Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Budjet tashkilotlari va banklar nogironligi borlarni ishga qabul qiladi

Budjet tashkilotlari va banklar nogironligi borlarni ishga qabul qiladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston 2021 yilda Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilgani tarixiy voqea bo‘ldi va undagi majburiyatlarni bajarish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, viloyat va tuman hokimlari ushbu shaxslarga yordam berish, ularning uyushmalari va tashkilotlari bilan muloqot qilish, sharoit yaratish bilan yetarlicha shug‘ullanamayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Ayrim vazirlik, idoralar va viloyat hokimliklarda nogironligi bo‘lgan birorta odam ishga olinmagani tanqid qilindi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga olgan korxona va tashkilotlar uchun bir qator imtiyozlar yaratilgan. Lekin, 500 mingdan ortiq korxona va tashkilotning bor-yo‘g‘i 43 mingtasida nogironligi bo‘lgan shaxslar ishlaydi.

«Maktablar, professional ta’lim muassasalarida sharoit yo‘qligi uchun 70 foiz ota-onalar nogironligi bor farzandlarini yashash joyidan uzoq maxsus maktab-internatiga joylashtirishga majbur.

Aslida ota-onasi, do‘stlari va mahalladan uzoqlashish har qanday bola uchun katta psixologik zarba», - dedi Prezident.

Xodimlarining 50 foizida nogironlik bo‘lgan tadbirkorlarga davlat buyurtmachilari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish imkoniyati beriladi.

Bunday odamlarni ishga olgan korxonalarga tadbirkorlik reytingida qo‘shimcha ball beriladi.

Nogironligi bo‘lganlarni kasbga tayyorlaydigan 4 ta ixtisoslashgan maktabni tarmoq rahbarlari otaliqqa oladi. Bu maktab o‘quvchilariga ishlab chiqargan mahsulotini davlat xaridlari doirasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishga ruxsat beriladi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligida monomarkazlarda nogironligi bo‘lganlar ta’lim olishi uchun qulay muhit va zarur infratuzilmani yaratib, ularga stipendiya to‘lash tartibini joriy qilish topshirildi.

Nogironligi borlar kasanachilik va hunarmandchilik asosida yaratgan mahsulotlarini elektron platforma orqali sotish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Vazirlik va hudud rahbarlariga yil yakuniga qadar barcha budjet tashkilotlariga 20 ming nafar, banklarga kamida 1 ming nafar nogironligi borlarni ishga qabul qilish topshirildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring