Buxoroda tuman hokimi tashakkurnoma oldi
Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumani hokimi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Tashakkurnomasi bilan taqdirlandi, deya «Xabar.uz»ga ma’lum qilmoqda tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Mansur Jo‘rayev.
Ta’kidlanishicha, G‘ijduvon tumanida adib O‘ktam Usmonov tavalludining 85 yilligi, shoir Rauf Parfi hamda Omon Matjon tavalludining 80 yilligi munosabati bilan «Tirik abadiyat» deya nomlangan respublika anjumani o‘tkazilgan. G‘ijduvon tumani hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu tadbirda adabiyot ixlosmandlari, ziyolilar, yoshlar to‘planishgan.
«Xalqni xalq, millatni millat qiladigan uning tili, adabiyoti, ma’naviyati, madaniyati va san’atidir. Binobarin, adabiyot va san’atning qadru qimmatini chuqur anglagan el hech qachon kam bo‘lmaydi. Shu nuqtai nazardan, G‘ijduvonda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, badiiy ijod ahliga yoshlar e’tiborini oshirish maqsadida taniqli ijod namoyondalarining xotirasiga bag‘ishlab, «Tirik abadiyat» badiiy anjumanini o‘tkazishni maqsad qildik. O‘ylaymizki, ularning hayot yo‘li, ijod mahsulini keng targ‘ib qilish kelajak avlodning ma’naviy kamolotiga beqiyos salmoq ko‘rsatadi», — dedi tuman hokimi Sherzod Ashurov.
Anjumanda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, shoir Nodir Jonuzoq, adabiyotshunos olim Rahmon Qo‘chqor, O‘zbekiston Xalq artisti Erkin Komilov, shoir Chorsha’m Ro‘ziyev, Zikrilla Ne’mat va boshqalar tashrif buyurishgan. Ular xotirasi yod olinayotgan adiblar hayoti va ijodi xususida so‘zlab, ular ijodidan namunalar o‘qishgan. Ortiq Otajonov sulolasi davomchilari Zokir hamda Ulug‘bek Otajonov, Ilhom Farmonov kabi san’atkorlar Omon Matjon va Rauf Parfi qalamiga mansub qo‘shiqlarni ijro etishgan.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, yozuvchi O‘ktam Usmonov qalamiga mansub «Girdob» romani el ko‘nglidan joy olgan. Shu asar asosida tayyorlangan videofilm o‘z vaqtida uning ijodkorlariga shon-shuhrat keltirgan. Asardagi bosh rol – Aziz Qosimov obrazini taniqli aktyor Erkin Komilov ijro etgan edi. Anjuman davomida Erkin Komilovning chiqishi adabiyot va san’at bayramining yanada jozibadorligini ta’minladi.
«Men O‘zbekiston adabiyoti ravnaqi va uning kelajagi yo‘lida mamlakatimizda zabardast ijodkorlar xotirasini yodlab, ma’naviyatga mustahkam tamal toshini qo‘yish uchun jon kuydirgan tuman hokimini ilk bor uchratyapman. Shunday hokimlar ko‘payadigan bo‘lsa, ularning qo‘llab-quvvatlovi bilan aholi va yoshlar o‘rtasida targ‘ibot kuchaysa, ertangi kunimizda ma’naviyat yashab, yashnab ketishiga, shubha yo‘q»,— deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi vakili.
«Tirik abadiyat» anjumanini tashkil etishda bosh-qosh bo‘lgan tuman hokimiga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Tashakkurnomasi hamda nodir kitoblar sovg‘a qilingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter