Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

BMT oliy komissari Isroilni ogohlantirdi

BMT oliy komissari Isroilni ogohlantirdi

G‘azoning 1,1 million aholisi halokatli ochlikdan aziyat chekmoqda.

Foto: AP

Ochlikdan aziyat chekayotgan G‘azo aholisiga insonparvarlik ko‘magi yetkazishga Isroil tomonidan to‘sqinlik qilinayotgan harbiy jinoyat sifatida tasniflanadi. Bu haqda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk bayonot berdi.

Tel-Aviv ma’muriyati ochlikdan qurol sifatida foydalanayotganini qayd etgan oliy komissar agar urush to‘xtatilmasa, G‘azoda gumanitar falokat ko‘lami yanada oshishidan ogohlantirdi.

«Isroil (Falastin yerlarini) ishg‘ol qilgan davlat sifatida aholi ehtiyojiga ko‘ra oziq-ovqat va tibbiy xizmatlar yetkazilishini ta’minlashi, shuningdek, insonparvarlik tashkilotlarining bu boradagi faoliyatiga ko‘mak berishi shart», – deydi Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissar.

BMT hisob-kitobiga ko‘ra, qamaldagi 2,3 million g‘azoliklarning 1,1 millioni ayni paytda halokatli ochlikdan aziyat chekmoqda.

Folker Tyurk bu inqiroz inson qo‘li bilan yuzaga keltirilgani va uni bartaraf etish mumkinligini urg‘ulagan. U Isroilni gumanitar ko‘mak yetkazishga to‘sqinlik qilmaslikka chaqirgan. 

BMTning Bolalar jamg‘armasi rasmiy vakili Jeyms Elder ham G‘azo aholisi uchun hayot-mamot ahamiyatiga ega oziq-ovqat, suv, dori-darmon ortilgan mashinalar o‘tkazilmayotganini «nomaqbul holat» deb tanqid qildi.

«Bu yuklar zudlik bilan G‘azoga yetkazilishi kerak. Chegaraning u tomonida bolalar ochlikdan nobud bo‘layotganidan hammaning xabari bor», – deydi jamg‘arma vakili.

Kuni kecha BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ham G‘azo sektorida halokatli ocharchilik xavfi yuzaga kelgani haqida bong urdi.

BMT Bolalar jamg‘armasining Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo‘yicha direktori Adel Xodr Isroil blokadasi tufayli G‘azoda bolalar, xususan, chaqaloqlar o‘limi xavfi keskin oshganidan ogohlantirdi.

So‘nggi vaqtlarda G‘azoda ochlik darajasi 12 baravarga ortgan.

17 yil qisman blokada sharoitida yashagan G‘azo sektori 2023 yil oktyabr oyidan buyon to‘liq qamal ostida. Hududga suv, oziq-ovqat, yonilg‘i kirishi cheklangan. Ayni paytda aholi hayotiga Isroil bombalaridan tashqari ochlik, tashnalik va yuqumli xastaliklar xavf solib turibdi.

164 kundan buyon davom etayotgan urushda 31819 nafar falastinlik halok bo‘ldi, 73934 nafari jarohatlandi.

2023 yil oktyabrdan 2024 yil fevralga qadar G‘azo sektorida 12300 dan ziyod bola halok bo‘ldi. Bu oxirgi to‘rt yil ichida butun dunyodagi urushlarda halok bo‘lgan bolalar sonidan (12193 nafar) ham ko‘proqdir.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring