Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bir yildan buyon behush yotgan ayol sog‘aymoqda

Bir yildan buyon behush yotgan ayol sog‘aymoqda

Foto: «Turon24»

2018-yilning 6-fevral kuni to‘rtinchi farzandini dunyoga keltirgach, komaga tushib qolgan, 2019-yilning yanvar oyigacha behush yotgan buvaydalik Madinaxon Yo‘ldosheva haqida avval ham xabar berilgan edi.

Internet nashrlarida bu ayol haqida yozilgach, rishtonlik bloger Dima Qayum ijtimoiy tarmoqlarda ayolning tuzalib ketishi, uning oyoqqa turishi uchun yordam kerakligini aytib, videomurojaat qilgan edi. Videomurojaat natijasida ayolning davolanishi uchun saxovatpesha insonlar tomonidan 15 million so‘mdan ortiq mablag‘ yig‘ildi.

— Qizim yaxshilarning duosi va berayotgan yordami bilan o‘ziga kelmoqda, — dedi Madinaning onasi Gulchehra Nazarova. — Qizim haqidagi xabar internetda chiqqanidan so‘ng tuman tibbiyot birlashmasi uni tajribali doktorlar tekshirib, aniq tashxis qo‘yishi uchun Toshkent tibbiyot akademiyasiga bir martalik order to‘g‘rilab berishdi. Buvayda tumanida reanimobil yo‘q ekan, qo‘shni Uchko‘prik tumanidan chaqirtirib, o‘sha mashinada tekshiruvlarga borib keldik. U yerdagi doktorlar «bizga kech murojaat qilibsizlar, organizm asosan miya ishlash faoliyatini endi tiklamaydi» deb javob berishdi.

Uyga qaytganimizdan so‘ng yaxshi odamlar qizimning sog‘ayishi uchun xayriya tashkil etishdi. Og‘ir kasallik bilan kurashib, uni tabib yordamida yenggan bir kishi Andijonda yaxshi tabib borligini, qizimni o‘sha davolay olishini aytdi. Xalqimizda cho‘kayotgan odam xasga yopishadi, chiqmagan jondan umid degan gaplar bor. Zamonaviy tibbiyot ojiz qolganida xalqona tabobatga murojaat qilishga majbur bo‘ldik. Bir oyda yetti marta Andijonga tabibning oldiga boryapmiz. Hozir qizimda o‘zgarish bor. Kulguli gaplarga kulyapti, suyab tursak o‘tiryapti. Tabib xudo xohlasa, yetti oyda tuzalib ketadi dedi, shunga umid qilyapmiz,  — deydi u.

Gulchehra Nazarovaning aytishicha, Buvayda tumani hokimi B.Ibragimov ham xonadonga kelib, Madinaning holidan xabar olgan. Moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatgan. Tuman hokimi bemorni yana bir marta tajribali shifokorlar ko‘rigiga olib borish uchun yordam berishini aytgan.

Sharifa Madrahimova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring