Boysun tabiati. Kitob yetmay qolgan Sharof qayerda qo‘y boqyapti? (foto)
Bugun «Boysun bahori» festivali yakuniga yetadi. G‘oliblar aniqlanadi va taqdirlanadi. Biz esa festival qayerda o‘tayotgani haqida foto va taassurotlar bilan bo‘lishishga qaror qildik.
Boysun tumanidagi Padang qishlog‘iga kirib kelganingiz hamono ob-havo o‘zgarganini his qilasiz. Bu yerda salqinroq, besh yuz metr pastda nur sochib turgan quyoshni bir ko‘rsangiz, bir ko‘rmay qolasiz.
Kecha kuni bilan yomg‘ir yog‘di. Bugun harqalay ahyon-ahyonda quyosh chiqib turibdi. Padang qishlog‘i tabiati esa, shunchaki tomosha qilgulik...
Qirning bir tomonida bayram kayfiyati, festival bo‘lib o‘tmoqda. 136 ta o‘tov tikilgan, hunarmandlar o‘z mahsulotini, oshpazlar esa pishirgan taomini ko‘z-ko‘z qilyapti.
Ikkinchi tomonda esa mana bunday ajoyib manzara. Tabiat. Ming yil oldin ham shunday bo‘lgan, hozir ham shunday turibdi...
Qirga chiqish uchun mana bu soydan o‘tish kerak. Bir qarashda ko‘ringanidek oson ish emas. Buni o‘z boshidan o‘tkazgan odam sifatida tasdiqlashimiz mumkin.
Soy. Suvi juda tez va sovuq. Sakrab o‘tish uchun sportchilarga hos yaxshigina tayyorgarlik kerak. Sakray olmasangiz, suv kechasiz...
Bunday manzarani hindularning preriyasi haqidagi filmlarda va... Boysunda ko‘rish mumkin.
Tomosha yaxshi, ammo tirikchilikdan ham qolmaslik kerak.
Bu yigitchaning ismi-sharifi Sharof Shoniyozov. U maktabga, 5-sinfga boradi. O‘qishi yomon emas, baholari — besh. Faqat bir muammo — o‘quv yili boshida unga darslik yetmay qolgan. Shunga dars tayyorlashda sal qiynalib qoldi. Ammo ruhini tushirgani yo‘q. «Yanagi yil ertaroq borib, darslik olaman. Yana yetmay qolishi mumkin», — deydi u.
Sharof bo‘sh vaqtlarida, darsdan keyin va yakshanba kunlari otasiga yordam beradi, qo‘y boqadi. Maktabni a’lo baholarga bitirib, yaxshi joyda o‘qishga va’da berdi.
Bu esa festival bo‘lib o‘tayotgan Padang qishlog‘i. Bu yerga albatta keling. Agar ilgari kelgan bo‘lsangiz, yana keling. «Boysun bahori» sizni kutadi...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter