Chiroqchida «Tez yordam» haydovchisi kaltaklandi
Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida bemorning o‘g‘li ekanligi aytilayotgan shaxs «Tez yordam» haydovchisi bilan janjallashib, uning yuz qismiga jarohat yetkazgan.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bergan ma’lumotga ko‘ra, tuman «Tez tibbiy yordam» bo‘limiga mazkur holat bilan bog‘liq chaqiriq shu yilning 12-dekabr kuni soat 17:10 da «Qahramon» mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Xo‘jaqo‘rg‘on qishlog‘ida yashovchi, 1962 yilda tug‘ilgan ayol tomonidan qon bosimining ko‘tarilishi shikoyati bilan kelib tushgan. «Tez tibbiy yordam» brigadasi 8 kilometrlik masofaga soat 17:24 da yetib borgan.
Mazkur xonadonda kelib chiqqan janjalli vaziyatga qaramay, tibbiy brigada a’zosi bo‘lgan hamshira o‘z burchini bajarib, avval bemorga, so‘ng haydovchiga birinchi yordam ko‘rsatgan. Avtomashinani chaqiriqdan ortiga qaytarish uchun esa boshqa haydovchi chaqirtirishga to‘g‘ri kelgan.
Shuningdek, holat yuzasidan ichki ishlar idoralariga xabar berilgan.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi xabarida haydovchi va fuqaro o‘rtasidagi nizoga nima sabab bo‘lganligiga aniqlik kiritilmagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter