Boylar uchun yangi soliq joriy etish taklif qilindi
2020 yildan buyon dunyoning 5 nafar boy odami o‘z sarvatini ikki baravarga oshirishga muvaffaq bo‘ldi. 5 milliardga yaqin kambag‘allar esa inflyasiya sabab 20 milliard dollar yo‘qotdi. Bu haqda Oxfam xayriya tashkilotlari uyushmasi hisobotida so‘z boradi.
So‘nggi uch yil ichida dunyoning besh davlatmandi o‘z boyligini 405 milliard dollardan 869 milliard dollarga yetkazdi. 2020 yildan buyon barcha milliarderlar 3,3 trillion dollarga boyidi.
Tabaqalanish va notenglik kuchayib borayotganini qayd etgan xalqaro tashkilot 5 million dollardan ziyod mablag‘ uchun qo‘shimcha soliq joriy etishni taklif qilmoqda.
«Milliardlab odamlar pandemiya, inflyasiya va urush dolg‘alariga duchor bo‘lgan bir paytda milliarderlarning oshig‘i olchi kelmoqda. Umum farovonligiga adolatli hissa qo‘shishi uchun o‘ta boylar qo‘shimcha soliqqa tortilishi kerak», – deydi Oxfam Germany tashkiloti ijrochi direktori Serap Altinisik.
Xalqaro tashkilotga ko‘ra, 5 million dollardan ziyod mablag‘dan 2 foiz, 50 milllion dollardan ziyod mablag‘dan 3 foiz va 1 milliard dollardan ziyod mablag‘dan 5 foiz miqdorida soliq ushlab qolinishi kerak. Yig‘ilgan mablag‘ni esa iqlim muhofazasi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minotga sarflanishi maqsadga muvofiqdir.
Ma’lumot o‘rnida, SpaceX, Tesla, X (sobiq Twitter) singari turli yo‘nalishlardagi taniqli kompaniyalarning xo‘jayini Ilon Mask 2023 yilni jahonning eng boy odami sifatida yakunladi. 2023 yil 28 dekabr holatiga ko‘ra uning sarvati 238 milliard dollarni (yil boshidan buyon 101 milliard dollar qo‘shilgan) tashkil etgan.
LVMH kompaniyasi aksiyalarining nazorat paketiga egalik qiluvchi fransiyalik tadbirkor Bernar Arno ikkinchi ($179 milliard), Jeff Bezos (Amazon) uchinchi o‘rinni ($178 milliard) band etgan.
2020 yilda AQSh va G‘arbiy Yevropa davlatlarida istiqomat qiluvchi bir guruh millionerlar sog‘liqni saqlash, ta’lim va xavfsizlik tizimini moliyaviy ta’minlash uchun sayyoramizning eng boy odamlariga solinadigan soliqni oshirishni taklif qilib chiqqan edi.
2023 yilda yurtimizda anomal sovuq hukm surgan kunlarda jurnalist va bloger Nikita Makarenko ham mahalliy boylarimiz saxovat va himmat ko‘rsatmayotganidan yozg‘irgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter