Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bola o‘g‘rilari» voqeasi: feyk xabar ortida kimlar bor?

«Bola o‘g‘rilari» voqeasi: feyk xabar ortida kimlar bor?

Ikki kun avval Toshkent shahrida 12 yoshli qizning vahshiylarcha o‘ldirilishi haqidagi xabar jamoatchilikning dilini xufton qildi. Ota-onalar yosh bolalarini maktabga yolg‘iz yuborishdan xavfsirab qolishdi. Ushbu qo‘rqinchli hodisa fonida kuni kecha ijtimoiy tarmoqda yosh bolalarning o‘g‘irlanishi bilan bog‘liq yana bir shov-shuvli video paydo bo‘ldi.

Videoga izoh bergan ayolning so‘zlariga ko‘ra, Shayxontohur tumanida ikki maktab o‘quvchisi uyiga qaytayotgan paytda mashinadan ikki yigit tushib, bolalarni o‘g‘irlab ketishga uringan, bolalar ularning qo‘lidan chiqib ketishga muvaffaq bo‘lishgan. Shuningdek, videoda bu yigitlarning qo‘lga olingani, ular sheriklari ko‘pligi, bog‘cha va maktablar yaqinida turib, bolalarni o‘g‘irlashlari va sotib yuborishlari, bolalarning ichki organlari olinishini tan olishgani aytiladi.

Keyinroq Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov voqeani izohlab, video feyk ekanligini ma’lum qildi.

«O‘tkazilgan tekshiruv jarayonida aniqlanishicha joriy yilning 1 fevral kuni Shayxontohur tumanida 113-sonli maktabning 11 sinf o‘quvchisi F.N. boshqaruvidagi avtomashinaga 132 sonli maktab o‘quvchilari G.B, S.N. lar yerdagi muz bo‘lagini tepgan.

Shundan so‘ng 11 sinf o‘quvchilari muz bo‘lagini tepgan bolalarni ichki ishlarga olib boramiz deb ularni og‘zaki qo‘rqitishgan. Bolalar boshqa bunday qilmasligini aytib uyiga ketishgan. Hozirgi vaqtda bolalar sog‘-salomat ota-onasi bag‘rida», - deyiladi IIV bayonotida.

Xabar feyk bo‘lib chiqqani yaxshi, albatta. Biroq qo‘shimcha savollar paydo bo‘ladi: bu videoni tarqatib, odamlarda vahima uyg‘otishdan video ortida gapirayotgan ayolga nima naf? Voqeani gapirib berayotgan ayol o‘zi kim? U nima uchun aldayapti? Qarindoshlarimning bolasi deya ammasining ismini ham tilga olayotgan ayol aslida bolalarga qarindosh emasmi? Unda bu voqealarni qanday qilib va nima uchun o‘ylab topdi? IIV yolg‘on xabar tarqatganlarni qidiryaptimi?

Ma’lumki, qonunchilikda feyk tarqatganlik uchun javobgarlik belgilangan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202-2 moddasiga ko‘ra, jamoat tartibiga yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan OAVda, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet tarmog‘ida tarqatish BHMning 50–100 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Kamera yozuvlarini telefoniga muhrlab olgan odamni topish ichki ishlar organlari uchun qiyinchilik tug‘dirmasa kerak. Buning uchun aynan shu kamera uchun javobgar bo‘lgan xodimni topib, bir nechta savol berishning o‘zi kifoya. Mantiqan, telefoniga bu videoni yozib olgan odam topilsa, uni birinchi bo‘lib tarqatgan odam ham topilishi kerak. Uning ortidan esa hikoyachi ayol ham.

Har holda aqlan sog‘lom inson noma’lum videoni topib olib, ermak uchun yolg‘on hikoya to‘qib, uni erinmay yozib, guruh va kanallarga tarqatmasa kerak. Demakki, kimdir bunday xabar tarqatib, jamiyatda vahima va qo‘rquv uyg‘otishdan manfaatdor. Ichki ishlar organlaridan voqeaning keyingi tafsilotlarini va jamoatchilikni qo‘rqitishga urinayotganlarning shaxsi aniqlanishini kutib qolamiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring