Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Braziliya prezidenti pensiyasiz qoldi, chunki uning tirikligini «bilishmagan»

Braziliya prezidenti pensiyasiz qoldi, chunki uning tirikligini «bilishmagan»

Braziliya prezidenti Mishel Temer.

Foto: «Vse42»

Amaldagi prezident Mishel Temer 2017-yilning noyabr va dekabr oylari pensiyasidan quruq qoldi, bunga o‘zi aybdor, negaki u davlat organlariga o‘zining tirikligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etmagan. Bu haqda «Globo» telekanali xabar tarqatgan.

Braziliya qonunchiligiga ko‘ra, pensioner har yili nafaqaga mas’ul idoralar ro‘yxatida o‘zini «yangilab» turishi kerak. «Hayotlikni tasdiqlash»ning isboti bo‘lmish ayni jarayon manfaatdor shaxs tavallud topgan oy mobaynida amalga oshirilishi lozim.

Prezident Mishel Temer 77 yoshda, u 1999-yili — 58 yoshida San-Paulu shtati prokurori lavozimidan pensiyaga chiqqandi. Aslida 45 050 real (qariyb 14 ming dollar) olishi kerak, biroq ayni paytda davlat rahbari kursisini band etib turgani uchun pensiyasi vaqtincha 22,1 ming real (7 ming dollar)gacha kamaytirilgan.

San-Paulu pensiya idorasi ma’lumotlariga qaraganda, hozirda prezident ma’muriyati pensiyani qayta tiklash uchun kerakli hujjatlarni yuborgan. Prezident vaqti yetishmaganidan o‘z vaqtida kerakli hujjat ishlarini bajarishga ulgurmaganini uning yordamchilari jurnalistlarga ma’lum qilishdi.

Eng qizig‘i, Braziliya prezidenti oxirgi oylarda aynan pensiya sohasida islohotlar o‘tkazish tashabbusini ilgari surib kelayotgandi. Biroq u hozircha buning uchun deputatlardan yetarlicha ovoz yig‘a olgan emas.

Temerning tarafdorlari mamlakatda pensiyaga chiqish muddatini erkaklar uchun 65 yosh, ayollar uchun 62 yosh qilib belgilash taklifini ilgari surishyapti. Braziliyaning amaldagi qonunchiligida esa pensiyaga chiqish uchun eng kichik yosh belgilanmagan. Ayrim kasbdagilar, masalan, politsiyachilar, harbiylar, o‘qituvchilarga mehnat faoliyatini ilgariroq tugatish uchun imtiyozlar ko‘zda tutilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring