«Bolalari chechen tilini bilmaydigan amaldorlarni bo‘shatishni boshlayman» – Ramzan Qodirov
Checheniston rahbari Ramzan Qodirov bolalari chechen tilini bilmaydigan amaldorlarni ishdan bo‘shatish bilan tahdid qildi. Bu haqda u 7-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan chechen tilini bilish bo‘yicha tanlovning final bosqichida ma’lum qilgan.
«Chechen tilini ommalashtirish bo‘yicha ko‘p ishlarni amalga oshirmoqdamiz. Ammo jamoam vakillarining bolalari ko‘pincha chechen tilini bilishmaydi. Bunday amaldorlarni jamoadan bo‘shatishni boshlayman».
Qodirovning ta’kidlashicha, birinchi navbatda ota-onalar farzandlariga ona tilini o‘rgatishi kerak.
«Biroq bog‘cha va maktablarda rus tilidan dars beriladi, ota-onalar esa buni ko‘pincha rag‘batlantiradi. Bolalar hatto rus tilida o‘ylay boshlamoqda», – dedi Checheniston rahbari.
U chechen tilida gapirmaydigan va o‘ylamaydigan avlodning kelajagi yo‘qligini uqtirgan.
Avvalroq Ramzan Qodirov o‘g‘li Adam Qodirovni xavfsizlik xizmatida “muhim lavozim”ga tayinlagandi. Bungacha 15 yashar Qodirov Rossiyaning Qorachoy-Cherkesiya Respublikasining oliy davlat mukofoti bilan taqdirlangandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter