa egalarining texnik imkoniyatlari mavjud bo‘lsa, noqonuniy ma’lumotlarni o‘chirish yoki ularga cheklov o‘rnatishi lozim.

Fransiyada «Aloqa erkinligi to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilingan. Unda Internet foydalanuvchilari o‘z sahifalarida e’lon qilingan boshqa shaxslarning taqiqlangan izohlari, materiallarini sud yoki manfaatdor uchinchi shaxslarning talabi bilan darhol o‘chirishi lozimligi belgilangan.

Janubiy Koreyada yolg‘on axborot natijasida zarar yetkazgan yoki zarar yetkazilishiga sabab bo‘lgan har bir shaxs javobgardir. Qolaversa, Koreya Fuqarolik kodeksida «birgalikdagi javobgarlik» tushunchasi mavjud. Sudlar mazkur normalar asosida Internet foydalanuvchilarning o‘z sahifalaridagi uchinchi shaxslar tomonidan qilingan tuhmat va boshqa yolg‘on axborotlarni oqilona muddatda o‘chirib yuborishi kerakligi, aks holda javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkinligini uqtiradi.

Shvetsiyada 1998 yildayoq «Elektron axborot doskalari uchun javobgarlik to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingan. Ushbu qonun bilan Internet sahifalari egalariga noqonuniy yoki mualliflik huquqini buzuvchi ma’lumotlarni zudlik bilan olib tashlash majburiyati yuklandi. Tabiiyki, mazkur majburiyat sahifa egalarining o‘z a’zolari faoliyatini doimiy kuzatib borishini taqozo etadi.

Buyuk Britaniya Internet orqali qilinadigan tuhmatlar uchun huquqiy yechimlarni o‘rnatgan dunyodagi birinchi davlatlardan biri hisoblanadi. Buyuk Britaniyaning 1996-yilgi «Tuhmat to‘g‘risida»gi qonuniga binoan, tuhmat to‘g‘risidagi ishda shaxs quyidagi holatlarda javobgar bo‘lmasligi qayd qilingan:

- shaxs shikoyat qilingan bayonotning muallifi, muharriri yoki noshiri bo‘lmasa;

- shaxs e’lon qilgan ma’lumotlariga yetarlicha e’tibor qaratgan bo‘lsa va tuhmatga oid ma’lumotlarni tarqatganini yoki shunday ma’lumot tarqatilishiga sababchi bo‘lganini bilmasa.

Bundan tashqari, Britaniyaning 2013-yildagi «Tuhmat to‘g‘risida»gi qonuniga ko‘ra, sud tuhmat uchun uning muallifi, muharriri yoki noshiri bo‘lmagan shaxsga nisbatan ish qo‘zg‘atish huquqiga ega emas.

Agar sud tuhmat to‘g‘risidagi bayonotning muallifi, muharriri yoki noshiriga nisbatan ish qo‘zg‘atish mantiqiy asossiz deb hisoblasa, tuhmat uchun javobgarlik boshqa shaxsga yuklatilishi mumkin.

Kanadaning «Tuhmat to‘g‘risida»gi Qonuniga binoan esa, umumiy qoidaga ko‘ra inson faqat o‘zining tuhmat materiallari uchun javob beradi. Shunga qaramasdan buni istisno qiluvchi bir qator holatlar ham mavjud.

Unga ko‘ra, sahifa egasi o‘z nomidan tuhmat qilish uchun boshqa shaxsga vakolat bersa yoki shunga qasd qilsa, yoki uchinchi shaxs tomonidan qilingan tuhmat sahifa egasi e’lon qilgan postning yaqqol natijasida kelib chiqsa, sahifa egasi ular uchun javobgar hisoblanadi.

Xorij tajribasidan anglashiladiki, aksar rivojlangan davlatlarda uchinchi shaxslar tomonidan qoldirilgan qonunga zid izohlar uchun u yoki bu darajada sahifaning egasiga javobgarlik belgilangan.

O‘zbekiston qonunchiligi bu borada ancha liberal, keskin va qat’iy cheklovlar qo‘yilmagan. Ammo tarqatilayotgan axborot uchun mas’uliyat va javobgarlik belgilab qo‘yilgan.

Internet foydalanuvchilari sharhlarga nisbatan hushyorlikni faqat javobgarlikdan qo‘rqib emas, ijtimoiy majburiyat sifatida zimmasiga olishi eng maqbul yo‘l sanaladi. Tarmoqdagi bahslarning tashabbuskori va ishtirokchisi sifatida qonunlarga va o‘zgalarning huquqlariga hurmat bilan harakat qilish maqsadga muvofiq ekanini eslatib o‘tish joiz.

X. Radjapov,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot
instituti mas’ul xodimi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring