«O‘zbekistonda OIV infeksiyasi bo‘yicha epidemik vaziyat barqarorlashmoqda» – OITS markazi direktori
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hamda BMT bosh Assambleyasining 1988-yilidagi qaroriga asosan, 1-dekabr Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni sifatida nishonlanadi. SSV Matbuot xizmati Respublika OITSga qarshi kurash markazi direktori Qahramon Yuldashev bilan suhbat uyushtirdi.
— Mamlakatimizda OIV va OITSga qarshi kurashda qanday natijalarga erishilmoqda?
— OIV infeksiyasi hozirgi kunda barcha mamlakatlar uchun global muammoga aylangan. OIV epidemiyasi boshlangandan buyon 75 milliondan ortiq kishi u bilan bilan kasallangan. Bu esa o‘z navbatida inson salomatligiga, mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga hamda xavfsizligiga rahna solayotir.
O‘zbekistonni ham bu xavf chetlab o‘tmagan. 2020-yilning 1-noyabr holatiga respublikamizda OIV infeksiyasi bilan yashovchilar soni 43 581 nafarni tashkil etmoqda.
Mamlakatimizda OITSga qarshi kurash tizimi oxirgi yillarda o‘z faoliyatining barcha yo‘nalishlarida qator yutuqlarga erishib kelmoqda. Yurtimizda OIV infeksiyasi bo‘yicha epidemik vaziyatda barqarorlashish kuzatilmoqda. Bu esa BMTning OIV va OITS bo‘yicha qo‘shma dasturining dunyo miqyosida tan olingan «90-90-90» strategik maqsadlariga erishishida katta ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimizda 78 ta OIV diagnostika laboratoriyalari faoliyat olib bormoqda, ulardan 15 tasi OITSga qarshi kurash markazlaridagi laboratoriya komplekslari va 63 ta tumanlararo laboratoriyalardir. Ushbu laboratoriyalarda IFA, immunoblot, PSR, immunologik, klinik, biokimyoviy va bakteriologik tekshiruvlar o‘tkaziladi. Davlatimiz tomonidan laboratoriyalarni test-sistema va reagentlar bilan ta’minlash uchun har yili 8 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilmoqda.
—Kasallikni aniqlash va davolashda qanday usullardan foydalanilmoqda?
—OIV aniqlangan shaxslarni davolashning dunyoda tan olingan usuli – retrovirusga qarshi davolash bo‘lib, respublikamizda bemorlarning 70 foizdan ortig‘i ushbu davolash usuli bilan qamrab olingan.
— Pandemiya davrida OIV infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan ishlash qay tartibda amalga oshirilmoqda?
— Bu davrda chet eldan kelgan 261 394 nafar mehnat muxojirlari OIV infeksiyasiga tekshiruvlar bilan qamrab olindi va OIV aniqlangan holatlarda dispanser nazoratiga olindi.
Pandemiya sharoitida bemorlarga qulaylik yaratish maqsadida OIV infeksiyali onalardan tug‘ilgan bolalarga quruq sut aralashmalari oylik ehtiyojidan kelib chikib, 3 oylik zahirasi bilan tarqatildi.
Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni, yuqorida ta’kidlanganidek, har yili 1- dekabrda nishonlanadi.
Pandemiya bizga yana bir bor sog‘liqni saqlash inson huquqlari, gender tengligi, ijtimoiy himoya va iqtisodiy o‘sish kabi boshqa muhim masalalar bilan chambarchas bog‘liqligini ko‘rsatdi. Shuning uchun, bu yil Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni shiori «Xalqaro birdamlik, umumiy javobgarlik» deb belgilandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter