Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Boshqarma boshlig‘ining buyrug‘i «teppa»midi?

Boshqarma boshlig‘ining buyrug‘i «teppa»midi?

Sharifa Rustamovaning maktab direktorligi ortidan boshiga tushgan mojarolar nainki kulchadek maqolaga, hatto teleserialga mavzu bo‘lgudek. Nohaqlikni isbotlash uchun ketgan uch yil shunday xulosaga undaydi, sirasi. Voqelikning batafsil bayoniga imkoniyatimiz cheklangani bois, ularning eng muhim nuqtalariga e’tiborni qaratish bilan kifoyalanamiz. 

Sharifa Rustamova Izboskan tumani xalq ta’limi bo‘limida 22 yil metodist bo‘lib ishladi. Tuman xalq ta’limi bo‘limi mudirasi Nazira Qobilova bilan o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgach, ham oshkora, ham orqavorotdan unga «RayONO»dan ketsin!» degan talab qo‘yilaverdi. Tazyiqlardan charchagan Sh.Rustamova axiyri mudiraga dangalini aytdi-qo‘ydi: «Xo‘p, ketman, birorta maktabni bersangiz...».

Murosani mudira jon deb qabul qildi...

2015 yilning yanvar oyida 11-maktabga direktor etib tayinlanganida,  tizimdagi mehnatlari uchun rahbariyat tomonidan siylov deb baholashdi. Aslida siylov emas, sinov ekan! «Bu xalq ta’limi bo‘limi mudirasining mendan qutulish uchun qo‘llagan chorasi edi», deydi Sharifa Rustamova.

Maktab jamoasiga Sharifa Rustamovani tanishtirish chog‘ida mudira unga «Direktor Gulnora Sohibova sizga o‘zining issiq o‘rnini bo‘shatib beryapti, uni o‘zingizga o‘rinbosar qilib oling!» deb topshiriq berdi. Direktorning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi xalq ta’limi bo‘limi nomenklaturasiga kiradi. Buning uchun mudiraning buyrug‘i bo‘lishi shart. Biroq N.Qobilova bu qoidani «unutdi» hamda Sh.Rustamovaga «o‘rinbosaringizni ichki buyruq bilan ishlataverasiz», deya «yo‘l-yo‘riq» ko‘rsatdi. (Ayni masalada mudiraning o‘zi bosh turib noqonuniy faoliyatga yo‘l ochib berganligi alohida mavzu).

 Sh.Rustamovaning direktor sifatidagi birinchi ish kuni shu tariqa  boshlandi...

Yangi direktor maktabda bir qator o‘zgarishlar qildi. Ta’lim samaradorligini belgilovchi ijobiy ko‘rsatkichlar ko‘zga tashlana boshladi. Biroq bu jarayon bir yarim yilga ham yetmadi. Chunki sobiq direktor boshchiligida besh nafar o‘qituvchi Sh.Rustamova ustidan huquqni muhofaza qilish organlariga shikoyat bitishdi. Muallimlar keltirgan da’volar tuman moliya bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tekshirishda isbotini topmadi.

Shundan so‘ng yana «xodimlarga mukofot puli tayinlashda ta’magirlik qilgan, maktab ta’miri uchun pul yiqqan» degan mazmundagi iddaolar yuzaga chiqdiki, bu tergov harakatlarini boshlashga yetib ortar edi. Ancha davom etgan surishtiruvdan so‘ng jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon tumani sudi (2016 yil, 28 oktyabr) Sharifa Rustamovani egallab turgan lavozimidan chetlatib, kamiga  firibgar degan tamg‘a ham bosdi.

Unga qo‘yilgan ayblovlar qay darajada asosli edi?

Sharifa Rustamovaning aytishicha, o‘ziga «yopishtirilgan» barcha ayblovlar sobiq direktor hamda uning hamfikrlaridan biri tomonidan uyushtirilgan tuhmatlar natijasidir. «Xodimlardan mukofot puli ustidan «shapka» yoki boshqa maqsadda hech narsa talab qilmaganman. Tergov jarayonida bu holat chuqur o‘rganilmadi, masala «yumaloq yostiq» qilib sudga taqdim etildi», deb ta’kidlaydi u.

Sudda direktorga nisbatan da’vogar sifatida nomlari tilga olingan ayrim o‘qituvchilar hamda boshqa guvohlarning tushuntirish xatlari nusxalari qo‘limizga kelib tushdi. Ularning umumiy mazmuni shuki, Sh.Rustamova ustidan to‘plangan ma’lumotlarga aksariyat o‘qituvchilar tushunib-tushunmay, sobiq rahbarning bosimi ostida imzo chekishgan.

U tushkunlikka tushmay, nomini, sha’nini oqlash uchun sa’y-harakatdan to‘xtamadi va oradan hech qancha vaqt o‘tmay oqlandi.

Ha, aynan oqlandi!

2017-yilning 28-mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Buloqboshi tumani sudida «Rustamovaning ishi» qayta ko‘rildi hamda avvalgi sud xulosasi bilan tasdiqlangan jinoiy xatti-harakatlarning qator bandlari, xususan, sud tomonidan qo‘llanilgan lavozimdan chetlashtirish tarzidagi protsessual majburlov chorasi bekor qilindi.  

Boshiga tushgan ko‘rguliklardan irodasi sinmagan ayol endi yorug‘ yuz bilan jamoasiga qaytishi, vazifasini davom ettirishi mumkin edi: qo‘lida sudning oqlov hukmi hamda shu asosda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining uni lavozimiga qaytarish to‘g‘risidagi buyrug‘i (2017-yil, 6-may) bor.

Biroq orzu orzuligicha qolib ketdi!

Nega?

Boshqarma boshlig‘ining yuqoridagi buyrug‘i chiqqan sanadan bir oy o‘tib, maktabning besh nafar o‘qituvchisi «Sh.Rustamova vazifasiga qaytgan, lekin 2017-yil 6-maydan 2-iyungacha ish joyida bo‘lmagan» deb dalolatnoma tuzishgan. Sharifa Rustamovaning ta’kidlashicha, ishga tiklanish kuni aniq bo‘lgach, bir oy davomida tuman xalq ta’limi bo‘limi mudirasi Nazira Qobilova uni qabul qilmagan, ayni masalada gaplashishni ham istamagan. Chunki ma’lum muddatdan so‘ng maktab direktorligiga qaytgan rahbarni etika nuqtai nazaridan xalq ta’limi bo‘limi mudiri yoki o‘rinbosari jamoaga tanishtirishi kerak edi. Axir sha’ni, qadr-qimmati, qolaversa, vazifasiga qaytish uchun deyarli bir yil kurashgan inson murodi hosil bo‘lgach, sababsiz ishga bormasligi mantiqqa to‘g‘ri kelmayapti-ku!

Shu masalada xalq ta’limi bo‘limining o‘sha vaqtdagi mudirasi, ayni damda Izboskanda maktabgacha ta’lim bo‘limiga rahbarlik qilayotgan Nazira Qobilovadan izoh so‘ralganda, shunday dedi:

— Sharifa Rustamova «RayONO»da metodist sifatida yaxshi ishlamagan, shu sabab bir necha marta intizomiy jazolar qo‘llaganman. O‘zining iltimosi bilan direktorlikka tayinladim. Uzoq davom etgan mojarolardan so‘ng sudlandi. Boshqarmadan berilgan ishga tiklash haqidagi buyrug‘i «teppa»! (Shu so‘zni aynan keltirdik. Shevada bu so‘z «soxta» degan ma’noni beradi).

Sharifa Rustamovaning ishga qaytishiga eng avvalo tuman xalq ta’limi bo‘limi mudirasi qarshilik bildirganini anglash mumkin. Sud hukmi ijrosining tan olinmasligi qonuniy jihatdan qay darajada baholanadi? Sh.Rustamova yaxshi ishlamagani uchun choralar ko‘rilganligini qaysi dalil bilan isbotlash mumkin? Vazifasini yaxshi torta olmasa, maktab direktorligi lavozimi «tuhfa» qilinadimi? 

Mana, shu voqealarga ham ikki yil bo‘ldi. Sarson-sargardonlikdan so‘ng Sharifa Rustamova yana eski vazifasi – metodistlikni davom ettiryapti. Tizimda rahbar almashgach, ya’ni Nazira Qobilovadan so‘ng ishga qaytdi.

— Ta’lim sohasida ishlash uchun sudning oqlov hukmi chiqqan kundan boshlab salkam bir yarim yildan ziyod – to 2018 yil dekabr oyigacha ko‘p yugurdim. Viloyat hokimining qabuliga bordim. Izboskan tumani xotin-qizlar qo‘mitasi raisi ko‘rib qolib, darhol tuman hokimi bilan bog‘landi. Viloyat rahbariyatiga uchrashmasligimni, ishga qaytishimni, yordam berishlarini aytdi. Shundan so‘ng xalq ta’limi bo‘limiga qaytdim.

Ajab-a, ajab... Quyi bo‘g‘in rahbari boshqarma boshlig‘ini buyrug‘ini «teppa» deb bajarmasa, sud qarori ijrosi ortidan Majburiy byuro xodimlari emas, nohaqlik azobini obdon tortgan insonning o‘zi chopib yursa... Bu nima, «O‘zing uchun o‘l, yetim!» deganimi yoki «Og‘zi qiyshiq bo‘lsa ham boyvachcha gapirishi»mi?!

Shuncha gap-so‘zlar o‘tib, masala tinchibdi, avvalgi ishiga bo‘lsa-da qaytibdi, endi bu gap-so‘zlarni qo‘zg‘ashning ne hojati bor dersiz? Biroq salkam uch yil besamar o‘tgan umr, sarson-sargardonlik, boshiga tushgan ko‘rguliklar uchun kim javob beradi? Bu g‘urbatlarning tovoni-chi?

Nurillo No‘’monov, jurnalist
Andijon viloyati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring