Dabdabali to‘y egalari jazolanadi, transport vazirligi va IIV kortejlarni nazorat qiladi
Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev to‘ylarni ixchamlashtirish haqida fikr bildirib o‘tdi. Mutasaddining xabar berishicha, yangi qonun loyihasi ishlab chiqilayotgan bo‘lib, unga ko‘ra dabdabali to‘y egalari ma’muriy tartibda jarimaga tortilishi ko‘zlanmoqda.
«To‘ylarni tartibga solishga bundan 100 yil oldin, undan oldin ham, jadid bobolarimiz harakat qilishgan. Mahmudxo‘ja Behbudiy: «to‘y va aza kabi ikki qattol dushman oyog‘imizga tushov bo‘lib turibdi. To‘y va ta’ziyaga sarflab turgan aqchalarimizni ta’limga sarflasak, Ovro‘po kabi taraqqiy topgan bo‘lardik», — deganini hammamiz bilamiz.
Qadim-qadimdan urf-odatlarimizni tartibga solish haqida kuyunib gapirishgan. Bizning to‘ylarimiz hozir na Yevropa va na Osiyoga o‘xshaydi. Bachkanalik!
Odamlarimiz Rossiyaga borib qiynalib topgan pulini bir kunda havoga sovurib yubormoqda. Shu pulni yoshlarga atasa, ilm olishiga sharoit yaratsa, dunyoqarashimiz ham o‘zgararmidi...
To‘ylar natijasida qarzdorlik oshib, umrbod yuzko‘rmas bo‘lib ketish holatlari uchrab turibdi. Aynan shundan kelib chiqib, Parlament qaror qabul qildi va nizom tasdiqlandi. Bu nizom 1 yanvardan qonuniy kuchga kirgan.
Nizomni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik ko‘zda tutiluvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Yaqinda bu qonunni Parlament tasdiqlab bersa, o‘zgarish bo‘lishiga umid qilmoqdamiz.
Transport vazirligi IIV bilan birgalikda 1 oy muddatda to‘ylarda pullik avtotransport xizmati ko‘rsatish masalasini alohida nazoratga oladi.
To‘yxonalar egalari bilan tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Kortej, «lav stori», kelinning gul otishi kabi marosimlar ommaviy madaniyatning bir ko‘rinishidir. O‘zbek xalqiga hos ibo-hayo qayerda qoladi?», — dedi Baxtiyor Sayfullayev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter