«Boysun bahori»: yana bir bahor tarixga muhrlanadigan bo‘ldi (foto)
Surxondaryoning Boysun tumanida «Boysun bahori» xalqaro festivali boshlanganiga bugun besh kun bo‘ldi. Turizm qo‘mitasi, Surxondaryo viloyati hokimligi, Madaniyat vazirligi hamkorligida o‘tkazilayotgan bu festival milliy qadriyatlarimiz, ming asrlik urf-odatlarimizni mujassam etgani bilan ko‘plab xorijiy sayyohlarda ham katta taassurot qoldirmoqda. Nafaqat Bildirish mahallasi balki Surxondaryoning barcha tumanlaridan tomoshaga kelayotgan odamlarning safi uzilmaydi. Bu bayram boshqa bayramlardan boshqacha – o‘zgacha ruh, kayfiyat his qilasiz. Chunki bu festivalda soddalik, tabiiylik, qadriyatlar, an’analar mujassam.
Yuzdan ortiq folklor san’ati ustalarining har biri bu festivalga alohida tayyorgarlik ko‘rgan.
Mana bu cho‘ponning hayoti, loy suvoqdan bo‘lgan uy, cho‘pon oyoq kiyimlari, qumg‘on, tandir, kuvi, daraxtga osilgan suzma xalta... Festivalga shu qadar tayyorgarlik ko‘rilganki, beixtiyor siz festivalni unutasiz, haqiqiy cho‘pon hayoti bilan yuzlashasiz.
«Men Arka boboman, – deydi, ishtirokchilardan biri. – Arka bobo 1000 qo‘yli boy cho‘pon degani, mana bu ozg‘ingina yigit esa mening o‘g‘lim».
Biz ularning haqiqiy ismini so‘raymiz. «Bizni san’atkor demang, tasavvur qiling biz haqiqiy cho‘ponlarmiz va mana shu bizning haqiqiy hayotimiz».
Jarqo‘rg‘on 20-sonli madaniyat uyi san’atkorlari – cho‘pon, cho‘ponning farzandlarining yashash tarzi sizni yana bir bor o‘tmishga yetaklaydi.
Qishloq odamlari juda kirishimli. Qumg‘onni suratga olayotganimni ko‘rib Uldona, Gulnora, Gulbahor ismli ayollar «bizni ham suratga oling, mana tandirning oldida, qumg‘onning oldida» deyishdi.
Boshqa payti suratga olishimizni unchalik istamaydigan qishloq ayollarining o‘zlari iltimos qilishlariga ham sabab ular o‘tmish bilan uyg‘unlashib ketganidadir. Chunki bu bayram bugungi odamlar uchun ota-bobolarimiz, momolarimiz o‘tmishini, an’analarini yana bir bor qalbdan his qilish, bir fursat shu hayotda yashash imkoni hamdir.
Sal nariroqda esa «Bobotog‘ gullari» havaskorlik folklor ansambllari, «Momogul» momolari...
Ularning kiyimlaridan tortib munchoqlari, bosh kiyimlarigacha o‘z ma’nosiga ega.
«Bu munchoqlar bo‘ynimizgacha yopib turgan, ham libos, ham ko‘zni quvnatadigan taqinchoq va bu taqinchoqlarning har birining o‘z ma’nosi bor, – deydi Jarqo‘rg‘onlik Tojixol Xolmurodova. – Har safar biz bir necha kunlab festivalga tayyorlanish asnosida ruhan yangilanamiz, ya’ni qadriyatlarimiz, an’analarimizni qayta-qayta eslaymiz, qalblarimiz allanechuk hissiyotlarga to‘ladi».
Biroz yursangiz Andijondan kelgan san’atkorlar folklor qo‘shiqlari bilan barchani atrofiga to‘plagan. San’atkorlardan biri Zahiriddin Muhammad Bobur qiyofasida. U yonida yana bir o‘sha zamon libosidagi mulozimi bilan ko‘chani to‘ldirib salobat bilan shaxdam tashlab ketmoqda. Atrofda tomosha uchun kelganlar u bilan bir bor suratga tushishga intiladi yoki suratga oladi...
Iye, birozdan so‘ng hamkasbimiz Ilyos Safarovning baxshichiga qo‘shilib baxshi kuylayotganining guvohi bo‘ldik.
Bu festivalda kattalardan ham ko‘ra ko‘proq bolalarni uchratasiz. Beixtiyor qalbingizda qancha yoshlar ko‘p bo‘lsa, shuncha qadriyatlar yashovchan bo‘ladi, avloddan avlodga o‘tadi deb ishonasiz va bu sizga taskin beradi. Ayniqsa qizlar momolarimizning kiyimlarini faxr bilan kiygani sizni o‘tmishga qaytargandek bo‘ladi.«Bizning o‘zimizni emas, momomlarimiz o‘ragan ro‘mollarni, liboslarni oling» deydi qizaloqlar.
Sayyoramizdagi eng chuqur g‘orlardan biri – Boysuntog‘ tizmasida joylashgan 2651 metr uzunlikdagi «Qora yulduz» g‘origa kirib ketayotgan kim bo‘ldi...
Kim oladi-yo, shuginani-yo
Bu rangli iplardan to‘qilgan o‘tov emas, balki surxondaryoliklarning bosh kiyimi diametri 9 metrli do‘ppi.
Buvi bilan nabira, ota bilan farzand, ikki dugona, momolarimiz, bobolarimiz – barcha barchasi bugungi festival haqida gaplashmoqda. Liboslar 31 metr tikilgan kashtalar, kurash sport musobaqalari, turli viloyatlardan kelgan baxshilar, etnograflar... hamma-hammasi o‘tmish haqida so‘zlab turibdi. Xuddi vaqt mashinasida ming asrlar ortga qaytgandek bo‘lasiz.
Xalqaro ko‘rik-tanlovda dunyoning 13 davlati jamoasi va yakkaxon xonandasi, mamlakatimizning 15 ta folklor-etnografik ansambli qatnashdi. Ko‘rik-tanlovning folklor san’ati yo‘nalishi bo‘yicha birinchi o‘rin Surxondaryo viloyatidagi «Boysun» folklor-etnografik ansambli jamoasiga nasib etdi. Ikkinchi o‘ringa Buxoro viloyatidagi «Jondor» folklor-etnografik, Samarqand viloyatidagi «Chavqi» folklor etnografik ansambllari munosib topildi. Uchinchi o‘rinni Xorazm viloyatining «Xorazm» folklor-etnografik ansambli, Qozog‘iston Respublikasining «Qozog‘iston» jamoasi va Yaponiyaning «Yapon marvaridi» jamoalari qo‘lga kiritdi.
Bundan tashqari juda ko‘pgina folklor etnorafik ansbamllar turli nominatsiya sovrindori bo‘lishdi. Tanlovning «Eng noyob xalq tomoshasi uchun», «Milliy urf-odatlarning eng yaxshi talqini uchun», «Eng ahil jamoa uchun «Voha folklori va tomosha san’atining targ‘ibotchisi», «Folklor va tomosha san’atining eng yaxshi targ‘ibotchisi» kabi nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar ham munosib rag‘batlantirildi.
Bir so‘z bilan aytganda bu yil Boysunda eng go‘zal, unutilmas yana bir bahor tarixga muhrlanadigan bo‘ldi.
Barno Sultonova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter