Chilonzor ko‘chasida daraxtlarga vahshiylarcha zarar yetkazildi
Chilonzor ko‘chasini rekonstruksiya qilish jarayonida 99 tup daraxtga (eman va chinor) vahshiylarcha zarar yetkazilgan.
Botanika bog‘i bosh mutaxassisi Atirgul Xolmurzayevaning ta’kidlashicha, bu daraxtlarni saqlab qolib bo‘lmaydi: ildiz tizimi buzilgan.
Eng achinarlisi, bunga Chilonzor ko‘chasidagi shahar prokuraturasi binosini rekonstruksiya qilish jarayoni ham sababchi ekani aytilmoqda. Daraxtlar prokuratura binosi chiroyli ko‘rinishi uchun «qurbon qilingan».
Bu ishlar boshlanganida mahalliy aholi qattiq qarshi chiqqan, hatto ekskovatorlar yo‘liga turib qaytarmoqchi bo‘lishgan, ammo foydasiz. Hududga chaqirilgan ekologiya vakillari ham, boshqa mutasaddilar ham kecha ko‘rinish bermagan. Bugun «katta»lar kelganida esa, daraxtlarga zarar yetkazib bo‘lingan.
Faollar aralashuvidan keyin bugun voqea joyiga bosh prokuror, Ekologiya qo‘mitasi raisi, Toshkent shahar hokimi va Prezident administratsiyasi vakillari yetib borishgan.
Qayd etilishicha, ko‘chadagi kamida 7 ta daraxtga shikast yetkazilgan, buning uchun quruvchi tashkilotga 261 mln so‘m jarima belgilandi. Ko‘chadagi umumiy 99 ta daraxtda shikastlanish xavfi aniqlangan.
Bu daraxtlarga qo‘shimcha parvarish tayinlangan, biroq mutaxassis ularning umrini 3-4 yildan ziyodga uzaytirib bo‘lmasligini bildirmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter