Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bunaqasini ko‘rmagan edim...

Bunaqasini ko‘rmagan edim...

Foto: Bakhtiyor Mustanov

22-iyun. Urush boshlangan kun. Qanchalar yoqimsiz so‘z.

Bu urushga O‘zbekistondan 1 433 230 kishi safarbar qilindi. Ularning salkam yarim millioni halok bo‘ldi, 132 670 kishi bedarak yo‘qoldi, 640 000 kishi nogiron bo‘lib qaytdi.

Ularga yurtimizda haykallar qo‘yilgan, Xotira maydonlari tashkil etilgan.

Narpay tumanidagi yodgorlik majmuasi «Xotira kitobi»dagi bir yozuv esa meni larzaga soldi...

Narpay tumaniga qilgan ijodiy safarimiz davomida bizga hamrohlik qilgan tuman hokimining o‘rinbosari Abduqahhor Tojiyev bizni urush qurbonlari xotirasiga tashkil qilingan yodgorlik majmuasiga boshlab bordi. Majmuaning yaratilishi haqida hikoya qilib berdi.

Foto: Bakhtiyor Mustanov

− 2017-yilda tuman hokimining tashabbusi bilan, mard tadbirkor yigitlarimizning homiyligida xalqimiz hashar qilib 20 kunda mana shu muhtasham yodgorlik majmuasini bunyod etdi, − dedi hokim o‘rinbosari Abduqahhor Tojiyev. – Mana endi urush qatnashchilarini xotirlash, ularning ruhi oldida ta’zim qilish uchun ajoyib yodgorlik majmuasiga ega bo‘ldik. Yosh kelin-kuyovlar nikohdan o‘tgach, shu yerga kelib, baxtimiz uchun kurashgan bobolarimiz ruhini shod qilib, ularga ehtirom ko‘rsatmoqda.

Qayerga borsam, Xotira kitoblariga termulaman. Shahidlarning ism-familiyalarini o‘qiyman. Ularning yoshini ko‘rib, hayron bo‘laman. Yigirmaga kirgan o‘g‘limning bir o‘zini Toshkentga yuborishga ikkilanar edim. Xotira kitoblaridagi minglab yigirmaga kirmagan yigitlar Berlingacha borishgan, shahid bo‘lishgan...

Respublikamizdagi ko‘plab Xotira kitoblaridagi shahidlarning yoshlarini kuzatib, yurtimizdan eng yosh urushga ketgan yigitlar 1924-yilda tug‘ilganlar bo‘lsa kerak degan o‘yda yurar edim. Axir shu yilda tug‘ilganlar urush boshlanganda 17 yoshda bo‘ladi-da. 18-19 yoshga to‘lganlarida urushning oxirrog‘ida harbiyga olingan bo‘lsa ham o‘shalar eng yosh urush ishtirokchilari bo‘lsa kerak derdim.

Ammo Narpay tumanidagi yodgorlik majmuasi Xotira kitobidagi yozuvlarni o‘qib, lolu-hayron bo‘lib qoldim. 1925-yili tug‘ilgan bir necha yigitlar 1945-yilda shahid bo‘lgani to‘g‘risidagi yozuvlar bor edi. 1925-yilda tug‘ilgan O.Normurodov 1943-yilda shahid bo‘lgan ekan. Tasavvur qila olasizmi, 1925-yilda tug‘ilgan yigit 18 yoshida halok bo‘layapti!

Bu hali hammasi emas ekan: L.Mustafoyev degan yigit 1927-yilda tug‘ilgan va 1944-yilda halok bo‘lgan ekan!

Foto: Bakhtiyor Mustanov

Men hali biror joyda 1927-yilda tug‘ilib, urushga ketgan odamni ko‘rmagan edim. Buni qarang, 17 yoshida shahid bo‘lgan.

Urush boshlanganda 14 yoshda bo‘lgan bola, 17 ga kirganida urushga olinib, yana shu urushda halok bo‘libdi.

Shu yozuvni o‘qiganimdan beri shuni o‘ylayman, ko‘nglimdan ming xil gap o‘tadi. Axir 1944-yil urushning taqdiri deyarli hal bo‘lgan, dushman chekingan, urush uning hududiga ko‘chgan edi-ku? O‘zbekistondan hali 17 yoshga to‘lib-to‘lmagan, bugungi kunning nazari bilan qarasak, hali go‘dak bo‘lgan bolalarni urushga olishga ko‘p ham ehtiyoj yo‘q edi-ku? Birorta amaldor o‘z o‘g‘lining o‘rniga jo‘natib yubordimikan? 17 ga kirgan bola «Urushga boraman» deb oyoq tirab turib oldimikan? Urushda akalari o‘lgan bo‘lsa, o‘shalarning qasosini olish ishtiyoqi bilan yondimikan?

Nima bo‘lganda ham mening bilishimcha, O‘zbekistondan eng yosh urushga ketgan yigit, eng yosh urush qurboni bo‘lgan ham shu yigit – L.Mustafoyev bo‘lsa kerak.

Alloh shu yigitni ham, u qatori urushlarda shahid bo‘lgan barcha yurtdoshlarimizni ham rahmat qilsin!

Narpay tumanidan ham minglab yigitlar urushga ketib, aksariyati jangu-jadallarda halok bo‘lishgan. «Oy borib, omon qayt» filmi orqali xalqimiz yaxshi bilgan Sovet ittifoqi qahramoni Qudrat Suyunov va yana bir Sovet ittifoqi qahramoni Sapar Xushnazarov ham narpaylik bo‘lishgan.

Barchalari shahidlar maqomida jannatdan joy olishsin! Xudoga shukur, urushni biz ko‘rmadik, farzandlarimiz ham, nevaralarimiz ham ko‘rishmasin!

Karimberdi To‘ramurod,

«Xabar.uz» muxbiri

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring