Bir guruh fuqarolar Bosh vazir bilan uchrashishni xohlashmoqda. Ularning muddaosi nima?
Ayni paytda Toshkentning «Mustaqillik maydoni» yaqinida to‘plangan bir guruh fuqarolar Bosh vazir Abdulla Aripov bilan uchrashishni xohlashmoqda. Voqea joyida bo‘lib turgan «Xabar.uz» muxbirlariga ko‘ra, ularning hammasi «HUMAN» xususiy bandlik agentligidan jabr ko‘rgan fuqarolar bo‘lib, firibgarlik bilan o‘zlashtirib yuborilgan mablag‘lari tezroq qaytarilishida hukumat rahbari amaliy ko‘mak berishini so‘rashmoqda.
Voqea joyiga Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov yetib kelgan. Shuningdek, Mehnat va bandlik masalalari vaziri, sud, IIV Tergov departamenti vakili ham shu yerda. Ular fuqarolar bilan tushuntirish ishlari olib borishmoqda.
Biroq oson bo‘layotgani yo‘q. Fuqarolar tezroq puli undirib berilishini xohlashmoqda, mutasaddilar esa (amaldagi tartibga ko‘ra) bu jarayon muayyan vaqt talab qilishini tushuntirolmay halak...
...Ma’lumki, salkam bir oy burun jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi tomonidan «HUMAN» xususiy bandlik agentligi» MChJ rahbari Shoxnur Fayzullayev Jinoyat kodeksining 168-moddasi («Firibgarlik») 3-qismi «b», «v» bandlari, 189-moddasi («Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish») 1-qismi va 243-moddasida («Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish») nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingandi. U agentlikning joylarda vakolatxonalarini tashkil etib, 2019-yil 13-sentyabrga qadar fuqarolarni Germaniya, Chexiya, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Bolgariya va Litva davlatlariga ishga joylashtirishni va’da qilib, ularning har biridan (taklif etilgan ishdan kelib chiqqan holda) 6 300 000 so‘mdan 35 000 000 so‘mgacha pul olib (amalda hech kimni hech qayerga yubormay), juda ko‘p miqdordagi mablag‘ga firibgarlik yo‘li bilan ega chiqqanlikda ayblangan edi.
Alohida qayd etish kerak, jinoyat ishi doirasida 1080 nafardan ortiq fuqaro jabrlanuvchi sifatida e’tirof etilib, sudlanuvchidan ular foydasiga 21 mlrd. 192 ming so‘mdan ziyod miqdorda moddiy zarar undirilishi belgilangan.
Dastlabki tergov jarayonida bir milliarddan ko‘proq pul mablag‘i hamda 5 ta ko‘chmas mulk va 5 ta avtotransport vositasi zararni qoplash chorasi sifatida xatlangan.
Fuqarolarning yozg‘irishicha, xatlagan mablag‘ va mol-mulklar zararning to‘rtdan birini qoplashga yetadi, xolos. Ustiga ustak, hukm hali ijroga qaratilmagan. Ijro harakatlari esa bir kunda amalga oshadigan jarayon emas. Xatlangan mulklar auksionda sotilib, tushgan pullar jabrlanuvchilarga proporsional taqsimlanishi e’tiborga olinsa, fuqarolar yana kutishi, shundayam haqini maydalab-maydalab, boz yillar davomida olishi mumkin. Jabrlanuvchilar esa bunga rozi emas. Ular orasida uyi yoki mashinasini sotib, hatto foizga pul olib to‘laganlar bor... Xullas, o‘tayotgan har kun shundog‘am tang ahvoldagi jabrlanuvchilarning zarariga ishlamoqda. Shu ma’noda ularni tushunish mumkin.
Bundan tashqari fuqarolar faqatgina bir shaxs — «HUMAN» xususiy bandlik agentligi» MChJ rahbari Shoxnur Fayzullayev jinoiy javobgarlikka tortilib, hamma zarar uning «bo‘yni»ga ilib qo‘yilganidan ham norozi. Bitta odam shu-uncha fuqaroni «chuv» tushirib ketishi tasavvurga sig‘maydi-da. Xo‘sh, qani uning jinoiy sheriklari? Shuningdek, bandlik agentligining ayrim viloyatdagi vakolatxonalari xodimlari fuqarolardan «qonuniy to‘lov»dan tashqari 50 AQSh dollaridan 100 AQSh dollarigacha bo‘lgan miqdorda «shapka» olgani ham aytilmoqda. Shunga qaramay ularning javobgarlik masalasi ochiq qolgan. Eng yomoni, barcha aybni bitta shaxsga yuklab qo‘yilgani o‘z-o‘zidan jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararlarni qoplash imkoniyatini keskin pasaytib yuborayotir.
IIV Tergov departamenti vakilining aytishicha, «HUMAN» xususiy bandlik agentligi» MChJga oid jinoyat ishi hali to‘la-to‘kis nihoyasiga yetgani yo‘q. Agentlikning boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’yektlari bilan iqtisodiy aloqalariga oid jinoyat ishi qismi alohida ish yurituviga olinib, tergov ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, Sh.Fayzullayevning ehtimoliy jinoiy sheriklariga oid yana bir« delo» bo‘lib, unga oid tergov harakatlari Bosh prokuraturaning jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi tomonidan amalga oshirilmoqda.
«HUMAN»ga oid «ish»dan ajratib, alohida ish yurituvga olingan har ikkita «delo» xususida esa IIV tergov departamenti yoki Bosh prokuratura hozircha axborot bergani yo‘q.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter