Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bitta savol izidan... Zangiotada elektr uzilishi mumkin emasmi?

Bitta savol izidan... Zangiotada elektr uzilishi mumkin emasmi?

Xabaringiz bor, ijtimoiy tarmoqlarda Zangiota karantin kompleksida elektr energiyasi 2-3 soat davomida uzilib qolgani, natijada 300 ga yaqin og‘ir ahvoldagi bemor vafot etgani to‘g‘risida xabarlar tarqalgandi. Shu munosabat bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi jurnalistlar uchun press-tur tashkil etdi. Unda «Xabar.uz» muxbiri qatnashib, vaziyatni o‘rgandi.

Muxbirimiz Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari, kompleks ekspulatatsiyasini amalga oshirgan shaxslar, kommunal soha mutasaddilari, elektr energiyasiga javobgarlar bilan karantin zonasida bo‘ldi.

Barcha mas’ullar bir ovozdan elektr energiyasida mutlaqo uzilish bo‘lmagani, bo‘lishi ham mumkin emasligini ta’kidlashdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, elektr mutlaqo uzilishi mumkin emas. Birinchidan, 3 ta liniya bor. Agar birinchi liniyada avariya bo‘lsa, 30-40 soniya ichida ikkinchi liniyaga o‘tadi. Agar ikkinchi liniyada ham uzilish bo‘lsa, zaxira liniyasi ishga tushadi. Zaxira liniyasining quvvati boshqa liniyalariga qaraganda kuchliroq. Bundan tashqari, kompleksga boruvchi energiya Zangiota qamoqxonasidan ham o‘tgan.

«Mana, atrofga qarang, birorta ochiq simdan elektr kelmagan, hammasi yer ostidan olib o‘tilgan. Shamol-bo‘ron bo‘lsa ham, qor-yomg‘ir yog‘sa ham, ta’sir qilmaydi», — deya ta’kidlashdi mas’ullar.

Karantin zonasi shifokorlaridan biri muxbirimizga taqdim etgan hujjatida esa og‘ir ahvoldagi, nafas olish aparatiga ulangan bemorlar soni 96 ta ekanligi ko‘rsatilgan.

«Ijtimoiy tarmoqlarda 300 ta odam o‘ldi, degan xabarlarni o‘qidim. O‘ylab ko‘ring, o‘zi 96 ta bemorimiz doimiy nafas olish aparatiga ulangan bo‘lsa, qanday qilib 300 ta odam o‘lishi mumkin. Shunday hodisa yuz berganda bu yerda turmasdik», — dedi shifokor.

Elektr energiyasi uzilishi haqida birorta ham dalil yo‘q. Kamera yozuvlari 3 kun saqlanishi hisobiga ularni olishning iloji bo‘lmadi. «Morg» hujjatlarida ham 300 kishi qabul qilingani haqida ma’lumotlar yo‘q.

Kompleksdagi sanitar xodimlari, bemorlar, shifokorlarning barchasi elektr uzilishini kuzatishmagan.

Jurnalistlar elektr energiyasini test qilib ko‘rsatishlarini iltimos qilishdi. Biroq buning uchun maxsus xat orqali ruxsat olish lozim ekan. Shu bois bu taklif amalga oshmadi. Biroq keyingi safar karantin zonasidagi elektr energiyasini test qilib ko‘rish jarayonida jurnalistlarni chaqirishga va’da berishdi.

Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi «ko‘pgina bemorlarning o‘limiga» sabab bo‘lgan elektr muammosi bo‘yicha izoh bergandi.

Unutmang, aholi orasida yolg‘on axborot tarqatganlik uchun javobgarlik mavjud.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring